Besh tashabbus olimpiadasi — yoshlarni birlashtirishda muhim omil

28.09.2023, 16:25

Besh tashabbus olimpiadasi — yoshlarni birlashtirishda muhim omil

Mamlakatimizda keyingi yillarda kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va iste’dodi, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Zero, yoshlar — mamlakatning eng katta boyligi, Vatanimiz tayanchi va xalqimiz suyanchi hisoblanadi. Shu bois, yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yigit-qizlarimiz bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etishga qaratildi.

Yoshlarning e’tiborsiz qolishi juda katta muammo bo‘lib, uning yechimi davlat, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor, qo‘yingki, barchaning birgalikda harakat qilishini talab etadi. Birgina pandemiya davrida maktablarning bir necha oyga yopilgani ta’lim sifati bilan birga yoshlar o‘rtasida sotsiallashuv, ijtimoiy birdamlik darajasi keskin pasayib ketgani, gadjetlarga mukkasidan ketish singari salbiy holatlar bunga yaqqol misol.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar asrida yoshlarning kam harakat bo‘lib qolishi, hamma narsaga xafsalasizlik, dunyoqarashning torayishi, bazaviy bilimlarning (hard skills) bo‘shligi singari muammolar global darajaga chiqmoqda. Shu ma’noda, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalasiga avvalgidek “bitta to‘garak mashg‘uloti bilan o‘tib ketadi” deya qarab bo‘lmaydi.

Xo‘sh, bizda bu borada holat qanday va nima ishlar qilinyapti? Bunga misol sifatida davlatning yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar orasida eng katta shuhrat qozongani mahalla-sektor-tuman-hudud-respublika darajasida o‘tkazilayotgan 5 bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi”ni keltirish mumkin.

Boisi 2023 yilning o‘tgan davrida mazkur tadbirlarda 11,9 million nafar yoshlar ishtirok etdi. Ushbu olimpiadaning 5 ta yo‘nalishda o‘tkazilayotgan respublikamizning eng chekka qishloq va ovullaridagi qobiliyati, iste’dodini yetarlicha namoyon eta olmayotgan yoshlarimiz uchun juda katta imkoniyat eshigini ochib berdi, desak ayni haqiqat.

Misol uchun, uning doirasida “Yoshlar ovozi” respublika tanlovi g‘oliblari Italiyaga 10 kunga xalqaro tajribalarni o‘rganish maqsadida yuborildi. Toshkent shahri, Yashnobod tumanida tug‘ilgan, an’anaviy ijrochilik yo‘nalishi g‘olibasi Sevinch Jovliyeva, Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida tug‘ilgan, an’anaviy ijrochilik yo‘nalishi g‘olibi Xushnudjon Solijonovlar shular jumlasidan.

Mazkur loyiha doirasida erishilgan natijalar haqida gapirganda 2022 yilgi olimpiada doirasidagi sport musobaqalarida respublikada g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlarning yashash mahallalarida jami 623 ta sport maydonchalari qurib berilganini alohida ta’kidlash joiz.

Yana bir muhim masala. “Yosh kitobxon” respublika tanlovining uchta yosh toifasi (10-14, 15-19 va 20-30 yosh)da bo‘lib o‘tib, 2023 yilda yoshlar qamrovi soni 805 ming nafarni, o‘tgan yilga nisbatan 25,7 foizga oshgan. O‘tgan mavsumda 10-14 yosh toifasida Navoiy viloyati Zarafshon shahridan Aziza Ibrohimova, 15-19 yosh toifasida Samarqand viloyati Urgut tumanidan Marhabo Mahkamtosheva va 20-30 yosh toifasida Namangan viloyati Chortoq tumanidan Zamira Abdullayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi “Spark” avtomobillari bilan taqdirlandi.

Aytish joizki, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumi joriy yilning sentyabr-dekabr oylarida o‘tkazish rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar mazkur tadbir doirasida o‘tkaziladigan 14 ta tanlov va musobaqalarda ishtirok etish uchun 5tashabbus.uz sayti orqali jami 7 million nafardan ortiq yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan. Raqamlar olimpiadaning yoshlar hayotiga naqadar keng kirib borganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ushbu mavsumda an’anaviy tanlovlardan tashqari shaxmat, shashka, stol tennisi, yengil atletika, quvnoq startlar, futbol, voleybol sport musobaqalari, QVZ (Quvnoqlar va zukkolar), “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etiladi. Hozirgi kunda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning mahalla, maktab, yo‘nalish va fakultet bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.

Umuman olganda, bularning barchasi oliy maqsad – jamiyatimizda bilimli, sog‘lom, mehnatsevar yoshlar, ishbilarmon tadbirkorlar, mehribon ota-onalar va faol fuqarolar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.

Bahrom RAHMONALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    2001
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+