Mulk huquqi daxlsizligi ta’minlansa tadbirkorlik rivojlanadi

06.09.2023, 09:52

Mulk huquqi daxlsizligi ta’minlansa tadbirkorlik rivojlanadi

Mulk daxlsizligi har kimning o‘z boyliklariga egalik qilish, foydalanish va boshqarish huquqiga ega ekanidir. Bu huquq odamlarga o‘z mulkidan qanday foydalanishni erkin tanlash imkonini beradi va qonun oldida tenglikni yaratadi.

Qolaversa, mulkdor o‘z mulki ishonchli himoya qilinishiga ishonsagina investitsiya kiritadi. Tadbirkor biznesini rivojlantirishga bor vujudi bilan harakat qiladi. Demak, ham mulkdor, ham davlat iqtisodiyoti rivojlanadi.

Yurtimizda so‘nggi yillarda tadbirkorlar huquqlari yanada keng himoya qilinayotgani ham bejiz emas. Soha egalarining huquqiy himoyasi kuchaytirilayotgani, ularga ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berilayotgani ularni ruhlantiribgina qolmay, iqtisodiyotimizning rivoji, xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yaratilayotgan qulay imkoniyatlar tufayli keyingi 6 yilda tadbirkorlik subyektlari soni 6 barobar ko‘payib, bugungi kunda 2 millionga yetdi. Daromadi 1 million dollardan oshgan tadbirkorlar soni 26 ming nafarga, 220 nafar tadbirkorning daromadi esa 100 million dollarga yetdi.

Tan olish kerak, xususiy mulkni himoya qilish sohasidagi amalga oshirilgan islohotlar va ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan xususiy mulk daxlsizligi bilan bog‘liq muammo va nizolar mavjud edi. Xususan, davlat organi mansabdor shaxsning noqonuniy qarori asosida xususiy mulkni “snos” shaklida olib qo‘yishi, mulkdorga yetkazilgan zararni qoplamasligi, asossiz vajlar bilan ko‘chmas mol-mulkni buzish kabilar mulkdorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgandi.

Sud-huquq tizimidagi islohotlar, jumladan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga hayotbaxsh normalarning joriy e’tilishi tufayli mulk huquqi kafolatlari, sudlarda ularning himoyasi va daxlsizligini ta’minlash mustahkamlandi. Jumladan, Konstitutsiyada ilk marotaba yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi nazarda tutildi. Ushbu norma asosiy qonundagi haqiqiy inqilobiy yangiliklardan biri sifatida mulkchilik munosabatlaridagi bo‘shliqni to‘ldirdi.

Shu bilan birga, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi belgilandi.

Bunda uy-joy mulkdorlariga nisbatan 2 turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilandi: sud kafolati va uy-joydan mahrum etilganda kompensatsiya olish kafolati. Sud kafolati uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi. Bunda sud tomonidan mulk huquqini bekor bo‘lishiga sabab bo‘luvchi holatlar amaldagi qonun hujjatlari asosida obyektiv tarzda ko‘rib chiqiladi. Albatta, mazkur tartib mulkdor har qanday holatda asossiz ravishda mulk huquqidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.

Ikkinchi kafolat, ya’ni uy-joydan mahrum etilganda kompensatsiya olish kafolati mulkdor iqtisodiy manfaatlari himoyasiga yo‘naltirilgani bilan e’tiborga molik. Mazkur norma qonunda belgilangan hollarda va tartibda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorni shu uy-joy va yetkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya olishini kafolatlaydi.

Bundan tashqari, sud orqali xususiy mulk himoyasi va daxlsizligini ta’minlash maqsadida xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi, mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini to‘liq joriy etishga to‘sqinlik qiluvchi tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilindi.

Xususan, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqning vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan hujjatlarni, shu jumladan Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan prokuror protesti asosida bekor qilish yo‘li bilan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tugatish amaliyotiga chek qo‘yildi. Ushbu hujjatlar faqat sud tomonidan bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi belgilandi.

Umuman olganda, Konstitutsiyada mulkdorlarning mulk daxlsizligi tamoyillarining mustahkamlangani ularning mol-mulkiga o‘zboshimchalik bilan qonunga xilof ravishda tortib olish va ulardan foydalanish holatlaridan himoya qilinishini ta’minlaydi. Bu mulkdorlarning o‘z mulkiga egalik qilishlari va ulardan foydalanishlari uchun zamin yaratib davlatga bo‘lgan ishonchlarini mustaxkamlaydi.

Zero, mulkni muhofaza qilish tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etishning zarur shartidir. Tadbirkorlar va investorlar o‘z mulklari qonun bilan himoyalanishiga ishonch hosil qilsagina dadil odimlaydi va bu esa mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Adham SHODMONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    259
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+