O’zLiDeP Vetnam delegatsiyasini qabul qildi

16.10.2023, 14:01

O’zLiDeP Vetnam delegatsiyasini qabul qildi

O’zLiDeP partiya faoliyatining yo‘nalishlaridan biri xalq diplomatiyasi tamoyillarini rivojlantirish nuqtai nazaridan  partiyalararo hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Bugungi kunda O’zLiDeP partiyalararo hamkorlik doirasida ham partiyalararo tashkilotlar, ham bevosita horijiy partiyalar bilan izchil ishlarni davom ettirmoqda.

Shu yilning 13 oktabr kuni O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Vetnam Kommunistik partiyasi Xalqaro bo‘lim mudirining birinchi o‘rinbosari Nguyen Txi Xoang Van boshchiligidagi  delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat boshida mehmonlar O’zLiDeP ning dasturiy maqsad va vazifalari, partiyaning bugungi faoliyati, Prezident va parlament saylovlardagi ishtiroki, Yangilangan Konstitutsiya loyihasining mohiyati, jumladan joriy yilda bo‘lib o‘tgan umumxalq referundumi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdilar.

O’z navbatida, Vetnam delegatsiyasi rahbari uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirib, O’zLiDeP vakillarini partiya  faoliyati,  partiya markaziy organlarining qarorlari va ularning hayotdagi ijrosi bilan tanishtirdi. Nguyen Txi Xoang Van ushbu partiya tuzilmasi, uning asosiy  funksional majburiyatlari haqida so‘zlab berdi. U shuningdek, Vetnamning bugungi  ijtimoiy-iqtisodiy holati, iqtisodiyotning turli sohalarida olib borilayotgan islohotlar hamda ushbu mamlakatning Ming yillik maqsadlarga erishish yo‘lida rivojlanishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Nguyen Txi Xoang Van Vetnam O’zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini diqqat bilan kuzatayotanini alohida ta’kidladi. Shu bois delegatsiya rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida iqtisodiyot sohasida erishilayotgan yutuqlar, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik  ta’minlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuv doirasida partiya qurilishida tajriba almashish, davlatlararo munosabatlarga oid dolzarb masalalar bo‘yicha partiyalararo anjumanlar formatida qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish kabi o‘zaro hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.

Partiyalarning o‘zaro hamkorligi doirasida Nguyen Txi Xoang Van O’zLiDeP faollari va tarafdorlarini  partiyaning bo‘lajak yubileyi bilan tabrikladi.

Tadbir yakunida har ikki tomon ham O’zbekiston va Vetnam o‘rtasidagi muloqotni kengaytirishda bu kabi uchrashuvlarning foydali ekanini qayd etishdi.

 O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    77
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+