"Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

02.12.2017, 11:28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-avgustdagi F-5006-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tomonidan nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish sohasidagi ishlarning ahvoli kompleks va chuqur o‘rganildi. 

Mazkur jarayonda aholinining keng qatlamlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakolatxonalari yuqori faollik va daxldorlik hissini namoyon qildilar. 

O‘tkazilgan kompleks o‘rganish, aholi bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yakunlari bartaraf etish yuzasidan ta’sirchan choralarni tezkor ko‘rishni talab etuvchi qator tizimli kamchiliklar va muammolarni aniqlash imkonini berdi. 

Hamkorlikdagi sa’y-harakatlar bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, bunday shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, jamiyatdagi faol pozitsiyasini shakllantirishga ko‘maklashish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi. 

Mazkur takliflarni samarali amalga oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq: 

1. Aholi bilan o‘tkazilgan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yakunlari hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning fikr-mulohazalarini inobatga olib: 

O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish; 

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish haqidagi takliflar qabul qilinsin. 

2. Quyidagilar nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib hisoblansin: 

nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda teng sharoitlarni va ularni buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash; 

nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish; 

tibbiy-mehnat ekspertizasi va nogironlikni belgilashning shaffof, zamonaviy uslub va mezonlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish darajasi va sifatini, shu jumladan diagnostika, davolash va reabilitatsiyaning zamonaviy uslublarini qo‘llagan holda yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy va ijtimoiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali oshirish; 

nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘z vaqtida hisobga olishning samarali mexanizmlarini yaratish, nogironlikning belgilari paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab ularni kuzatib borish va qo‘llab-quvvatlashning, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy ahvolini ta’sirchan monitoring qilish, ularning turmush sharoitlarini har tomonlama baholash, individual rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, o‘z vaqtida zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkonini beruvchi yagona kompleks tizimini joriy etish; 

tibbiy yordam darajasi va sifatini oshirish, kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda tug‘ma nuqsonlar va irsiy kasalliklar o‘sishining sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash va oldini olishni ham nazarda tutuvchi profilaktika tadbirlarini kengaytirish bo‘yicha skrining tekshiruvlarining samaradorligini ko‘tarish; 

nogironligi bo‘lgan shaxslarning manzilli ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ularning uy-joy-maishiy va boshqa yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy xizmat va moddiy yordamni kengaytirish, ularni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shu jumladan sifatli yordamchi va texnik reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish; 

nogironligi bo‘lgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan o‘zaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda bo‘lishi, shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish; 

nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini ta’minlovchi inklyuziv ta’lim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish; 

nogironlikni belgilash va tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasida vakolatli davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, tartib-taomillardan o‘tishni soddalashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish sohasida davlat-xususiy va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish; 

tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylarida vasiylikka olinganlarning turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, ularning reabilitatsiyasi va ijtimoiylashuvi samaradorligini oshirish; 

protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni, shu jumladan chet el investitsiyalari va kreditlarini jalb etgan holda modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, ularni ishlab chiqarishning zamonaviy standartlarini joriy qilish; 

zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning ilg‘or yutuqlari, diagnostika, davolash va reabilitatsiyaning sifat standartlari asosida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, sog‘lomlashtirish xususiyatidagi chora-tadbirlarni yaxshilash, sog‘lom va faol turmush tarzini olib borish madaniyatini targ‘ib qilish; 

nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi, shu jumladan nogironlikni belgilashning samarali mezonlarini qo‘llashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish. 

3. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi quyidagilarni ta’minlash choralarini ko‘rsin: 

nogironligi bo‘lgan shaxslar, shu jumladan katta yoshdagilarning savodxonligini oshirish maqsadida viloyatlar, tumanlar markazlarida umumta’lim maktablari negizida imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha ushbu sohadagi mutaxassislarni jalb qilgan holda maxsus kurslarni tashkil etish; 

tegishli materiallarni nashr qilishni rag‘batlantirish, muhim sohalarda audio kitoblar yaratish va ularni joriy etishni nazarda tutgan holda imo-ishora tili va Brayl alifbosini qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish; 

ko‘rish a’zolari zaif shaxslarga ovoz eshittirish imkonini yaratish maqsadida turli xildagi dasturiy ta’minotlarga davlat tilida maxsus dasturlar, shu jumladan komputer operatsion tizimlari yaratish, ularni ushbu shaxslar o‘qiyotgan va ishlayotgan ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarda keyinchalik erkin tarqatish, o‘rnatish, shuningdek, mazkur dasturlarni yaratish uchun salohiyatli homiylar topish; 

davlat organlari va tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun joylashtirilgan ma’lumotlar bilan erkin tanishish va xizmatlardan foydalanishga oid qo‘shimcha imkoniyatlar joriy etish; 

nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratish uchun jamoat transportini panduslar, alohida joylar bilan, bekatlar va marshrutlarni eshittiruvchi, elektron ma’lumotlar tablolari kabi maxsus vositalar bilan jihozlash, ulardan erkin foydalanishni bosqichma-bosqich ta’minlash bo‘yicha joylarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi va moslashuvi samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlarni ko‘rish. 

5. Belgilansinki, 2018-yil 1-martdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan shahar yo‘lovchi transporti vositalarini sotib olish taqiqlanadi. 

Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi “O‘zavtosanoat” AJ va Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti bilan birgalikda ikki oy muddatda: 

avtomototransport vositalari haydovchilari – nogironligi bo‘lgan shaxslarni tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etish; 

mahalliy ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarni nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun maxsus moslamalar bilan qayta jihozlashni ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritsin. 

6. 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ikki foizli kvota ajratish tartibi joriy etilsin.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yilning 1-apreliga qadar oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni kvota asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

7. 2018-yil 1-yanvardan boshlab faoliyat ko‘rsatish turi va uni amalga oshirish joyidan qat’i nazar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun bir oyda eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hisobidan ishga yollangan har bir ishchi uchun – bir oyda eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida qat’iy belgilangan soliq stavkasi o‘rnatilsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda boshqa vakolatli idoralarning faoliyatini quyidagilarga qaratilgan takliflar tayyorlash bilan birga qayta ko‘rib chiqishni ta’minlasin: 

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ijtimoiy muhofaza qilishga, shu jumladan ularni to‘liq va kompleks kuzatgan holda ko‘rsatilayotgan xizmatlarni muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan ixtisoslashtirilgan idora tashkil etish; 

ixtisoslashtirilgan idora negizida nogironlikni belgilashni to‘liq qamrab oluvchi yagona tizimni tashkil etish; 

tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan shaxslarning nogironlikka muvofiqligini tekshirish tartibini joriy etish; 

amalga oshirilayotgan islohotlar talablariga javob bermaydigan samarasiz tuzilmalarni tugatib, tegishli shtat birliklarini yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan idoraga o‘tkazish. 

9. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ahvolini yaxshilash, tibbiy-ijtimoiy yordam va reabilitatsiya sifatini oshirish, protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Jamg‘armani, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini buzganlik uchun qo‘llaniladigan jarimalardan tushgan mablag‘larning bir qismi hisobiga shakllantirishni nazarda tutgan holda, uning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin. 

10. 2018-yil 1-iyundan boshlab, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tayinlangan pul to‘lovlarining turlari va miqdori, ajratilgan texnik reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya buyumlari va dori vositalari, ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va berilgan imtiyozlar to‘g‘risidagi kompleks ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, shuningdek, mazkur sohadagi ishlarning holati haqidagi ma’lumotlarni tezkor olish, davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini amalga oshirish, byudjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishi va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish imkonini beruvchi nogironligi bo‘lgan shaxslarning yagona elektron reyestridan foydalanish amaliyotga tatbiq etilsin. 

11. Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, boshqa manfaatdor idoralar obyektlar loyihalashtirilishi va qurilishida arxitektura-qurilish nazoratini kuchaytirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ulardan erkin foydalanishini ta’minlash talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipini ta’minlash choralarini ko‘rsin. 

12. Quyidagilarga: 

barcha darajadagi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari korxonalari bilan tovarlar, ishlar va xizmatlar yetkazib berishga oid shartnomalar tuzish amaliyotini kengaytirishni ta’minlash; 

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga efirga uzatilayotgan yangiliklar, teleko‘rsatuvlar va videofilmlarning subtitr yoki surdo tarjima bilan olib borilishini tashkil etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning axborot olish imkoniyatini oshirish va bo‘sh vaqti maroqli o‘tishini ta’minlash uchun maxsus harfli nashrlarni kengaytirish tavsiya qilinsin. 

13. Sog‘liqni saqlash vazirligi: 

a) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda 2018-yil 1-martga qadar nogironlikni belgilash tartibini tubdan takomillashtirish bo‘yicha, birinchi navbatda, quyidagilarga qaratilgan takliflarni belgilangan tartibda kiritsin: 

nogironlikni belgilash mexanizmlarini va uning muddatlarini, shu jumladan hujjatlarni ulardagi muhim holatlarning mazmunini majburiy ravishda asoslab va tushuntirib rasmiylashtirish tartibini nazarda tutgan holda qayta ko‘rib chiqish; 

nogironlikni belgilash tizimiga yaqqol belgilari bo‘lgan arz qiluvchini nogironlik belgilangunga qadar qo‘llab-quvvatlash mexanizmini joriy etish, bunda uning ushbu holat mavjudligini isbotlash majburiyatini bekor qilish; 

korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillarni istisno etgan holda, zarur tartib-taomillardan o‘tishning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, tartibini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish; 

nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot faoliyati uchun zarur bo‘lgan, 
shu jumladan avtotransport vositalarini boshqarish imkoniyati haqidagi ma’lumotlarning tibbiy xulosalarga kiritilishini ta’minlash; 

ayrim toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus davolanishdan o‘tmasdan, shu jumladan tibbiy tekshiruv o‘tkazmasdan aniqlanishi mumkin bo‘lgan nogironlik toifalari uchun statsionar davolanishda majburiy bo‘lishni bekor qilishni nazarda tutgan holda, nogironlikni belgilashni aniqlashtirish hamda hujjatlarni topshirish imkoniyatini kengaytirish; 

b) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-martga qadar: 

nogironlikni belgilash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashishni ta’minlash va ularga nogironlik pensiyasi va nafaqalari to‘lashning xalqaro standartlariga o‘tish zaruratini; 

ayrim toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan og‘ir ruhiy kasallikka chalinganlarni parvarish qiluvchi shaxslarning pensiyaga chiqishi va nafaqa olishi, shuningdek, alohida toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning imtiyozli pensiyaga chiqishi imkoniyatini kengaytirishni hisobga olgan holda nogironlikni belgilash mezonlari va nogironlik pensiyalari, nafaqalari to‘lash tartibining qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarining xorijdagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarini aniqlasin, keyinchalik ushbu sohaga, shu jumladan faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya qilishga ko‘maklashish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda respublikada yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish orqali chet el investitsiyalarini jalb qilish qismi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazsin. 

15. Vazirliklar va idoralar rahbarlari mazkur Farmonning, shu jumladan Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali bajarilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilansin. 

16. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin. 



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                     Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 1-dekabr 

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga
SH A R H


Mamlakatda nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, hayot sifatini yaxshilash tizimini takomillashtirish, ularga ta’lim olish va ishga joylashishda har tomonlama ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda. Davlat tomonidan xalqimizga xos bo‘lgan mehr-shafqat hamda ezgulik tuyg‘ularini hisobga olgan holda nogironlarning muhim ehtiyoj va talablariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

1992-yilda BMT tomonidan nogironlarga oid dolzarb masalalarga jamoatchilik e’tiborini qaratish, shuningdek, ularni ijtimoiy hayotga va rivojlanish jarayonlariga moslashtirish maqsadida 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni deb e’lon qilindi. 

Bugungi kunda dunyoda taxminan bir milliard, jumladan O‘zbekistonda 600 mingdan ortiq nogironlar hayot kechirmoqda. Ko‘pchilik nogironlar kundalik turmushda turli qiyinchiliklarga duch kelib, bu ularning mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida faol ishtirok etishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Mazkur muammolarni hal qilish maqsadida Davlat rahbari tomonidan 2017-yil 1-avgustda qabul qilingan farmoyish bilan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya tuzildi. 

Komissiya tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, jumladan: 

mazkur sohada amalda bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar bazasi, shuningdek, davlat organlarining faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Tekshirishlar yakuni bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan 400 dan ortiq prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi, 700 ga yaqin shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi, 700 dan ortiq shaxs protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi; 

shahar va transport infratuzilmasida nogironlar uchun qulaylik yaratilganligi holati o‘rganildi (jumladan, 64 598 ta davlat organi obyektlaridan faqat 23 901 tasiga nogironlarning kirish imkoniyati yaratilgan va panduslar mavjud); 

Internet tarmog‘ida tashkil etilgan ijtimoiy so‘rovlar davomida 500 dan ortiq fuqarodan takliflar kelib tushdi; 

124 ta davlat organi va tashkilotining saytlari o‘rganildi, ulardan 83 tasida nogironlarning axborot olishi uchun maxsus imkoniyatlar mavjud emas; 

nogironlarning yashash muhiti imkoniyatlari, ta’lim olishi va bandligini ta’minlash, ularning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi, protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalari ishlab chiqarilishi masalalari bo‘yicha Germaniya, Fransiya va Shveytsariya davlatlarining tajribasi bevosita o‘rganilib, takliflar tayyorlashda inobatga olindi. 

Nogironlarga qulay hayotni ta’minlash uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishni, shuningdek, bir qator yangiliklarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi olib borilgan ishlarning mantiqiy yakuni bo‘ldi. 

Insonlarning nogironlarga nisbatan munosabatini o‘zgartirish, atrofdagilarni ularning jamiyatda to‘liq va teng huquqli ishtiroki haqida xabardor qilish nogironlarning dolzarb muammolarini hal etishda o‘ta muhim va birinchi navbatdagi qadam hisoblanadi. Ushbu maqsadda “nogiron” tushunchasi muomaladan chiqarilmoqda va u eng avvalo, inson ekanligini hisobga olgan holda umume’tirof etilgan “nogironligi bo‘lgan shaxs” atamasi kiritilmoqda. 

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar tashkil etilmoqda. “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi. 

Farmon bilan 51 banddan iborat chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. 

Jumladan, tasdiqlangan Dastur quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutadi: 

nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifati va darajasini oshirish; 

nogironlikning oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va ularni reabilitatsiya qilish samaradorligini oshirish; 

nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ularni maxsus kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishni ta’minlash; 

nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va maqbul muhitni ta’minlash, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash. 

Ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar savodxonligini oshirish imkoniyatining past darajada ekanligi ularning ijtimoiy hayotda ishtiroki va voqealardan xabardor bo‘lishini to‘liq cheklaydigan o‘ta muhim muammolardan biri bo‘lib qolgan. Shu munosabat bilan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning savodxonligini oshirish maqsadida viloyatlar, tumanlar markazlarida umumta’lim maktablari negizida Brayl alifbosini o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etishga oid chora-tadbirlar ko‘riladi. 

Bundan tashqari, ovoz orqali boshqarish maqsadida komputer operatsion tizimlari uchun maxsus dasturlar yaratiladi, davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy saytlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar joriy etiladi. 

Sir emaski, shahar yo‘lovchi transportlarining maxsus uskunalar bilan jihozlanmaganligi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish joyi va boshqa muassasalarga yetib borishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, svetoforlar va piyodalar yo‘lakchalari qo‘shimcha tovush yordamida boshqarish uskunalariga ega emas. 

Buning uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportini mazkur maqsadlarga moslashtirish, bekat va yo‘nalishlarni ovoz yordamida e’lon qilish orqali qulayliklar yaratiladi. 

Shu bilan bir qatorda, 2018-yil 1-martdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan shahar yo‘lovchi transporti vositalarini sotib olish taqiqlanmoqda. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslarga avtobus va boshqa shahar yo‘lovchi transport turlaridan foydalanishni jiddiy tarzda yengillashtiradi. 

Hozirgi kunga qadar milliy yengil avtomobillar faqat sog‘lom insonlar uchun moslashtirilgan bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa maxsus boshqaruv imkoniyati mavjud emasligi sababli bunday avtomobillarga ega bo‘la olmas edi. Kelgusida ishlab chiqariladigan milliy yengil avtomobillar nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilgan holda maxsus uskunalar bilan qayta jihozlanadi. 

Transport vositalari haydovchilari – nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish uchun tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari tashkil etiladi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mamlakat ijtimoiy hayotida ishtirokining muhim omillaridan biri ularning umumiy savodxonligi hisoblanadi. Biroq, qator sabablarga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun kompleks imkoniyatga ega bo‘lmagan. 

Ushbu maqsadda 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ikki foizli kvotalar kiritilmoqda. Mazkur kvotalar bo‘yicha faqatgina nogironligi bo‘lgan shaxslar ta’lim oladi, bu ularning oliy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlab, jamiyatga moslashish imkoniyatlarini kengaytiradi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish ham ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishni keng rag‘batlantirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zi tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga sharoit yaratish maqsadida 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni xodim sifatida yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qat’iy belgilangan soliqning imtiyozli stavkasi belgilanmoqda. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ijtimoiy himoya qilishga mas’ul bo‘lgan yagona idoraning mavjud emasligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan idora tashkil etiladi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning dolzarb muammolarini hal etishda nafaqat davlat, balki oddiy fuqarolarning ishtiroki ham o‘ta muhim hisoblanadi. Shu maqsadda, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, uning mablag‘lari nogironligi bo‘lgan shaxslar ahvolini yaxshilash, tibbiy-ijtimoiy yordam sifatini oshirish, protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda texnologik yangilash uchun ishlatiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolariga befarq bo‘lmagan fuqarolar va yuridik shaxslarning ixtiyoriy homiylik xayriyalari ham jamg‘arma manbalari bo‘ladi. 

2018-yilning 1-iyunidan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida kompleks ma’lumotlarni (nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid shaxsiy ma’lumotlar, pul to‘lovlarining turlari va miqdori, ajratilgan texnik reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya buyumlari va boshqalar) o‘z ichiga olgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning yagona elektron reyestri joriy etilmoqda, bu davolash va reabilitatsiya ishlarini samarali tashkil etishni ta’minlaydi. 

Qayd etish lozimki, protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarishning ma’nan eskirganligi hamda ushbu vositalarni ishlab chiqarishga oid ko‘plab standartlarning mavjud emasligi fuqarolarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. 

Mazkur muammoni hal etish uchun protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarish sohasiga, jumladan faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya qilishga ko‘maklashish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda respublikada yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish orqali chet el investitsiyalari jalb qilinadi. Shuningdek, protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarishga davlat standartlari joriy etiladi. 

Qabul qilingan Farmon nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifati va darajasini oshirish, qulay va maqbul muhitni ta’minlash, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilashga xizmat qiladi. 

 

 

  • Ko'rildi
    70
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish