Tibbiyotni 100 foiz raqamlashtirish bizga nima beradi?

25.09.2023, 16:30

Tibbiyotni 100 foiz raqamlashtirish bizga nima beradi?

Bugungi kunda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish sog‘liqni saqlash tizimini jadal rivojlantirayotgan asosiy omillardan bo‘lib, ko‘plab mamlakatlarda ommalashmoqda. Negaki, uning yordamida aholining vaqti, moddiy resurslari tejaladi. Uyida o‘tirib klinikani, shifokorni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, tibbiy xizmatlardan teng va oson foydalanadi. Onlayn telediagnostika yurtdoshlarimizga uyidan chiqmasdan turib eng ilg‘or mahalliy va xorijiy ekspertlar maslahatini olish imkonini beradi. Natijada bemorlarning vaqti va mablag‘i tejalib, yo‘lkira va boshqa qiyinchiliklardan qutuladi.

Davlatimiz rahbari qarori bilan hayotga tatbiq etilayotgan «O’zbekiston-2030» strategiyasida ham aynan tibbiyot muassasalarini raqamlashtirishni 100 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.

So‘ngi yillarda tibbiyot sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida aynan raqamlashtirish, ya’ni teletibbiyotni joriy qilish bo‘yicha ko‘plab o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Birgina Surxon vohasida ham tibbiyot markazlari zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlangani natijasida yurak jarrohlik operatsiyalari tig‘siz o‘tkaziladigan bo‘ldi. Buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, viloyat markazidagi poliklinikalarda onlayn qabul amaliyoti joriy qilindi. Sekin-astalik bilan ular tuman tibbiyot birlashmalariga ham ko‘chirilmoqda. Birgina Jarqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi bilan viloyat Kardiologiya markazi o‘rtasidagi hamkorlik natijasida yurak qon-tomir kasalligi bilan kelgan bemorlarning EKG nusxalari to‘g‘ridan to‘g‘ri yuborilib, tez fursatlarda og‘ir ahvoldagi bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi, ushbu kasallik bilan bog‘liq o‘lim holatlarini kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

Strategiyada belgilangani kabi tibbiyot tizimini to‘liq raqamlashtirish nafaqat yurtimiz, balki har qanday davlat uchun xos bo‘lgan qator muammolar, ayniqsa, qishloq joylarda sifatli tibbiyotning mavjud emasligi masalasini hal qilish uchun keng maydon va imkoniyat ochadi. Bu borada AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya, Gretsiya, Irlandiya, Ispaniya, Kanada, Fransiya, Shvetsiya, Shveysariya kabi davlatlar ancha ilg‘or. Shuningdek, Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Gruziya, Armaniston, Qozog‘istonda ham teletibbiyot bo‘yicha ko‘plab loyihalar samarali amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, strategiyada aholining o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 73 yoshdan 78 yoshga yetkazilishi ham belgilab qo‘yildi. Buning uchun eng avvalo, sog‘lom turmush tarzini ta’minlash masalasi ko‘ndalang turadi. Shu bois, strategiyaga ko‘ra, tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmi 2 barobarga oshiriladi. Onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘lim 2,5 barobarga  kamaytirish, sil kasalligi bilan kasallanish darajasini 100 ming aholiga nisbatan hozirgi  34 nafardan keskin kamaytirish choralari ko‘riladi.

Me’yoridan ortiq tuz iste’mol qiladigan aholi ulushini 32 foizga, yetarlicha jismoniy faollikka ega bo‘lmagan aholini 22 foizga, ortiqcha vaznga va semizlikka ega katta yoshdagi aholini tegishincha 32 foiz va 23 foizga qadar kamaytiriladi. 5 yoshgacha bolalar orasida bo‘y o‘sishi kechikishi mavjud bo‘lganlar, vazn og‘irligi yetishmasligi mavjudlar va ortiqcha vazni mavjud ulushini esa o‘rtacha 2 barobarga kamaytirishga bel bog‘lanadi.

Bularning barchasi, shu yurtda yashayotgan katayu kichikning sog‘lom bo‘lib yashashi uchun keng imkoniyat yaratadi. Albatta, aholimizning o‘zi ham o‘z salomatligiga befarq bo‘lmasligi, biz ham doim o‘zimiz va yaqinlarimizning sog‘ligi uchun qayg‘urishimiz lozim bo‘ladi.

Gulbahor TANGIROVA,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    392
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+