Vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir

04.09.2023, 11:32

Vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir

Ayni kunlarda jonajon diyorimizning barcha go‘shalarida Istiqlol bayrami shukuhiga to‘yingan ko‘tarinkilik kayfiyati hukmron. Bu hol ayniqsa, bugun rasman boshlangan yangi o‘quv yilida ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Mustaqillik darslariga tashrif buyurgan  rahbarlar, taniqli ijodkorlar bilan bir qatorda, deputatlarimiz va partiyamiz faollari ham mohiyatan – Ozodlik va Hurlik,  mazmunan – Tinchlik va  Bunyodkorlik, Farovonlik  va Yangilanish tushunchalarini qamrab olgan ayyom haqida o‘quvchilarga so‘zlab bermoqdalar.

Mustaqillik darslarida ayniqsa, Prezidentimizning O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yillik tantanalarida so‘zlagan nutqining  mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tilmoqda.

Yaqin-yaqingacha o‘quv yilining boshlanishi maktab pedagogik  jamoatchi va o‘quvchilarning ota-onalari uchun paxta yig‘im terimiga bog‘liq tashvishlarni yetaklab kelardi.

Prezidentimiz o‘z nutqida ta’kidlaganidek, “O’tmishga nazar tashlar ekanmiz, achchiq bir haqiqatni tan olishga majburmiz: “o‘zbek” deganda, faqat ertayu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Afsuski, shu darajaga tushib qolgan edik.

Paxta hukmronligi o‘zbekning peshonasiga yozilgan balo bo‘ldi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, ta’lim tizimini izdan chiqardi. Oqibatda bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetdi. Biz buning asoratlari bilan haligacha kurashyapmiz.

Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha o‘z egasini topdi. Natijada o‘qituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi, tadbirkorlar paxta “o‘lponi”dan ozod bo‘ldi, majburiy va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi. O’zbekiston xalqaro “qora ro‘yxatlar”dan chiqarildi”.

Umuman istiqlol yillarida, ayniqsa, so‘nggi yetti yilda hayotimizga kirib kelgan, turmushimiz va dunyoqarashimizga ta’sir qilgan, voqea va hodisalarga o‘zgacha ko‘z bilan qarashimizga sabab bo‘lgan o‘zgarish va yangilanishlarning asl sababi ham xalqimizning eng katta baxti – o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqining mavjudligidir.

Mustaqillik – ajdodlarimiz  asriy kurashlarining, orzu armonlarining ifodasi bo‘ldishi bilan birga, bugungi zamondoshlarimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun juda katta tarixiy imkoniyat hamdir.

Bayram tantanalaridagi so‘zlagan nutqida Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Biz bugun bilan kechagi kunni emas, bugun bilan ertangi kunni taqqoslashimiz, ishimizni shu asosda tashkil etishimiz kerak. Chunki, kelajak bugun biz tashlayotgan qadamlardan boshlanadi”.

Yangi O’zbekiston ostonasi esa – maktablardan boshlanishi sir emas. Shu sabab, bugun mustaqillik shodiyonalarining yangi o‘quv yili tantanalari bilan uyg‘unlashib ketganida ham o‘ziga xos ma’no bordek.

Ma’lumki, Prezidentimiz rahnamoligida xalqimiz bir yil avval mamlakatimiz taraqqiyotimizning 5 ta asosiy yo‘nalishini belgilab oldi. Eng muhimi, unda ta’lim sohasini rivojlantirish birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bejizga ta’lim, ta’lim, muallim, muallim, deb bot-bot takrorlamaydilar. Chunki ta’limni rivojlantirmasdan turib yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz. Har qanday muammoning yechimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omili ham, shubhasiz, ta’limdir.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami esa anchagina salmoqli. 2022 yili mamlakatimizda 72 ta yangi maktab qurildi, 279 tasi kapital ta’mirdan chiqarildi, 514 ta maktab esa rekonstruksiya qilindi. Bu raqamlarni yana anchagina davom ettirish mumkin.

Jizzax viloyatida ham Investitsiya dasturi doirasida 18 ta maktab, 17 ta maktabgacha ta’lim maskanlari qurilishi moliyalashtrilgan.

Yangi o‘quv yilidan respublikamiz maktablarida xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassislari bolalarimizga dars berishishga kirishishi esa, ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.  

“Yangi hayot uchun, Yangi O’zbekiston uchun!” uchun shiori ostida kutib olingan Mustaqilligimizning 32 yillik sanasi, barchani, ayniqsa, yosh avlodni belgilab olingan  ulkan marralarni egallashga, mamlakatimizni  eng rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishda kamarbasta bo‘lishga undamoqda.

Zero, Prezidentimiz ta’kidlab o‘tganlaridek: Vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir”.

Erkin Xolmatov,

O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat Kengashidagi

O‘zLiDeP  deputatlik guruhi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    102
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+