Tili va dili bir deputat

15.02.2024, 17:39

Tili va dili bir deputat

Yurtimizda o‘zining rahbarlik mahorati, jonkuyarligi  va tashabbuskorligi bilan el orasida hurmat-e’tibor qozonib kelayotgan insonlar, xayriyatki, kam emas. Albatta, yetakchilik qobiliyati hammada ham bo‘lavermaydi. Lekin intilgan, izlangan odam hech qachon kam bo‘lmaydi ham. Shu ma’noda bugun biz sizga tanishtirmoqqa chog‘lanayotgan zamondoshimiz –  Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyat filiali direktori, O’zLiDeP faoli,  Xalq deputatlari Guliston shahar  kengashi deputati  Sanjar Xudoyberdiyev haqiqiy ma’noda XXI asr  vakili deyishga haqlimiz.

Endigina qirchillama yoshdan o‘tgan qahramonimiz asli Sirdaryo viloyatining  Xovos tumanida  shifokorlar oilasida tavallud topgan. Bilmadik, balki bir umr xalq salomatligi yo‘lida halol xizmat qilgan  ota-onasiga bolagidayoq astoydil havas qilgani uchunmi yo bu soha vakillariga bo‘lgan hurmat-e’tibori kattaligi boismi, xullas, tibbiyot yo‘lini tanlab adashmagan ekan. U Toshkent tibbiyot akademiyasini tamomlagach, ikki yil Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida jarrohlik bo‘yicha klinik-ordinaturada o‘z malakasini oshirdi. Bir so‘z bilan aytganda, tibbiyot sir-as rorlarini puxta egallash uchun tinmay o‘qidi, izlandi. Ustozlari etagidan mahkam tutgan shogirdga ishonch mustahkam edi. Asosiysi, u o‘z ustida qattiq ishladi, erinmadi, bilmaganini so‘radi.

Yosh mutaxassis   bir muddat Jizzax   viloyatining  Yangiobod tuman tibbiyot birlashmasida shifokor-jarroh sifatida elga xizmat qildi.  2011 yilda padari buzrukvorining ustozi, aynan Sirdaryoda, kimsan, eldoshlari orasida dovruq qozongan, obro‘li shifokorlaridan biri sifatida tanilgan Tojiqul Bo‘ronov(oxiratlari obod bo‘lsin)ning tavsiyasi bilan Sirdaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi  maslahat poliklinikasiga shifokor-jarroh vazifasiga  ishga keldi. Mashaqqatli sinovlarni mardona yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Lekin biror marta hech kimga nolimadi, aksincha, shunday savobtalab kasbni egallagani uchun ich-ichidan suyundi.

Har qanday insonning umr daftarini uning el-ulusga qilgan halol mehnati, boy tajribasi bezab turadi, deganlari rost ekan. Sanjar Xudoyberdiyev katta maktab ko‘rgan ustozlari izidan bordi. Va nihoyat dastlab u  ushbu  markazda bo‘lim mudiri, keyin esa  davolash  ishlari bo‘yicha  bosh shifokor o‘rinbosari, uch yilcha Sog‘liqni  saqlash  vazirligi huzuridagi  Nazorat inspeksiyasining  Sirdaryo  viloyati  bo‘yicha rahbari vazifasida faoliyat  yuritdi. U bu mas’uliyatli sohaning qaysi bir jabhasida ishlamasin, eng avvalo, o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati, talabchanligi, ishchanligi va tajriba-yu mahorati bilan ko‘pchilikning  e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

2018 yilning noyabr oyidan buyon  200 o‘ringa mo‘ljallangan, 1 356 nafar tibbiyot xodimlari xizmat qilayotgan  Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyat filiali rahbari sifatida ishlayotgan zamondoshimiz nafaqat o‘z sohasi bo‘yicha, balki jamiyat taraqqiyoti yo‘lida ham boshqalarga ibrat namunasini ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan sun’iy nafas berish apparati, spap, kislorod konsentratori, ultratovush, mobil rentgen, statsionar rentgen apparatlari va boshqa zamonaviy tibbiy asbob uskunalar mujassam bo‘lgan ushbu tibbiyot muassasasida o‘tgan yilning o‘zida  14 369 nafar bemor o‘z salomatligi tiklagani markaz jamoasi olib borayotgan xayrli ishlardan ayrim parchalar xolos.

Ochig‘ini aytganda, Sanjar Xudoyberdiyevga o‘zi haqida partiyamiz nashrida maqola chop etishimizni sezdirmagandik. Gap orasida sohadagi o‘zgarishlar, uchrayotgan ayrim muammolarga yechim topish va saylovchilar bilan uchrashuvlari haqida matbuot sahifalarida ham yoritishga oid taklif chiqqanida “Iltimos, imkoni bo‘lsa ko‘pam maqtamanglar, el sog‘ligi yo‘lida qo‘limizdan kelgunicha xizmat qil yapmiz, “Bizlar ishlayapmiz, bu mehnat xolos” deb yozganmidi Erkin Vohidov bir zamonlar. Xuddi ana shu satrlar bizning sohamiz vakillariga berilgan bahoga ham juda mosda” deb qo‘ydi u...

Ana endi qahramonimizga yuksak ishonch bildirib, 2019 yilda 25-Obod yurt saylov okrugidan  O’zLiDePdan Xalq deputatlari  Guliston shahar  kengashi deputatligiga saylagan saylovchilarning dil so‘zlariga ham quloq tutaylik.

Guliston shahridagi “Obod yurt” mahallasi raisi Rustam Bozorboyevning izoh berishicha, Sanjar Xudoyberdiyev vaqt topdi deguncha shifokor yo markaz rahbari sifatida emas, balki deputatlik maqomidan kelib chiqqan holda, birinchi navbatda mahallamizda yashovchi ehtiyojmand, kam ta’minlangan odamlarning oilaviy hol-ahvoli haqida so‘rab surishtiradi. Imkoni boricha tibbiy yordamga muhtoj, ishsiz va nogironligi bor saylovchilarga alohida e’tibor qaratishga harakat qiladi. 

– Sanjar Xudoyberdiyev  shahar kengashiga deputat  etib saylanganidan beri mahallamizda, lof emasu, lekin  biror bir murojaat bee’tibor qolgani yo‘q, – deydi  hokim yordamchisi Sarvar Hayitmamatov. – Deputatimiz o‘tgan yili to‘rt marta sayyor qabul o‘tkazib, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlari ro‘yxatida qayd etilgan  292 nafar fuqaroning ishga joylashtirilishiga ko‘maklashdi. O’z o‘zini band qilmoqchi bo‘lgan 55 nafar  mahalladoshimizga 1 milliard 312 million so‘mlik kredit olishlari uchun,   10 nafar kishiga  subsidiya asosida o‘zlari  tanlagan kasb-hunar bo‘yicha faoliyat yuritishlari uchun zarur bo‘ladigan  asbob-uskunalar bilan ta’minlanishiga yordam berdi.

– Deputatimiz ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabullarining birida mahallamizdagi ko‘p qavatli 17-uyning  tom qismini shifer bilan yopish va “Bunyodkor” ko‘chasining hududimizga qarashli qismini asfaltlashtirish masalasi amaliy yordam berishlarini so‘rab murojaat qilgan edik, – deydi mahalla faoli Anvar Ismoilov. – Ana shu ikkita murojaatimiz ham yerda qolmadi, o‘tgan yilda o‘z yechimini topdi. Yoki qachon fursat topsa saylovchilar huzuriga shoshilayotgan vakilimiz katta-katta bayramlar arafasida shu  hududda yashovchi 35 nafar mehr va e’tiborga muhtoj insonlarga xayriya yordamini ko‘rsatib, qancha duo-yu rahmatlar eshitdi.

Bundan tashqari, u kishining tashabbusi bilan hududimizda bir necha bor tibbiy ko‘riklar uyushtirilib,  12 nafar bemorning shifoxonada bepul davolanishiga va ko‘plab ehtiyojmand odamlarga bepul tarzda dori-darmonlar tarqatildi. Bunday samimiy dil izhorlarini boshqalardan ham eshitib boshimiz osmonga yetdi.  Negaki, yurtimizda davlatimiz rahbari doimo ta’kidlab kelayotgan odamlarni rozi qilishdek savobli ishlardan hech birimiz chetda turmasligimiz lozimligi haqidagi xalqona da’vat mazmun-mohiyatini teran anglagan Sanjar Xudoyberdiyev kabi fidoyi deputatlar, rahbarlar, bir so‘z bilan aytganda, tili va dili bir insonlar safi tobora kengayaverishini Yaratgandan tilab qolamiz.

Boburmirzo ABDURAHMONOV,

O’zLiDeP Sirdaryo viloyat  kengashi matbuot kotibi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    56
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+