Aholining doimiy daromad manbaiga aylanuvchi manzillar

31.08.2023, 10:51

Aholining doimiy daromad manbaiga aylanuvchi manzillar

Prezident Shavkat Mirziyoyev har safar viloyatlarga borganida joylarda islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihalari bilan atroflicha tanishadi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Samarqand viloyatiga tashrif chog‘ida ham shu an’ana izchil davom etdi.

Tanishuv Samarqand tumanida barpo etilayotgan savdo, sanoat va servis majmuasi qurilish maydonidan boshlandi. Ta’kidlash joizki, halqa yo‘li bo‘yida joylashgan bu maskan yonidan muayyan muddat avval o‘tgan kishining nigohi qarovsiz, unumi past, tashlandiq yerlarga tushardi, xolos. Endi manzara butunlay o‘zgarmoqda. Yangi tashabbuslar samarasiz hisoblangan 37 gektarlik bu maydonni qanchalik o‘zgartira olishi mumkinligini bugungi ishlar yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Bu yerda Samarqand sanoati va iqtisodiyotini yanada rivojlantiruvchi umumiy qiymati 2 trillion 79 milliard so‘mlik 7 ta loyiha amalga oshirilyapti. Ulardan birinchisi – yaqinda ishga tushadigan avtomobillar ehtiyot qismlari bozoridagi savdo do‘konlarida 3 mingta ish o‘rni yaratiladi. Loyiha qiymati 500 milliard so‘mga teng majmua nafaqat ishbilarmonlar, balki hudud aholisi, haydovchilar uchun katta tuhfa bo‘ladi.

Mazkur savdo majmuasidan yarim chaqirim narida Yangi ariq mahallasi joylashgan. 6200 dan ortiq aholi istiqomat qiladigan bu mahallaning ishsiz fuqarolari ham shu yerdan yumush topdi. Qo‘shni hududlardan ham minglab odamlar ish bilan band bo‘lmoqda. Xususan, Chilquduq, Do‘stlik va Bo‘zi mahallalarining fuqarolari ham shu yerga kelib ishlashadi.

Ayni paytda hududda gazoblok, penoplast, ohak va zichlagich ishlab chiqarish korxonalari qurilishi davom etmoqda. Ular shu yil oxirida foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, kelgusi yillarda “Ko‘ksaroy avtomoll” savdo va ko‘ngilochar markazi, oynaga ishlov berish, plastik va alyumin romlar korxonasi qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

Bu shunchaki ishlab chiqarish quvvatlari emas, aksincha, Samarqandning eng olis tumani Nurobodidan Kattaqo‘rg‘onigacha viloyat aholisining daromad manbaiga aylanuvchi manzillardir. Umuman, ushbu loyihalarda o‘n mingga yaqin aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Prezident bu istiqbolli loyihalarning beqiyos ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ularni tezlashtirish, ishlab chiqarishni innovatsion tarzda yo‘lga qo‘yish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha mas’ullarga qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Navro‘z mahallasidagi bu joyni odamlar yaxshi eslaydi. Garchi Samarqand shahar tarkibida bo‘lsa ham, 4-5 yil oldin shu atrofga chiqindilar yashirincha tashlab ketilardi. Chunki egasi yo‘q edi-da.

Ushbu yirik zavodda 2018–2022 yillarda xitoylik hamkorlar bilan qiymati 110 million dollarlik loyihalar amalga oshirildi. Shundan 33 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir. 2018 yil dekabrda bu yerda rux va polimer bilan qoplangan metall listlar tayyorlash boshlangan bo‘lsa, 2021 yildan metall quvurlar va profillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2022 yil fevraldan buyon issiq o‘ramali metall listlar va qurilish uchun profillar ham ishlab chiqarilmoqda.

Bugun bu mahsulotlarning xaridorlari qatorida MDH va Yevropa davlatlari bor. Eksport ko‘rsatkichlari esa tobora yuqorilayapti. Shu tarzda Samarqandda ishlab chiqarilgan metall mahsulotlari birin-ketin dunyo yuzini ko‘rdi. Ayni paytda korxonada 520 nafar ishchi mehnat qilyapti.

Ahamiyatlisi, bu mahsulotlar oldinlari O’zbekistonga to‘lig‘icha chetdan olib kelinardi. Bugungi kunda ana shu import o‘rnini bosadigan, eksportbop sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilyapti.

Davlatimiz rahbari loyihaning to‘rtinchi bosqichi – armatura ishlab chiqarish korxonasining qurilish maydonida ham bo‘ldi. Bu yerda yiliga 390 ming tonna armatura quyish quvvati hamda 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Davlat tadbirkoriga, tadbirkor esa davlatiga ishonsa, muvaffaqiyatlar zanjiri bir-biriga ulanaverishi shu yerdagi muloqotda ham o‘z tasdig‘ini topdi.

Prezident qurilish sanoatidagi barqarorlik uchun bunday tashabbuslar zarur ekanini, mahalliylashtirish va tannarxni tushirish orqali eksportda raqobatbardoshlikni oshirish kerakligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar bo‘yicha o‘tkazgan tanqidiy-tahliliy ruhda kechgan yig‘ilishda qayd etganidek, bugungi kunda hudud sanoatining qariyb yarmi Samarqand shahriga to‘g‘ri keladi. O’tgan yetti oyda viloyatda 600 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Lekin ularning 78 foizi Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om va Samarqand tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. So‘nggi besh yilda elektr iste’moli 1,5 baravar oshgan. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik, suvni tejash yetarli emas.

Shu bois mahallalarda tadbirkorlik va dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlash, uzum va pista yetishtirishni ko‘paytirish, serqatnov yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish sohasida aholini ishli qilish zarurligi ta’kidlandi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 15 ta tumandagi hududi va viloyatdagi 106 ta sanoat zonasini infratuzilma bilan ta’minlash uchun shu yilning o‘zida 170 milliard so‘m ajratilgan. Lekin ularda 620 gektar yer bo‘sh turibdi. Mutasaddilarga infratuzilma muammosini hal etib, ushbu maydonlarga tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi. Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi. Oqdaryo va Pastdarg‘omdagi podstansiyalarni yangilash, yil yakunigacha Kattaqo‘rg‘on tumani va Samarqand shahrida quvvati 250 megavatt bo‘lgan 2 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Shahar va tumanlarning foydalanilmagan imkoniyatlarini, zaxiralarini ishga solish hisobiga aytilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash yo‘llari ham ko‘rsatib berildi.

Maqsad esa hammamiz uchun aniq – xalqni rozi qilish! Markazdan to eng chekka hududlargacha islohotlar natijadorligiga erishish!

Navro‘z RIZAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    140
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+