Jahon savdo tashkiloti: imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

28.09.2023, 14:43

Jahon savdo tashkiloti: imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

Xabaringiz bor, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashib, O’zbekistonning qisqa vaqt ichida ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni atroflicha muhokama qilgan edi. O’z navbatida, JST bosh direktori ham davlatimiz tomonidan bu tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholagani bejiz emas.

Xo‘sh, JSTga a’zolik biz uchun qanday imkoniyat va imtiyozlar beradi? Bu tashkilot safiga intilish nega bir muddat to‘xtab qoldi? Keyingi yetti yilda izchil islohotlar jarayoni tezlashar ekan, bu tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lish Yangi O’zbekiston uchun taraqqiyot bosqichlarida o‘ziga xos zinapoya vazifasini o‘tashi muqarrar ekanligi tobora ayon bo‘lib bormoqda.

Yangi O’zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida iqtisodiyotimiz barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. So‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko‘paydi. Bizning bosh maqsadimiz – 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga oshirish hisoblanadi. Iqtisodiyotimizni liberallashtirish yo‘lidagi yana bir ustuvor vazifa esa tez fursatda Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lishdir.

Ochiq va konstruktiv muloqotlar

Bir jihat borki, mahsulotlarimizni qo‘shimcha qiymatdan himoya qilish va ularning boshqa bozorlarga to‘siqsiz kirishini ta’minlash maqsadida Jahon savdo tashkilotiga O’zbekiston uchun maqbul bo‘lgan sharoitlarda a’zo bo‘lish muhim jarayon hisoblanadi. Shu bois hozirgi kunda O’zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha JST Kotibiyati bilan faol muloqot olib borilyapti.

Jarayonda JST Kotibiyati, BMTTD, YuNKTAD/JST Xalqaro savdo markazi, YuSAID, Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi hamda xorijiy davlatlarning O’zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etayotgani O’zbekiston bu yo‘lda qanday jiddiy qadamlar qo‘yayotganini ko‘rsatadi.

O’tkazilgan muzokaralar jarayoni natijasida bugungi kunda O’zbekiston Yevropa Ittifoqi umumlashtirilgan imtiyozlar tizimining “GSP+” benefitsiar maqomini oldi. Bu o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining mato, kiyim-kechak va plastmassadan tayyorlangan buyumlar kabi 6 200 dan ortiq turdagi mahsulotlarini Yevropa bozorlariga eksport qilish imkoniyatini beradi.

O’zbekistonning “GSP+” dasturiga qo‘shilishi natijasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmi hozirgi 87 mln dollardan 3 mlrd dollargacha oshiriladi, shu jumladan tayyor kiyim va trikotaj mahsulotlarini eksport qilish ko‘rsatkichi 42 mln dollardan 1,2 mlrd dollargacha, meva va sabzavotlar eksporti 20 mln dollardan 900 mln dollargacha, charm va poyabzal eksporti esa 5 mln dollardan 200 mln dollargacha va boshqa tayyor mahsulotlar eksporti 20 mln dollardan 700 mln dollargacha oshadi.

Aytish o‘rinliki, xalqaro savdo tashkilotlari bilan hamkorlik faqat Jahon savdo tashkiloti va Yevropa Ittifoqi bilan chegaralanmaydi. Jahon bojxona tashkiloti, Xalqaro xususiy huquqni birlashtirish instituti, Xalqaro savdo palatasi va boshqalar bilan faol konstruktiv muloqotlar o‘rnatildi.

Bugungi kunda O’zbekiston 47 davlat bilan eng qulay davlat rejimini ta’minlovchi savdo shartnomalarini imzolagan. Shuningdek, 49 davlat bilan ikki tomonlama sarmoyaviy shartnomalar imzolangan. Mamlakatimiz 2020 yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi va Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishga tayyorlanmoqda. O’zbekiston hozirda o‘n bir davlat bilan erkin savdo shartnomasiga ega. 2021 yil 1 noyabr kuni O’zbekiston Buyuk Britaniyaning O’zbekistonda ishlab chiqarilgan 7800 dan ortiq mahsulotga import bojini nolga tenglashtirish imkonini beruvchi Kengaytirilgan umumiy imtiyozlar tizimiga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi.

O’rta va uzoq muddatli rivojlanish maqsadlari

Xabaringiz bor, “O’zbekiston — 2030” strategiyasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish va kelgusi uch yilda tayyor mahsulot eksportini 2 baravar oshirish maqsadi belgilab olingan. Bu jarayonda dunyoning 164 ta davlati bilan savdo tizimini yo‘lga qo‘yish va barqaror bozorlarni yaratish imkonini beruvchi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, hozirgi vaqtda bu tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini samarali yakuniga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlar va a’zo davlatlar bilan bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralar ishlar olib borilmoqda. Bu yo‘lda yiliga kamida 10 ta xorijiy davlat bilan bozorga kirish muzokaralarini yakunlash maqsad qilingan. Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini Jahon savdo tashkilotining qoida, me’yor va bitimlariga moslashtirish harakatlari kechmoqda.

Muloqotlarning hozirgi bosqichini kuzatib, shuni aytish mumkinki, hozirgi jarayon a’zolikka erishish uchun eng faol bosqichga kirganini ko‘rsatyapti. Bu O’zbekistonning mazkur nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha tarixdagi eng uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng juda muhim qadam bo‘ldi. Bilamizki, 1994 yil dekabr oyidan boshlangan hamkorlik aloqalari nihoyasiga yetish arafasida turibdi. Shu o‘rinda buncha uzoq muddatli jarayon nega vujudga keldi, degan savol tug‘iladi. Buni intervensionistik iqtisodiy rivojlanish strategiyasi bilan bog‘lash mumkin. 2016 yildan boshlangan iqtisodiy islohotlar va jonlanish esa tashqi siyosatimizga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.

E’tirof etish kerakki, tashqi savdoda so‘nggi olti yil ichida qat’iy qadamlar qo‘yildi. Xususan, 2019 yilda soliq sohasida faol o‘zgarishlar boshlandi, shu bilan birga biznes yuritish uchun ma’muriy xarajatlar kamayib bordi, bojxona va tarif protseduralarini soddalashtirish yo‘nalishida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar tashqi savdoni amalga oshirish imkoniyatini sezilarli darajada osonlashtirdi. Hukumat va tadbirkorlar tomonidan yangi tashqi bozorlarini birgalikda izlash tizimining yo‘lga qo‘yilishi ham o‘z samarasini berdi. Shunday qilib, 2019–2022 yillarda mamlakatimiz eksporti yiliga o‘rtacha 12 foizdan o‘sib bordi. Eksport qiluvchi korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashqi savdo jarayonini soddalashtirish bo‘yicha bir qator tub o‘zgarishlar amalga oshirildi va 60 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2017–2022 yillarda respublikaning umumiy eksporti 96,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Masalan 2022 yilda respublika eksporti 19,2 mlrd dollarni tashkil etib, bu 2016 yilga nisbatan eksport ko‘rsatkichining deyarli 59 foizga oshganligini ko‘rsatib turibdi.

Mis va mis mahsulotlari eksportining o‘sishi 2,8 baravarga (704 mln dollarga), transport vositalariniki 10 baravarga (416 mln dollarga), maishiy texnikaniki esa 4,6 baravarga (180 mln dollarga), oziq-ovqat mahsulotlari va unning eksporti 21 baravarga (343 mln dollarga) oshdi.

Eksportning o‘sishiga yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sanoat mahsulotlari hajmining 169 foizga oshishi, shuningdek, paxta tolasi eksportining keskin pasayishi va uni qayta ishlash darajasining oshishi hisobiga erishildi. Bundan tashqari, tikuv va trikotaj mahsulotlari eksporti ikki baravarga yoki deyarli 1 mlrd dollarga oshdi.

Albatta, bu ulkan rejani amalga oshirishda oldimizda juda katta vazifalar turibdi. Shulardan biri — resurslar eksportiga qaramlikni diversifikatsiyalangan raqobatbardosh iqtisodiyot bilan almashtirish hisoblanadi. Bu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar natijasida xomashyo eksporti deyarli 30 foizga yoki 1 mlrd dollarga kamaydi.

O’zbekiston jstga a’zo bo‘lsa, faqat yutadi

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish qabul qilingan jahon savdo qonunchiligiga rioya qilish majburiyatini bildiradi va mamlakat tashqi bozorlarda foyda olishini ta’minlashga yordam beradi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va ichki investitsiyalarni yanada jozibador qiladigan yaxshi siyosat va yaxshi boshqaruvga sodiqlikdan dalolat beradi.

Har qanday davlat yoki bojxona hududi JSTga a’zo bo‘lishda mavjud a’zo davlatlar bilan a’zolik shartlarini kelishib olishlari zarur. Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, uzoq tanaffusdan so‘ng O’zbekiston 2019 yilda JSTga qo‘shilish jarayonini qayta boshladi. Joriy yilning mart oyida Jenevada ushbu jarayon bo‘yicha ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Ishchi guruh tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar natijalarini ko‘rib chiqdi. O’zbekiston qonunchiligidagi o‘zgarishlarni baholadi va ushbu qo‘shilish jarayonidagi keyingi qadamlarni tahlil qildi.

Bugungi kunda O’zbekiston uch davlat bilan muzokaralarni deyarli yakunladi va 31 ta davlat bilan faol muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek, Jahon savdo tashkilotining bitimlaridan kelib chiqib, milliy qonunchilikni unga uyg‘unlashtirish, tartib va standartlarni xalqaro talablarga moslashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Xalqaro bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama majburiyatlarni sinxronlashtirish jarayonida milliy iqtisodiyotimizning barqaror va izchil o‘sishini ta’minlaydigan huquq va majburiyatlar mutanosibligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Haqli savol tug‘ilishi tabiiy: JSTga a’zo davlatlar bilan olib boriladigan muzokaralar nima uchun kerak? Jarayonda arizachi va alohida davlatlar o‘rtasida parallel ikki tomonlama muzokaralar juda muhim. Chunki har bir davlat turli xil savdo manfaatlariga ega. Muzokaralar jarayonida tarif stavkalari va bozorga kirishning o‘ziga xos majburiyatlari hamda tovarlar va xizmatlar sohasi muhokama qilinadi.

Muzokaralar vaqt talab etadi. Chunki JST a’zolari O’zbekistondan ma’lum sektorlarga yoki alohida ishlab chiqaruvchilarga yordam berish uchun qo‘llanadigan ko‘p lab choralarni bekor qilishni kutishadi. Shu bilan birga, O’zbekiston o‘zining milliy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydigan JST qoidalari va kodekslaridan ozod qilinishi bo‘yicha muzokaralar olib borish imkoniyatidan foydalanadi. Bu a’zolik isloh qilingan iqtisodiyotga foyda keltirishi inobatga olinsa, muzokaralar jarayonida maqbul yechimlarga erishiladi.

Xalqaro tahlilchilarning e’tiroficha, Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shnilar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish va xalqaro iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash yo‘lida sobitqadam. Bu esa boshlangan katta ishlarning samarali yakunlanishi uchun umid bag‘ishlaydi. Eslang, 2017 yil sentabr oyida valyuta bozori liberallashtirildi. Bu qayta tiklangan JSTga a’zolik arizasining muvaffaqiyatli bo‘lishida muhim qadam.

O’zbekiston barcha masalalarni o‘zaro tushunish va hurmat ruhida muhokama qilish uchun ochiq, konstruktiv muloqot taklif qilib kelayotgani muzokaralarda alohida e’tirof etilyapti. A’zo davlatlar davlatimizning bu tashkilotga a’zo bo‘lishi uchun ustuvor ahamiyat berish va bu jarayonni tezlashtirish bo‘yicha majburiyatini yuqori baholamoqda. Shu bilan birga, ular a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarda aniq muddatlarga emas, balki mazmun-mohiyatga e’tibor qaratishni ma’qullamoqdalar.

Xulosa qilib aytganda, tashqi savdoda tayyor mahsulot eksportini ko‘paytirish orqali mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirish va xalqimiz turmush farovonligini yaxshilashda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Dunyoning boshqa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, bozor munosabatlariga o‘tish jarayonini tezlashtirishga turtki beradi.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi,

iqtisod fanlari doktori, professor

  • Ko'rildi
    171
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+