Doʻstlik va hamkorlik rishtalari yanada mustahkamlanmoqda

28.09.2018, 09:16

Doʻstlik va hamkorlik rishtalari yanada mustahkamlanmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 27-sentyabr kuni ushbu mamlakatga tashrif buyurdi. 

Dushanbe xalqaro aeroportida Prezidentimizni Tojikiston Respublikasi Prezidenti kutib oldi. 

Prezidentlar Dushanbe shahrida ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi. Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevni tashrif bilan samimiy qutlab, ushbu uchrashuv oliy darajadagi doimiy muloqotlarning izchil davomi ekanini taʼkidladi. 

Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlariyangi bosqichga koʻtarildi, xalqlarimiz doʻstligi mustahkamlandi. 

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida Tojikistonga, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning avgust oyida Oʻzbekistonga davlat tashriflari tarixiy voqea boʻldi. 

Davlat rahbarlarining ochiq, oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlari nafaqat Oʻzbekiston – Tojikiston hamkorligini mustahkamlash, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qilmoqda. 

Mamlakatlarimiz BMT, SHHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalarda tomonlarning qarashlari oʻxshashdir. Turli darajadagi delegatsiyalar almashuvlari, hududlar oʻrtasidagi aloqalar faollashdi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil 7 mart kuni Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bogʻida oʻzbek va tojik xalqlarining buyuk mutafakkirlari – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga haykal oʻrnatilgan edi. 

Ana shu ezgu tashabbusga javoban Dushanbe shahrida Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi barpo etilib, unda ikki buyuk siymoning haykali qad rostlagani xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalar mustahkamlanib borayotganining yana bir ifodasi boʻldi. 

Prezidentimizning tashrifi doirasida mazkur yangi bogʻ hamda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyga oʻrnatilgan haykalning ochilish marosimi boʻldi. 

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ushbu ikki buyuk mutafakkir haykali poyiga gullar qoʻydi. 

Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻining umumiy maydoni 2 gektardan ziyod. Bogʻda tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoit va qulaylik yaratilgan. Oʻrindiqlar yonidakitobxonlikni targʻib etuvchi haykalchalar oʻrnatilgan. Ota va oʻgʻil, Ona va qiz, Bobo va nabira siymolari aks etgan ushbu sanʼat asarlari har qanday insonni kitobga oshno boʻlishga undaydi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emomali Rahmon hamrohligida Tursunzoda shahriga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon sharafiga yoʻl boʻylab koʻchalar bayramona bezatilgan, Oʻzbekiston va Tojikiston bayroqlari, pannolar oʻrnatilgan. 

Shaharga kiraverishda minglab odamlar davlatimiz rahbarini katta xursandchilik, tantana bilan kutib oldi. Milliy kuy-qoʻshiqlar, raqslar ijro etildi. 

Oʻzbekiston Prezidentining qoʻshni davlatlar bilan ochiqlik, hamkorlik va bagʻrikenglik siyosati barchatojikistonliklar qatori Tursunzoda aholisiga ham katta quvonch bagʻishlagan. Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifi chogʻida imzolangan Davlat chegarasi boʻyicha shartnoma hamda Fuqarolarning oʻzaro qatnovi toʻgʻrisida bitim xalqlarimiz hayotida ulkan ahamiyatga ega boʻldi. Chegaradan oʻtkazish punktlari faoliyati qayta tiklangani, bordi-keldi uchun 30 kungacha vizasiz tartib joriy etilgani, avtobus va samolyot qatnovi yoʻlga qoʻyilgani odamlarga keng qulayliklar yaratmoqda. 

Prezidentlar Tursunzoda shahridagi “Talko” davlat unitar korxonasiga tashrif buyurdi. 

Ushbu zavod dunyodagi eng yirik alyuminiy ishlab chiqaruvchi korxonalardan biridir. 2007-yili zavod “Tojikiston alyuminiy kompaniyasi” (Talko) davlat unitar korxonasiga aylantirilgan. Bu yerda yiliga 105 ming tonna birlamchi alyuminiy ishlab chiqariladi va asosan eksportga yoʻnaltiriladi. Bundan tashqari, 70 dan ortiq turdagi isteʼmol tovarlari tayyorlanadi. Ayni paytda zavodda 8 mingga yaqin kishi mehnat qiladi. 

Davlatimiz rahbari alyuminiy xomashyosini quyish jarayoni va tayyor mahsulotlarni koʻzdan kechirdi. 

Oʻzbekistonning “Krantas grupp” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan Tojikiston alyuminiy kompaniyasi hamkorligida joriy yil iyul oyida tashkil etilgan “Talko-Krantas maxsus texnikalar zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Tojikiston qoʻshma korxonasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. 

Mazkur korxonada avtokranlar, traktor pritseplari, yarimtirkamalar va boshqa maxsus texnika vositalari ishlab chiqariladi. Butlovchi qismlar Oʻzbekistondan keltirilib, Tojikistonda yigʻiladi. 

300 minglik Tursunzoda shahri aholisining qariyb yarmi oʻzbeklardir. Shahar atrofidagi dehqon xoʻjaliklari asosan uzumchilik bilan shugʻullanadi. Uzumzorlar Fargʻonaning Beshariq yoki Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi tokzorlarni eslatadi. 

Tursunzoda tumanidagi “Bogʻi somon” dehqon xoʻjaligi rahbari Kamol hoji Madumarov asli oltiariqlik usta dehqon farzandi. U ota kasbini davom ettirib, elda obroʻ topgan. Xoʻjalik uzumzori 500 gektar. 1 ming 100 ishchi mehnat qilayotgan xoʻjalikda uzumning “Husayni”, “Rizamat”, “Kattaqoʻrgʻon”, “Kelin barmoq” kabi 7 xil navi yetishtiriladi. Mahsulotning 70-80 foizi eksport qilinadi. Xoʻjalikning 1 ming 200 tonnalik sovutkichli omborxonasida ayni paytda hosilni jamlash ishlari avjida. 

Prezidentlar mazkur sovutkichli omborxona bilan tanishib, xoʻjalik uzumzorlarida boʻldi. Shavkat Mirziyoyev Kamol ota Madumarovga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan “Captiva” avtomashinasini sovgʻa qildi. Davlatimiz rahbari shu tumandagi “Vatan” dehqon xoʻjaligida boʻlib, uning rahbari Neʼmat hoji Usmonovga ham “Captiva” mashinasini tuhfa etdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev 28-sentyabr kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadigan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etadi. 

O'zA

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1609
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Акбар Якубов, Жиззах вилояти2018-10-03 10:36:49

Икки давлат ўртасидаги дўстона муносабатлар янада мустахкам бўлсин!


Рахманова Гульнара УзЛиДеП Тахтакупир туман Кенгаши ижрочи котиб 2018-09-28 09:24:24

Экки давлат уртасидаги дустлик риштаси обадий булсин! Дустлик бор ерда бирлик, тинчлик ва асоийшталик булади


Fikringizni qoldiring

+