Yer maydonlari faqat ochiq auksionlar orqali sotilishi tarafdorimiz

13.02.2024, 18:06

Yer maydonlari faqat ochiq auksionlar orqali sotilishi tarafdorimiz

 

Kuni kecha, Toshkent shahri Yangixayot tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan “Minerva city” majmuasi uchun avval ajratilgan 100 gektar yer maydoni sud qaroriga ko‘ra davlatga qaytarilganligi va uning negizida xitoylik investor ishtirokida 35−40 ming fuqaro yashaydigan majmua qurilishi haqida tuman hokimligida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Bu esa, keng jamoatchilik, tadbirkorlar va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab bo‘ldi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yaratilgan qulay investisiyaviy muhit natijasida ko‘plab xorijiy investorlar tomonidan yirik loyihalar amalga oshirildi hamda yirik miqdordagi investisiyalar o‘zlashtirildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti natijasida yuqori salohiyatga ega bo‘lgan mahalliy investorlar sinfi shakllandi. Ular tomonidan ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Yaratilgan yangi tizim asosida yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolari orqali ochiq va shaffof sotish bo‘yicha huquqiy mexanizmlar ishga tushirildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ushbu 100 gektar yer maydonini:

– to‘g‘ridan-to‘g‘ri auksion savdolarisiz faqat bitta xorijiy investorga ajratish amaliyotidan voz kechish;

– aniq loyihalarini ishlab chiqib, mazkur yer maydonini unda uy-joy komplekslari, maktab, bog‘cha va boshqa ijtimoiy ob’yektlarni qurish uchun alohida lotlarga ajratgan holda elektron onlayn auksion savdolarida realizatsiya qilish;

– ochiq va shaffof tizim orqali mahalliy va xorijiy investorlarning teng imkoniyatlarda ishtirok etishini ta’minlash maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

O'zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    55
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+