O‘zLiDeP fraksiyasi takliflari 2019 yilgi Budjetnomada aks etdi

17.11.2018, 20:03

Toir Salimov
Toir Salimov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining ijrochi kotibi

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizmiga barcha sohalar kabi, kerak bo‘lsa birinchi galdagi masala sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oxirgi 2 yilda sohani isloh qilishga qaratilgan 50 ta farmoni, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining 75 ta qarori qabul qilinganida ham ko‘rish mumkin. Shu bilan birga mazkur sohaga davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar ham yil sayin oshib bormoqda. Misol uchun 2018 yilda 9,6 trln. so‘m mablag‘ mazkur tizimga yo‘naltirildi. Bu esa 2017 yilga nisbatan qariyib 3 trln. so‘mga ko‘pdir. Yana bir ahamiyatli jihati,  dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun 2018 yilda 2016 yilga nisbatan  4 barobardan ortiq mablag‘ ajratildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev huzurida respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar natijadorligiga va mavjud muammolarni bartaraf etishga bag‘ishlangan bir necha marotaba yig‘ilishlar o‘tkazildi. Ulardan biri joriy yilning 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi va unda ko‘rilayotgan amaliy choralarga qaramasdan sohada ko‘plab muammolar saqlanib qolinayotganligi takidlanib, ularning yechimlari bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sog‘liqni saqlash sohasiga mas’ul etib belgilangan. Deputatlarimiz tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar davomida ko‘plab masalalarni joyida hal etishga, tizimili masalalarni esa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritish orqali yechim topishga harakat qilishmoqda. Shu bilan birga o‘rganishlarda aniqlangan ayrim masalalarning hal etilishi bir muncha cho‘zilmoqda. Bu aksariyat hollarda sohaga ajaratilayotgan mablag‘lar bilan bog‘liqdir.

Ana shunday masalalardan biri Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan hal etildi.

Gap shundaki, fraksiya a’zolarining joylardagi o‘rganishlari  davomida ayrim tibbiyot muassasalarida qattiq va yumshoq mebellarning eskirganligi yoki yetishmasligi, shu bilan birga davolanayotgan bemorlarning choyshablari yilda kamida 3 marta yangisiga almashtirilishi o‘rniga bir marta yangilanayotganligi yoki yo‘qligi kabi masalalar aniqlangan. Mazkur masala yuzasidan deputatlarimiz tomonidan mutassadilarga bir necha bor qilingan murojaatlar javobsiz qolayotgan edi.

O‘tgan bir hafta mobaynida parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, shuningdek qo‘mitalari yig‘ilishlarida O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari deputatlar tomonidan keng muhokama qilindi.

Yuqoridagi masala O‘zLiDeP  fraksiyasi yig‘ilishidagi muhokamalar chog‘ida deputatlar tomonidan moliya vazirligiga taklif sifatida kiritilgan edi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 17 noyabr kuni 2019 yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan fraksiyamiz a’zolarining bildirgan taklifi inobatga olingani, 2019 yil Budjetnomasida tibbiyot muassasalarida qattiq va yumshoq mebellar, choyshablar uchun rejalashtirilayotgan 30 mlrd. so‘m mablag‘ga qo‘shimcha 75 mlrd. so‘m, jami 105 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilishi ma’lum qilindi.

Hukumatimiz tomonidan kiritilgan 2019 yilgi Budjetnoma loyihasida fraksiyamiz tomonidan bildirilgan takliflar o‘z aksini topganligi va bu partiyamizning ustuvor maqsad va vazifalariga to‘la mos kelishini inobatga olgan holda deputatlarimiz tomonidan 2019 yilgi Budjetnoma to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Toir Salimov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP  fraksiyasining ijrochi kotibi


  • Ko'rildi
    371
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Тошонов Яздон Каттақўрғон туман Кенгаши раисинг биринчи ўринбоари - аппарат раҳбари.2019-01-21 08:26:20

Жуда эътиборга лойиқ иш бўлибди чунки тиббиёт ходимларининг иш шароитини яхшилаш бу халқимизга кўрсатилаётган тиббий хизматнинг самарадорлигини яна ҳам оширишга хизмат қилади.


Fikringizni qoldiring

+