Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar

12.09.2023, 10:58

Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar

Shu yilning 18 avgust kuni Prezidentimiz tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilgan edi. Muloqotda tadbirkorlar tomonidan ko‘plab murojaat va takliflar ko‘tarildi, bu borada ustuvor vazifalar belgilab berildi.  

Shu maqsadda davlatimiz rahbari tomonidan “O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan "yo‘l xaritasi"ga ko‘ra kichik biznesga yangi imkoniyatlar yaratish, o‘rta biznesni barqaror iqtisodiy o‘sish garoviga aylantirish, yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan kirish, yuqori daromadli korxonalarni ko‘paytirish, sodda soliq ma’muriyatchiligi va byurokratiyadan xoli qulay muhit yaratish   yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Qarorga muvofiq, “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki negizida Biznesni rivojlantirish banki hamda uning huzurida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” MChJ, hududlarda 14 ta kichik biznesga ko‘maklashish markazlari tashkil etiladi.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida Biznesni rivojlantirish banki tomonidan kichik biznes loyihalari uchun 7 yilgacha muddatlarda kreditlar ajratiladi. Ijobiy kredit va soliq tarixiga ega tadbirkorlarga garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.

Qarorga ko‘ra, sanoat sohalarida “140 ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturi amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, mazkur dasturga kiritilgan tarbirkorlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada yillik 4 foiz, milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatgacha kredit mablag‘lari ajratiladi.

Bundan tashqari, dasturni amalga oshirishni raqamlashtirish uchun elektron platforma ishga tushiriladi.

Yana bir muhim yangilik - kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq to‘lovchining hududiga kirish, soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish, soliq to‘lovchining hujjatlarini talab qilib olish va uni chaqirtirish, soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish taqiqlanmoqda.

2024 yil 1 yanvardan boshlab iqtisodiy sudlar tomonidan soliq organlari ishtirokida ko‘rilayotgan ishlar ma’muriy sudlar yurisdiksiyasiga o‘tkaziladi. Soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga tushiriladi.

Aholi va tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar bo‘yicha foizlar neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.

To‘lov miqdori kredit majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmaganda, mablag‘larni birinchi navbatda mutanosib ravishda muddati o‘tgan asosiy qarz va foiz qarzdorliklarini, ikkinchi navbatda joriy to‘lov uchun hisoblangan foizlar va asosiy qarzni, keyingi navbatlarda neustoyka va ijro xarajatlarini qo‘llashga yo‘naltirish tartibi o‘rnatiladi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarori tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfattlariga to‘liq xizmat qiladi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    144
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+