Deputatlar ishtirokida aholi muammolari o‘rganildi

02.04.2024, 16:44

Deputatlar ishtirokida aholi muammolari o‘rganildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati G’ayrat Abdiyev bir guruh deputatlaridan iborat Ishchi guruh a’zolari bilan Samarqand viloyatida bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’yektlari, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ishchi guruh a’zolarining dastlabki manzili Samarqand shahridagi Qorasuv massivi bo‘ldi. Deputatlar bu yerda uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish va transport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rgandilar.

Bugungi kunda shahar jamoat transporti yo‘nalishlarida 210 ta oraliq bekatlari mavjud. Shu hisobdan shaharda 43 ta yangi zamonaviy Led ekranli oraliq bekatlar qurildi. Master rejasi hamda tasdiqlangan Manzilli dasturga asosan 119 ta yangi oraliq bekatlarini qurish, 158 tasini rekonstruksiya qilish belgilangan.

Quyi palata deputatlari uchrashuvlari davomida mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahar jamoat transporti yo‘nalishlaridagi oraliq bekatlar yetishmaydi. Mavjudlarining aksariyat qismi esa talabga javob bermaydi.

Ishchi guruh a’zolari ushbu masalalarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga bir qator taklif va tavsiyalar berishdi. Xususan, Samarqand shahrining yangi yo‘nalishlar tarmog‘i bo‘yicha oraliq bekatlarni namunaviy loyihasini yo‘lovchilar, jumladan, aholining imkoniyati cheklangan guruhlari uchun qulay sharoitlar yaratilishini inobatga olgan holda ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi.

Mazkur uchrashuvlar davomida Ishchi guruh a’zolari mahalliy kengash deputatlari hamda Samarqand shahar hokimligi mutasaddilari bilan birgalikda bir qator tadbirkorlik sub’ektlari, ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati bilan ham tanishdilar.

Deputatlar aholining muammolarini tingladi va ular ko‘targan masalalarning yechimi bilan qiziqdi. Shuningdek, aholi orasida bo‘lgan mas’ullar xalqqa xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilot rahbarlari bilan suhbat o‘tkazdi.

O’rganishlar davomida aniqlangan ko‘plab muammo va kamchiliklar tegishli tashkilot va idoralar vakillari ishtirokida hal etildi. Yechimi uzoq vaqt talab etadigan masalalar deputatlik nazoratiga olindi.

  • Ko'rildi
    32
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+