Progressiv islohot: kadrlar siyosati va davlat xizmatida shaffof tizim yaratiladi

07.10.2019, 10:58

Progressiv islohot: kadrlar siyosati va davlat xizmatida shaffof tizim yaratiladi

Nega “Hamma narsani kadrlar hal etadi” degan jumlaga tez-tez to‘qnash kelamiz. Yoki olimlarning turli anjumanlarga borishni yoqtirishi va ularning mazkur anjumanlardan yanada aqlliroq bo‘lib qaytishlarining asosida nima yotibdi, degan savol har birimizda bo‘lishi tabiiy. Negaki, ilmli odamlarning bir joyga to‘planishi aql maydonini yaratadi va ushbu maydon ichiga tushgan odam boshqalarning ko‘z o‘ngida fikrlari charxlanib, yaxshi g‘oyalarni kashf etishlari mumkin. Biroq, aqliy maydon aqlsiz tebratishlar ta’sirida osongina parchalanib ketishi ham oson. Ana shu maydonga bir necha nafar aqlsiz, o‘z fikrini “fikri mutlaq” deb hisoblaydigan - ilmsiz, tadbirsiz, madaniyatsiz, iqtidorsiz, mas’uliyatsiz, o‘z ustida izlanmaydigan, zamon bilan hamnafas qadam tashlamaydigan shaxslarni kirib qolishi aql maydonini ichidan yemirishi va uni ado etishi mumkin. Agar o‘sha shaxslar ko‘proq to‘plansa, ular o‘z aqlsizlar maydonini yaratish orqali bilib bilmay davlat va jamiyat rivojiga-da salbiy ta’sir etib qo‘yishi ehtimoldan holi emas.

Bu borada dunyo amaliyotidagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, rahbar kadrlarni tanlash tizimida yoki yuqori rahbarlik mansablariga bu vazifalarga javob bera olmaydiganlarni tayinlash, tanlash oxir oqibat boshqaruv tizimni izdan chiqarishi mumkin.

Yaqin tarixdan ma’lumki, ayrim mamlakatlardagi boshqaruv tizimi lavozimlariga avvalo, hamkasblari orasida obro‘si bo‘lmagan va hurmat qozonmagan, o‘rtamiyona, iqtidorsiz va yutuqlarga erishmagan kadrlarning yalpi tarzda qo‘yilishi, ularning xomiylariga butunligicha va to‘la itoatkor bo‘lishiga o‘rg‘u berilganligi, shuningdek, o‘sha shaxslarni salbiy ichki sirlarni asrashni bilishi, kaltabinligi, ammo o‘ziga ishonchi kattaligi, soxta faolligi, qo‘rqoqligi, e’tiroz bildirmasligi, ochko‘zligi, bunday vazifalarga eti qotgan “xo‘jalik odamlari”ning to‘planganligi, ular aslo ishni yaxshilashda o‘zining ma’lum bir fikr egasi bo‘lmaganligiga odatiy holatdek qarashlar ustuvor bo‘lganligi kuzatilgan.

Bu esa o‘sha tizimga ishlash uchun atayin yo‘lga qo‘yilgan achchiq saboqlaridan xulosa chiqarish va kadrlar siyosatida shakllanib, qotib qolgan  qobiqdan chiqish, zamon bilan hamnafas bo‘lish, bu borada taraqqiy etgan davlatlar tajribasini ikkilanmay davlat xizmatlari tizimiga implementatsiya qilishdek, vazifani kun tartibiga qo‘yayotgan edi.

2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining  davlat boshqaruvida mutlaqo yangi, samarali va sifatli faoliyat tizimini yaratishga qaratilgan yo‘nalishlar asosida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga hamohang tarzda qabul qilingan Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni aynan biz yuqorida aytgan kun tartibidagi masalani yechish maqsadida qabul qilingan desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Farmonga muvofiq, endilikda davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarida vakolatli - Prezident huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Kadrlarni tanlash va davlat xizmatini takomillashtirish bilan alohida tanlov, meritokratiya va mansab modeli yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa, eng munosib va qobiliyatli shaxslarni ularning kasbiy fazilatlari va alohida xizmatlariga adolatli hamda ob’ektiv baho berish asosida davlat xizmatiga qabul qilishni nazarda tutadigan meritokratiya prinsipini qo‘llash demakdir.

Shuningdek, davlat xizmatida «mansab modeli»ni joriy etish, bunda mansab darajalaridan bosqichma-bosqich o‘tish, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish, davlat xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish, bu nomzodning barcha ustunliklari va afzalliklarini, shu jumladan uning axloqiy va vatanparvarlik fazilatlarini xolisona baholash imkonini beradi. Bu - davlat xizmatchilariga ish haqi to‘lashning yagona tizimini joriy etish, davlat organlari va tashkilotlarida kadrlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jalb qilish, samarali ijtimoiy kafolatlar tizimini joriy etish, shuningdek, davlat xizmatchilarining kasbiy mahorati hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan rag‘batlantirishning zamonaviy tizimi hayotg tadbiq etiladi deganidir.

Albatta ushbu farmon va unda belgilangan vazifalar partiyamizning dasturida qayd etilgan davlat boshqaruvida islohotlarni amalga oshirishdagi ishtirokimizni ta’minlash, davlat apparatining jamiyatdan uzilib qolish hollarini, uning faoliyatidagi to‘rachilik va boshqa salbiy ko‘rinishlarni bartaraf etish, davlat boshqaruvi tizimini chuqur va izchil isloh qilish, davlat organlari ustidan samarali jamoatchilik nazoratini shakllantirish, ko‘psonli nazorat organlarini qisqartirish, mansabdor shaxslar orasida korrupsiya va lavozimni suiste’mol qilish hollariga qarshi izchil chora-tadbirlar amalga oshirish kabi maqsad vaziflariga hamohangdir. Partiya bu borada ijro organlari vakolatlarining qonuniy jihatdan aniq belgilanishi, davlat tuzilmalariga professional kadrlar sohasining yetuk bilimdonlari, yuqori malakali ish yurituvchilar kelishini ta’minlaydigan tizim yaratish kerak, deb hisoblaydi.

Shuningdek, partiya o‘z dasturida davlat xizmatchilarining huquq va majburiyatlari, vakolat doirasi va faoliyati tamoyillarini, aniq belgilangan kadrlar siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirish mezonlarini nazarda tutgan davlat xizmati haqidagi qonunchilikni takomillashtirishni taklif etmoqda.

Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, ushbu farmon davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari sohasini tubdan takomillashtirish, bu borada kadrlarni tanlash va tayinlashning ochiq, oshkora, shaffof tizimini, bugun mavjud bu boradagi eng taraqqiy etgan davlatlar tajribasini amalga tadbiq etishga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, huquqiy asosi belgilab berilgan ushbu tizim davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarini rivojlantirishda yanada mustahkam aqlli maydonni  yaratadi. O‘z navbatida ilmiy salohiyatga asoslangan aqlli maydon esa, yangi va qudratli O‘zbekistonni qo‘rishda hal etuvchi omillarning birinchi qatorida tarixdan munosib o‘rin olishi shubhasiz.

Nuriddin Murodov,

OzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

 Qo‘mitasi kotibiyat mudiri

  • Ko'rildi
    1337
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

TURGUNOV G.N.2019-10-30 12:40:45

Давлат ичида талай олчоқ, ёмон одамлар бордирки, давлат душманларини яхшилаб, унинг жон фидоларини турли макр-ҳийлалар билан хароб қиладилар. Буларнинг мақсадлари салтанат қўрғонига рахна солишдир. "А.Темур ўгитлари"дан. Дарҳақиқат, Агентлик айни вақтида ташкил этилди. Нуриддин Муродов айтганидек, ҳамма гап, уни шаффоф амалга оширишда.


Fikringizni qoldiring

+