Endi mahalla boshqaruviga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” bo‘ladi

27.09.2023, 09:57

Endi mahalla boshqaruviga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” bo‘ladi

Mamlakatimizda barcha ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar aholi talabidan kelib chiqib, joylarda amalga oshirilmoqda. Buning uchun mahallalarga ko‘plab vakolatlar, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar berildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat “beshlik tizimi” tashkil etildi.

Lekin ularning o‘zaro muvofiq ishlashida kamchiliklar, juda ko‘p takrorlanishlar bor. Ijtimoiy maqsaddagi mablag‘lar ba’zan samarasiz yo‘naltirilayapti. Ehtiyojmand aholining masalasini hal qilish viloyat va respublika idorasiga bog‘lanib qolgan. Mahalla xodimlari faoliyatini baholash mezoni yo‘q. Ularning ko‘p vaqti “qog‘oz to‘ldirish” va majlislarga ketayapti.

Shu yilning 26 sentabr kuni Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tahlil qilinib, tizimni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilab berildi.

Unga ko‘ra, endi mahalla boshqaruviga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” bo‘ladi.

Ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilinadi. Shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamg‘armalari mablag‘lari har bir mahallaga taqsimlab beriladi.

"Mahalla yettiligi” ishini muvofiqlashtirishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytiriladi. Jumladan, ular hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimni rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha taqdimnoma kiritish vakolatiga ega bo‘ladi.

Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga “mahalla yettiligi”ning vazifalarini aniq belgilash va faoliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Ijtimoiy loyihalarga ilmiy va nodavlat tashkilotlarni ham jalb qilish muhimligi aytildi.

Davlatimiz rahbarining mazkur topshiriqlari ijrosini ta’minlashda biz deputatlar ham faollik ko‘rsatamiz, yangi tashkil qilingan mahalla tizimida aholi, xususan, xotin-qizlar, yoshlar bilan ishlashda mahalla raislari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    218
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+