Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

26.09.2023, 09:51

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Shu sababli mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi, o‘z beznesini boshlashi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Mamlakatimizda bu borada yaxlit tizim yaratilib, yoshlarning biznes tashabbuslari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashilmoqda va shu orqali ularning bandligi ta’minlanyapti.

Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlariga asosan yoshlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun ajratib berilayotgan imtiyozli kreditlarning ahamiyati yuqori. Bu orqali yigit-qizlarimiz ham o‘zini, ham tengqurlarini ish bilan ta’minlamoqda.

2023 yil o‘tgan 9 oy davomida 121 ming 547 nafar yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trln 438 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratib berildi. Tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlarni innovatsion, startap va biznes loyihalarini moliyalashtirish tizimi yaratildi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘quv dasturlari tayyorlanib, bugungi kunga qadar 91 nafar yoshlarning 44,3 mlrd so‘m qiymatdagi istiqbolli loyihalari moliyalashtirildi.

O‘tgan davr mobaynida 95 ming nafar yoshlar doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi. Ularga zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘rgatishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangicha tartibi – “Kelajak kasblari” loyihasi joriy etildi.

Shuningdek, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari orqali 43 ming 554 nafar yoshlar kasb-hunarlarga o‘qitildi. Bu borada yigit-qizlar bandligini ta’minlash borasida ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalarini kasb-hunarga yo‘naltirish, ularga kelajakda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rgatishga qaratilgan “SkillsCamp” loyihasi ham o‘z samarasini berayotir.

Mazkur loyiha doirasida ming nafar IT, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, media, piar, SMM, turizm, brending, xorijiy tillar, biznes, startap, ta’lim, pedagogika, xalqaro huquq va munosabatlar, moliya, iqtisod, arxitektura va landshaft sohalariga qiziqqan yoshlar qamrab olindi.

Shu bilan birga, yoshlarni kasb-hunar o‘rganishga qiziqtirish, ularning bandligini ta’minlash maqsadida 2023 yildan boshlab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ilk marotaba tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik, qandolatchilik va hunarmandchilik yo‘nalishlarida — 4 bosqichda “Kasblar tanlovi” tashkil etilib, unda ishtirok etgan 4 ming 160 nafar yoshlarni rag‘batlantirish uchun jami 9 mlrd. 160 mln. so‘m miqdorida mablag‘lar ajratildi.

Bundan tashqari, joylarda ishsiz yoshlarning daromad manbaini yaratish orqali bandligini ta’minlash maqsadida zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarini dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga berish tizimi joriy etildi.

Birgina joriy yilning 9 oyida bu tizim orqali 79 ming 594 nafar yoshlarga 29 ming 534 gektar yer maydonlari ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga berildi. Shuningdek, norasmiy sektorda band bo‘lgan 501 ming nafar yoshlarni ijtimoiy, sanoat, qishloq xo‘jaligi, axborot kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zini-o‘zi band qilishga erishildi.

Umuman olganda, mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli islohotlardan pirovard maqsad — yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirishi, emin-erkin ishlari uchun zarur sharoitlar yaratish orqali yangi-yangi ish o‘rinlari yaratib, ularning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishdir.

Sardor G‘IYOSOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    149
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+