O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi

21.09.2023, 09:50

O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi

19-sentabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Sessiya raisi Dennis Frensis boshchiligida o‘tayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a’zo mamlakatlar yetakchilari – Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Luis Inasiu Da Silva, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va boshqa davlatlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini qayd etdi.

– Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yilda Kelajak sammiti o‘tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotning ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.  

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

– Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgari bormoqda, – dedi Prezidentimiz. 

O‘zbekistonda yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq referendumi milliy taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergani qayd etildi. Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘undir.

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimiz global tahdidlarga qaramasdan, barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotganini ta’kidladi. So‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko‘paydi. Bosh maqsadi – 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga oshirishdir. 

Iqtisodiyotimizni liberallashtirish yo‘lidagi yana bir ustuvor vazifa – yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish. 

Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017-yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilingan.

– Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif etaman, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Yig‘ilish ishtirokchilarining e’tibori mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berish borasida erishilgan natijalarga qaratildi.

– Bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilgan edi. Qat’iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi, – dedi davlatimiz rahbari. 

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir. 

Keyingi yillarda bu borada katta tajriba to‘plandi – ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo‘lidan qat’iy borishini qayd etdi. 

Yurtimiz va barcha qo‘shnilarimiz birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi.

Mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qo‘shma korxonalar soni esa besh marta o‘sdi. Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib, unga qiziqish tobora ortib bormoqda.

– Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora kuchayib bormoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!   

Xalqaro hamjamiyatning qo‘llovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yo‘lidan borishda davom etishiga ishonch bildirildi. Uni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo‘lib qoladi.

Aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolandi.

Bu sohada Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasi sifatida qayd etildi.

– Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat, – dedi O‘zbekiston yetakchisi. 

Mamlakatimiz “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligi ta’kidlanib, birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilib, sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya’ni iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotganini qayd etib, Prezidentimiz Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

O‘zbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida ko‘rilayotgan choralar, mintaqamizdagi iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri va suv bilan ta’minlanganlik darajasining kamayish tendensiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirildi. 

Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi qo‘llab-quvvatlandi.

– Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz.

Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etamiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish strategik vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlandi. 

Davlatimiz rahbari ekstremizm tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni faollashtirishga to‘xtalib o‘tdi.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyamiz doirasida ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasini o‘tkazildi, uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalar qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytarildi.

– Xalqaro jamoatchilik joriy yilning iyun oyida mana shu yerda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida mamlakatimizga olib kelingan va yangi hayot boshlagan shaxslarning tarixini ularning o‘zlaridan eshitdi.

Biz bu yo‘nalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzishga qaratilgan amaliy qadamlarni tashladik, – dedi Prezident.

Bundan tashqari, so‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YUNЕSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qilindi.

– Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz, – dedi davlatimiz rahbari. 

Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liqligi qayd etildi. Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan bo‘lib, u afg‘on masalasini hal etishda o‘ziga xos yondashuvlarni talab etmoqda. Inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda.

Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik lozim, degan fikrni bildirib, Prezidentimiz Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

– Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston Prezidenti BMTning yuksak minbaridan turib dunyo hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashishga va bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Afg‘oniston bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilashga chaqirdi. 

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari barchamiz hozirgi tarixiy tub burilish pallasida kelgusi avlodlarga sayyoramizni qanday holda qoldirish haqida o‘ylashimiz lozimligini qayd etdi: «Mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkin. Bizga o‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham ko‘proq zarur». 

O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va barcha davlatlar bilan keng ko‘lamli va uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirishga tayyor ekani yana bir bor ta’kidlandi.

  • Ko'rildi
    390
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+