Xalqaro baxshichilik festivali xalq ijodining nodir namunalarini avlodlarga bezavol yetkazadi (+FOTOGALEREYA)

07.04.2019, 18:36

Xalqaro baxshichilik festivali xalq ijodining nodir namunalarini avlodlarga bezavol yetkazadi (+FOTOGALEREYA)

Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barchani Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilishi bilan muborakbod etdi.

Turli xalqlarning milliy o‘zligini, ularning tili va hayot tarzini, an’ana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik san’ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir. Jahon madaniy merosining bu o‘lmas asarlari bizga insoniyatning naslu nasabi, tarixiy ildizlari, olijanob ideallari bir ekanini, binobarin, turli millat va elat vakillarining kelajak sari intilishlari ham mushtarak ekanini anglatadi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Tabrikda bugungi zamon talabi va qadriyatlar himoyasi, baxshilar ijodi va olimlarning vazifasi haqida dolzarb fikrlar ham aytildi. «Folklor san’ati bu – insoniyatning bolalik qo‘shig‘idir», «Baxshilar nafaqat xalq o‘tmishining aks-sadosi, ayni paytda bugungi kunning ham jarangdor ovozidir» degan so‘zlar butun anjumanning mazmun-mohiyatini ifodalagandek bo‘ldi.

Xalq dostonlari faqat sevgi-muhabbat tarannumi emas, balki madaniyat, ma’rifat, tarbiya vositasi bo‘lib kelgan. Yozma manbalar bo‘lmagan qadimgi davrlardayoq ajdodlarimiz og‘zaki ijod orqali avlodlarga mardlik, yaxshilik, halollik, vatanparvarlik, do‘stlik ibratini yetkazgan. Shu jihatdan, baxshilar ezgulik elchilari bo‘lgan va hamisha e’zozlangan.

Bugungi globallashuv zamoniga kelib ushbu tarixiy san’at e’tibordan chetda qoldi. Katta baxshilar keksayib, ko‘p joylarda bu meros unutilib borayotgan edi. Chunki e’tibor, qiziqish, rag‘bat yo‘q edi.  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Surxondaryoda baxshichilik maktabi tashkil etilgani uni asrab-avaylash, yosh avlodga yetkazish uchun yaxshi sharoit yaratdi. 2018-yil 1-noyabr kuni bu sohaga doir yana bir tarixiy qaror - Prezidentimizning «Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Tashkiliy qo‘mita tuzilib, keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borildi. Festival ishtirokchilari, xorijlik mehmonlar va tomoshabinlar uchun zarur sharoit yaratildi.  

Anjuman o‘tkaziladigan maydon atrofi bayramona bezatilgan. Baxshichilik san’atiga oid ko‘rgazmalar, milliy soz va liboslar, o‘tov va so‘zanalar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, kitoblar, albomlar namoyishi tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ochilish marosimidan so‘ng ushbu ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlardan kelgan folklor jamoalarning chiqishlarini tomosha qildi, xalq hunarmandchiligi mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Ijodkor va hunarmandlar bilan suhbatlashib, kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ikki yilda bir marta o‘tkaziladi, dostonchilik san’atini asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish, turli xalqlar o‘rtasida do‘stlik va ijodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bu yil birinchi marta o‘tkazilayotgan festivalda 74 ta mamlakatdan 160 dan ziyod vakillar qatnashmoqda.

  • Ko'rildi
    4076
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+