Tajriba almashish global masala yechimida muhim o‘rin tutadi

08.09.2023, 11:00

Tajriba almashish global masala yechimida muhim o‘rin tutadi

Oziq-ovqat xavfsizligi barcha davlatlar qatori O‘zbekistonning ham mustaqilligi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorligini ta’minlash garovi hisoblanadi. Yurtimizda bu masala hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Bugun oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab oshyapti, aholi soni o‘sishi asnosida jon boshiga iste’mol ko‘paymoqda.

Shu jihatdan, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini yanada samarali va resurs tejaydigan sohaga aylantirish, qishloqda aholi hayot darajasini yaxshilash, xalqimizni arzon va barqaror narxlarda xavfsiz va vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, sohada ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mazkur sa’y-harakatlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi ikki barobarga ortdi.

2023 yilda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida 4 mln. gektar asosiy, bog‘-tok qator oralari, lalmi va takroriy maydonlarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish belgilangan. Ushbu maydonlardan 8,1 mln. tonna boshoqli don, 528 ming tonna sholi, 579 ming tonna dukkakli, 345 ming tonna moyli, 12,2 mln. tonna sabzavot, 2,5 mln. tonna poliz, 4,1 mln. tonna kartoshka, 3,1 mln. tonna meva va 2 mln. tonna uzum yetishtirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, respublikada oziq-ovqat sanoatida 22 mingdan ortiq turli mulkchilik shaklidagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan 2023 yilda jami 75,5 trln. so‘mlik oziq-ovqat sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Ayni chog‘da mamlakatimiz o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barobarida, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali xorijiy davlatlar oziq-ovqat ta’minotiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgani e’tiborga molik. Xususan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida “Ming yillik rivojlanish maqsadlari”ga erishgani uchun maxsus mukofotiga sazovor bo‘lgan dunyodagi 14 ta davlat orasida O‘zbekiston ham bor.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada dunyoning 32 ta davlatidan 620 nafardan ziyod xorijiy mehmon hamda 30 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotdan vakillar qatnashayotgani ham unga jahon miqyosidagi katta qiziqish va e’tibordan dalolat beradi.

Ushbu konferensiya uchun aynan Samarqand shahri tanlangani zamirida ham chuqur ma’no bor. Sababi, qariyb uch ming yillik tarix va madaniyatga ega bo‘lgan bu ko‘hna shahar keyingi yillarda nufuzli xalqaro anjumanlarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi.

Mazkur konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad — mana shunday global muammo bo‘yicha fikr, tajriba almashish, taklif, tashabbuslarni o‘rtaga tashlab, tahlil qilish, foydali yechimlar topishdan iborat.

Boisi, sayyoramizda yuzaga kelgan tashvishli siyosiy vaziyat, iqlim bilan bog‘liq salbiy o‘zgarishlar, suv resurslaridan foydalanishdagi muammolar, yer sho‘rlanishi, qurg‘oqchilik kabi qator omillar tufayli aynan oziq-ovqat xavfsizligi insoniyat, jahon hamjamiyati oldidagi global masala sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari ona zaminimiz hayoti, insonlarning kun kechirishi, turmush sharoiti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ushbu masalalarni doimiy ravishda BMT darajasidagi nufuzli minbarlarda muntazam ravishda ko‘tarib kelmoqda. Shuning barobarida ushbu muammolar yechimi bo‘yicha ko‘plab taklif, tashabbuslar bildirmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi. Ayniqsa, tobora ko‘payib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishildi.

Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2017 — 2022 yillarda 138 ming gektar yangi mevali bog‘lar (shundan 74 ming gektari intensiv) va 135 ming gektar yangi uzumzor barpo etildi. Barcha toifadagi xo‘jaliklarda mevali bog‘lar maydoni 337 ming va uzumzorlar maydoni 181,9 ming gektarga yetkazildi. Shu davrda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 4,9 ming gektar issiqxonalar tashkil etilib, umumiy maydoni 6,3 ming gektarga yetkazildi.

Quvonarli tomoni, amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksi (The Global Food Security Index — GFSI)da 12 pog‘ona yuqoriladi. 2019 — 2022 yillarda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha eng yuqori o‘sishga erishgan 10 ta mamlakat ichida birinchi o‘rinni egalladi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida gapirganda, paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobiga aholiga dehqonchilik qilish uchun 200 ming gektar yer maydonlari ajratilganini ham alohida ta’kidlash joiz. Zero, buning natijasida 700 ming nafar aholi doimiy, 1,3 million nafari esa mavsumiy ish joylariga ega bo‘ldi.

Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda agrar sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro imtiyozli kreditlar ajratilgani, mahsulot yetishtirish, sug‘orish, urug‘ va ko‘chat sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar subsidiya hisobidan qoplab berilayotgani tufayli sohada yuqori natijalarga erishyapmiz.

Umuman aytganda, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar xalqimizning farovon turmush kechirishi, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlashning kafolati bo‘lib xizmat qilayotir. Eng muhimi, bu yangilanish va o‘zgarishlarni odamlar o‘z hayotida sezmoqda. Anjuman doirasida erishiladigan natijalar esa, shubhasiz, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirib, eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    77
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+