O`zLiDeP Prezidentimizning BMT sessiyasidagi nutqidan kelib chiqadigan chora-tadbirlar rejasini belgilab oldi

26.09.2020, 15:45

O`zLiDeP Prezidentimizning BMT sessiyasidagi nutqidan kelib chiqadigan chora-tadbirlar rejasini belgilab oldi

2020 yilning 26 sentabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining videokonferensaloqa shaklidagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyadagi nutqida ilgari surilgan tashabbuslar atroflicha muhokama qilinib, bu borada partiya va uning oldida turgan ustuvor vaziflar belgilab olindi.

So‘zga chiqqanlar bunday nufuzli anjumanda ma’ruza qilish imkoniyati hammaga ham berilavermasligi, bunda davlatning ichki va tashqi siyosati, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori, dunyoda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, turli millat va elatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdagi faol ishtiroki hisobga olinishini alohida e’tirof etdilar. Ayniqsa Prezidentimiz o‘z nutqida o‘tkir va dolzarb xalqaro tashabbuslarni ilgari surganligi O‘zbekistonning BMT doirasidagi muhim xalqaro tashabbuslar ijodkoriga aylanib borayotganini dunyo jamoatchiligiga yana bir bor namoyon etganligi ta’kidlandi.

Xususan, pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligi ta’kidlandi. Haqiqatan ham bugungi kunda shunday masalalar yuzaga kelayaptiki, bu muammolarni birorta mamlakat yakka holda hal etishi amrimahol. COVID-19 pandemiyasi ana shu jarayonga yorqin misoldir. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan va butun dunyodagi millionlab odamlarning hayotiga ta’sir ko‘rsatgan hozirgi global inqiroz butun dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish va bunda BMTning o‘rni naqadar muhim ekanligini ko‘rsatdi.

Shu ma’noda Prezidentimiz jahon hamjamiyatini ushbu tashkilot atrofida yanada jipslashishga, koronavirusni global tarqatmaslikni oldini olish borasidagi alohida sa’y-harakatlarni umumlashtirishga chaqirdi. Zero dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik aloqalarining mustahkamlanishi pandemiya tufayli vujudga kelgan kutilmagan vaziyatga moslashishga olib keladi.

Shuningdek,  Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifi bugungi kunning juda dolzarb masalasidir. Chunki bu boradagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilsa, mintaqamizdagi mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhiti yanada yaxshilanadi. Eng asosiysi O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oshadi.

Qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish masalasi ham qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Ayni paytda xalqaro hamjamiyat, taniqli ekspertlar ham ushbu muammolarni har bir mamlakat yakka holda emas, birgalikda hal etish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini ta’kidlashmoqda. Partiya nuqtai nazariga ko‘ra tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining tadbirkorlik qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish, bu borada o‘zaro tajriba almashish ham yaxshi samara beradi.

Umuman olganda, ilgari surilgan takliflar bugungi kunda insoniyatni o‘ylantirib kelayotgan dolzarb va o‘tkir muammolarni hal etishga qaratilgan muhim chaqiriqdir.

Albatta ilgari  surilgan tashabbus va takliflar siyosiy partiyalar zimmasiga, ayniqsa mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuch – O‘zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi oldiga muhim vazifalar turganligini anglatadi.

Qo‘shma majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 23 sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqidan kelib chiqib, O`zLiDeP tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqildi. Uning doirasida qator amaliy tadbirlarni o‘tkazishga, bu ishga hamkor tashkilotlardan tortib partiyaning eng quyi bo‘g‘inigacha bo‘lgan tizimni faol jalb etishga alohida urg‘u berildi.

Yig‘ilish so‘nggida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O`zLiDeP matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    75
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+