Aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda   

16.04.2024, 18:28

Aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda    

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish vazifasi belgilangan. Iqtisodchilar bu marraga yetish formulasi sifatida, jumladan, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, shu orqali eksportni, valyuta va  soliq tushumlarini ko‘paytirishni taklifini ham ilgari surishyapti. Aynan kichik tadbirkorlik ko‘lamini kengaytirish vositasida iqtisodiyotni yana-da taraqqiy ettirish mumkinligini bildirishyapti.

Maʼlumki, tadbirkorlik — muayyan tashabbus asosida, masʼuliyat bilan amalga oshiriluvchi mustaqil iqtisodiy faoliyat Xususan, faoliyat ko‘lami bo‘yicha  ixcham bo‘lgan kichik tadbirkorlik,  uning bir qismi hisoblangan oilaviy biznes iqtisodiyotdagi o‘zgarishlarga tezlik bilan moslasha olishi, isteʼmolchining qiziqishlarini eʼtiborga olishi, ichki imkoniyatlardan to‘liq foydalanishi, raqobat muhitini kuchaytirgan holda iqtisodiyotga dinamika bag‘ishlashi kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi.

 Oilaviy  tadbirkorlikning yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi imkoniyat va salohiyati uning harakatchanligi, yo‘nalishni tez o‘zgartira olishi kabi xususiyatlarida namoyon bo‘ladi. Ana shu va boshqa talay afzalliklari tufayli mamlakatimizda tadbirkorlikning mazkur shaklini rivojlantirishga urg‘u berilayotir.

Shu oyda – 2 aprelda davlatimiz rahbari “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.  Ushbu hujjat O‘zLiDePning tegishli  dasturiy maqsadlariga uyg‘unligi bilan ham, ayniqsa, eʼtiborga molik. Zero, mazkur qaror yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, muntazam daromad manbaiga ega bo‘lishlariga sharoit yaratish, biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlarning uzviy davomi bo‘ldi.

Qarorda Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilsa, resurs mablag‘lari va kredit bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda kamaytirilishi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qolishi ham belgilab qo‘yilyapti.

Oilaviy tadbirkorlik yoxud daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish yoki faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga hamda tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlar 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan 4 yilgacha muddatga beriladi.

Chorvachilik baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun esa kreditlar 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yildan 4 yilgacha bo‘lgan  muddatga beriladi.

Endilikda o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar (asosiy ish joyiga ega shaxslar bundan mustasno) parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilikni boshlash hamda ixcham issiqxonada poliz mahsulotlari yetishtirish uchun uchun 33 million so‘mgacha kredit olishlari mumkin.  Shuningdek, qarorda oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni istagan, yer maydoni 10 sotixdan ortiq bo‘lgan tomorqa yer egalariga va ijarachilarga 50 mln. so‘mgacha, 10 sotixli ixcham issiqxonalarni barpo etish va baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun esa 100 mln. so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratilishi belgilab qo‘yilgan.

   Shuni ham aytish joizki, mahallaga biriktirilgan bank va hokim yordamchisi mahalladagi kreditlar hisobiga amalga oshirilayotgan oilaviy tadbirkorlik loyihalarining natijadorligi uchun teng manfaatdor va javobgar bo‘ladi.   

 Mazkur qaror imzolangunga qadar amalda bo‘lgan meʼyoriy hujjatlarda kredit olishda naqdlashtirish imkoniyati cheklangandi. Bu boradagi to‘siqlar ham olib tashlanadi.  Ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yil muddatga beriladigan kreditlarni joriy qaror kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch yillik imtiyozli davr bilan yetti yil muddatga olishlari mumkin bo‘ladi.

 Darvoqe, Prezidentimizning 2018 yil 7 iyundagi “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi, 2021 yil 20 dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari tilga olingan qaror asosida tahrir qilinadi. 

Xullas, ushbu qaror oilaviy tadbirkorlik salohiyatini oshirish, uning rivojiga xizmat qiladi.  Bu ijobiy o‘zgarishlar esa, o‘z navbatida, isteʼmol bozorini tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishda muhim omildir. 

 Mohinur Bahramova,

yuridik fanlari doktori,

O‘zLiDeP Chilonzor tuman kengashi aʼzosi

  • Ko'rildi
    36
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+