Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi

01.02.2024, 11:50

Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi

Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasida Xalq deputatlari tuman kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining eshituvi tashkil qilindi. Unda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Muhtasarxon Ergasheva tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda “Davlat tibbiyot tashkilotlari hamda respublika aholisini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi yuzasidan hisobot berdi.

Hisobotda ta’kidlanishcha, bugungi kunda Baliqchi tumanida 211 314 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ayni vaqtda 1 ta markaziy shifoxona, 1 ta ko‘ptarmoqli markaziy poliklinika, 6 ta oilaviy poliklinika, 10 ta oilaviy shifokor punktlari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Birlashmada 247 nafar shifokor, 1701 nafar o‘rta tibbiy xodim va 410 nafar kichik tibbiy xodim faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, tuman aholisi to‘liq xatlovi amalga oshirildi. Unga ko‘ra, aholi 1-tayanch guruh, 2-past xavf guruhi, 3-o‘rta xavf guruhi, 4-yuqori xavf guruhlariga ajratilib, ambulator, tumanda statsionar, viloyatda statsionar va respublika tibbiyot muassasalarida davolanishlari rejalashtirilmoqda. 2022 yilda 390 nafar, 2023 yilda 147 nafar, joriy yilning shu kuniga qadar 6 nafar fuqaro tibbiyot birlashmasiga tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan bo‘lib, 2022 yilga nisbatan murojaatlar soni 3,9 foizga kamaygan. Ruyxatdan o‘tkazilgan 147 ta murojaatning barchasi ijobiy hal etildi.

O’tgan yilda 40 va undan katta yoshdagi aholidan 4895 nafari skrining tekshiruvidan o‘tkazildi, tekshiruv natijalariga asosan, 74 nafarida yurak-qon tomir, 17 nafarida qandli diabet kasalligi aniqlanib, ambulator va statsionar sharoitda davolanish uchun yo‘naltirildi.

Tumanda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli dori-darmonlar bilan ta’minlash, ona va bola o‘limi, shuningdek, boshqa noxush holatlarni oldini olish bo‘yicha muhim profilaktik ishlar amalga oshirilmoqda.

Eshituvda deputatlar tomonidan dolzarb masalalar yuzasidan savol-javoblar bo‘ldi. Deputatlik guruhi a’zolari Baliqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining hisobotini ma’lumot uchun qabul qilib, sohada hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar yuzasidan Xalq deputatlari  Baliqchi tuman kengashining  navbatdagi sessiyasiga  takliflar   kiritish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    105
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+