O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda faollik ko‘rsatadi

24.02.2024, 12:14

O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda faollik ko‘rsatadi

Davlatimiz rahbari “O’zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Aytish kerakki, mazkur farmonda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratishdek muhim maqsadlar ilgari surilgan.

 Ayniqsa, yoshlarning salohiyati, iste’dodi va tashabbuslarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar alohida qayd etilgan. Ushbu farmonda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar tilga olindiki, bu Yangi O’zbekitondagi yoshlarimizning dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishga asos bo‘ladi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Xususan, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 2024 yil 1 martdan boshlab mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamg‘armasi 600 million so‘m miqdorida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) bo‘yicha tanlovlar, kibersport musobaqalari va “Zakovat” intellektual o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etiladi.

Yana bir quvonarli xabar shundaki, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilishi belgilandi. Shuningdek, 2024 yil 1 iyundan boshlab “Yosh tadbirkor” tanlovlari o‘tkazilib, har bir loyiha g‘oliblariga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi, xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Farmonda barcha o‘zgarishlarning negizi hisoblangan ta’lim-tarbiya tizimida ham yangicha tub islohotlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada qancha mablag‘ talab etilsa, ajratilishiga shubha yo‘q. O’rni kelganda shuni aytish kerakki, bugungi kunga kelib mamlakatimizda ta’lim, shu jumladan, ijtimoiy soha uchun xarajatlar miqdori davlat budjeti xarajatlari umumiy qiymatining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etmoqda. Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni ko‘tara olmaydi. Ammo qanchalik og‘ir bo‘lmasin, buning uchun zarur mablag‘ va resurslar yurtimizda izlab topilmoqda. Prezidentimiz mazkur xarajatlarni xarajat emas, balki kelajak uchun qo‘yilgan eng samarali sarmoya deb hisoblab, ta’lim darajasi va sifati har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini ta’kidlamoqda.

Farmonning yana bir e’tiborga molik jihati, 2024 yil 1 mayga qadar adashgan yoshlarni jamiyatga integratsiya qilish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoshlarni probatsiya hisobidan chiqarish amaliyoti joriy etiladi. Ularni profilaktik hisobga olish asoslari keskin qisqartiriladi.  

Partiya “Yoshlar qanoti” Davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalarni ijrosini ta’minlashda faollik ko‘rsatadi. Bunda “Parlamentda yoshlarning o‘rni”, Yosh olimlar ligasi”, “Tadbikorlar klubi”, “Intelekt”, “Siyosiy munozara” kabi partiyaviy loyihalar orqali amalga oshirish maqsadlar ko‘zda tutilgan.

Ushbu loyihalar orqali yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik va biznesni yanada rivojlantirish, ularning manfaatlarini himoya qilish, intellektual salohiyatini to‘liq namoyon etish, jamiyatda munosib o‘rin egallashlari uchun shart-sharoitlar yaratishga alohida etibor qaratiladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni ko‘zlagan holda, bosqichma bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda. Davlat dasturida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalar yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan, intiluvchan, serg‘ayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash borasida boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda dasturilamal bo‘ladi. Bu esa O’zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishining kafolatidir.

Bobur HALIMOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

Yoshlar bilan ishlash bo‘limi bosh konsultanti

 

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    55
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+