Parkentda turizm va yengil sanoat sohasida faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlarning muammolari o‘rganildi

24.04.2024, 17:05

Parkentda turizm va yengil sanoat sohasida faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlarning muammolari o‘rganildi

Aholining turli qatlamlari o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, dolzarb muammolarni aniqlash, murojaatlar qonuniy va sifatli ko‘rib chiqilishini taʼminlash – Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzolari faoliyati mezoniga aylangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Abduvaliyevning Olmaliq shahri va Parkent tumanidagi yirik tadbirkorlik subyektlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarida ham aholi bandligini taʼminlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturi ijrosi va boshqa masalalar bo‘yicha ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi.

Olmaliq shahridagi “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tibbiy sanitariya qismida bo‘lgan deputat bu yerda ishchi-xodimlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, moddiy-texnik bazasi, sig‘imi, shifokorlar va tibbiy xodimlarning sifat tarkibi singari masalalarni obdon o‘rgandi.

Tibbiy sanitariya qismi bosh shifokori Abdujabbor To‘xtaboyev bilan kechgan suhbatda uning xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun davlat granti mablag‘lari ajratishni yana-da rivojlantirish va takomillashtirish, soha mutaxassislarini yetishtirishda kadrlar siyosatini isloh qilish, qishloq joylarda tibbiyot mutaxassislarini ishlashiga munosib sharoit yaratish hamda imtiyozlar berish, hududlarning kasallik strukturasini o‘rgangan holda davlat xususiy sherikchiligi asosida zamonaviy laboratoriyalarga ega bo‘lgan tibbiy klinikalarni tashkil etish, tibbiyotni rivojlantirishda jahon standartlari asosida laboratoriya klasterlarini tashkil etish, hududlardagi tibbiyot birlashmalari bazasini integratsiyalash, xususiy klinikalarni tashkil etishda shifokor menejerlarni o‘qitish borasidagi takliflari tinglandi.

Deputat Parkent tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, fuqarolarning turmush sharoitlari, hududning turizm salohiyatini yana-da oshirishda g‘ov bo‘lib turgan to‘siq va muammolarni o‘rganish maqsadida “Qizilsoy” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan ham uchrashdi. Mahallada olib borilgan o‘rganishlar natijasida mazkur hududdan oqib o‘tuvchi daryo ustida ko‘prik qurish zarurati bor ekani ko‘zga tashlandi. Mahalliy aholi vakillari avtotransport vositalari va yuk mashinalari o‘tkazishga mo‘ljallangan ko‘prik qurib berilishida deputatdan amaliy yordam so‘rab murojaat qilishdi. Deputat shu yerning o‘zida tegishli mutasaddi idoralarga bog‘langan holda ko‘prikning barpo etilishi borasidagi amaliy saʼy-harakatlarni boshlab yubordi. Masalaning ijobiy yechim topishiga vaʼda berdi.

Suvi zilol, havosi musaffo so‘lim Parkentning turizm salohiyatini yana-da oshirish lozimligiga ham eʼtibor qaratgan deputat o‘z tarkibida toza ichimlik suvini qadoqlash va sanitar-gigiyenik qog‘oz ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kichik korxona hamda zamonaviy sihatgohni qamrab olgan “Zarkent gavhari” MCHJda bo‘ldi.

Hududda sanoatni yana-da rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham deputat nazaridan chetda qolmadi. Yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik xususiy korxonalardan bo‘lgan “Shabnam Elegant” MCHJga tashrif chog‘ida ishchi-xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitlari, oylik maoshlarining o‘z vaqtida to‘lanishi, xodimlar va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat munosabatlari masalalarini ham o‘rgandi. Olis hududdagi aholining ish bilan bandligini taʼminlab kelayotgan korxona faoliyatini ommalashtirish zarurligiga ham eʼtibor qaratdi.

Muxtasar qilib aytganda, deputatning Olmaliq shahri va Parkent tumanlarida tashkillashtirgan uchrashuvlari aholini o‘ylantirib kelayotgan muammolarni hal etishda ijobiy yechimlarga erishilgani bilan yana-da yahamiyatli bo‘ldi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    33
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+