MTT muammolariga yechim izlandi

07.03.2024, 10:30

MTT muammolariga yechim izlandi

Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati I.Shodiyevning tashabbusi bilan O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari, Maktabgacha va maktab ta’limi, Sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Inson ijtimoiy xizmatlar markazi mas’ullari hamda ota-onalardan iborat ishchi guruhi tuzilib, Navoiy shahar hokimi hamrohligida hududdagi 16-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotining muammolari o‘rganildi.

O’rganishlar davomida sig‘imi 90 nafar bo‘lgan mazkur muassasada bugungi kunda 110 nafardan ortiq imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchi tarbiyalanayotganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ishchi guruh tomonidan tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan muloqot tashkil etilib, ularning murojaatlari tinglandi. 

Jumladan, tarbiyalanuvchilarning bog‘cha hududida bo‘lish vaqtini 10,5 soatlikdan 12 soatlik ish vaqtiga o‘tkazish, ularni o‘z bag‘ridan uzoqdagi maktab- internatlarga yuborish istagi yo‘qligini inobatga olib, maktabgacha ta’lim tashkiloti hududida qo‘shimcha bino qurish, alohida ta’limga ehtiyoji mavjud bo‘lgan bolalar uchun o‘quv sinflarini ochish va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar tashkil etish, tarbiyalanuvchilarning chaynash, yutish refleksi ichki organlar tizimi zaif rivojlanganligi sababli ovqat hazm qilishda qiyinchiliklar tug‘dirishini hisobga olib, qattiq turdagi ovqatlarni taomnomadan chiqarish hamda individul taomnoma joriy etish masalalari muhokama etildi. 

Mavjud muammolar Navoiy shahar hokimi D.Ergashevning nazoratiga olinib, shahar hududida jismoniy va psixik imkoniyati cheklangan, maxsus sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishga muhtoj bolalarning mavjud kontingentini birgalikda o‘rganib chiqqan holda ular uchun har tomonlama mos bo‘lgan qulay shart-sharoitlar yaratish xususida kelishib olindi.

  • Ko'rildi
    48
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+