“O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portali yaratiladi

28.02.2019, 12:10

“O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portali yaratiladi

Yaqinda Yevropada bo‘lib o‘tgan xalqaro tadbirda UNESCOning “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi rahbari Xose Mario Chikilo Shaharlari Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan O‘zbekiston “Markaziy Osiyoning yuragi” deb fikr bildirgan. “O‘zbekiston bizning loyihada ishtirok etayotgan davlatlar orasida namunali davlatdir. Ushbu mamlakat hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan barcha choralar dunyo hamjamiyati oldida mamlakat imijiga ijobiy ta’sir qilmoqda”, - dedi Xose Mario Chikilo.

Bugungi kunda xorijiy reytinglar xalqaro iqtisodiy munosabatlar darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi yetakchi omillardan biri ekanligi hech kimga sir emas. Mustaqil ekspertlar xulosasi sifatida xalqaro reytinglar mamlakatlarning xalqaro imijiga, ularga kirib kelayotgan investitsiyalar miqdoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, rivojlanib borayotgan va o‘z iqtisodiyotiga investitsiyalarni keng jalb qilishdan manfaatdor bo‘lgan davlatlar ushbu reytinglarga kirish va o‘z o‘rnini bosqichma-bosqich ko‘tarib borishga alohida urg‘u bermoqda. So‘nggi paytda Sharqiy Yevropa hamda MDHga a’zo ayrim mamlakatlarda eng muhim xalqaro reytinglarga kirish va ularda yuqori darajaga ko‘tarilish yuzasidan maxsus dasturlar asosida ish olib borilayotgani fikrimiz tasdig‘idir.

Ma’lumki, har qanday chet ellik investor xulosa chiqarganda o‘zi qiziqayotgan davlatdagi mavjud iqtisodiy holat to‘g‘risida ob’ektiv, mustaqil baho beruvchi omillarga ham e’tibor qaratadi. Ana shu nuqtai nazardan qaraganda, unga birgina xalqaro reyting ko‘rsatkichi kamlik qiladi. Sarmoyadorga, shuningdek, mahalliy indikatorlar ta’siri ham sezilmog‘i kerak. O‘z navbatida xalqaro reytinglarni belgilab beruvchi xalqaro agentliklar iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlarni baholashda turli xil usullardan foydalanadilar. Usullarning turliligi sababli investorlar o‘z tahlillarida faqatgina bitta reyting agentligining ma’lumotlariga tayanib qolmaydi, balki bir qator reyting ko‘rsatkichlarini kompleks tahlil qilishga harakat qiladilar.

Soha vakillarining ma’lumotlariga ko‘ra, hozir jahonda 160 dan ortiq xalqaro reytinglar mavjud bo‘lib, ulardan 50 ga yaqini ta’sir doirasi yuqori reytinglar sanaladi. Masalan, raqobatbardoshlik, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini baholab borish bo‘yicha, global raqobatbardoshlik indeksi, biznesni yuritish yengilligi indeksi, sanoat raqobatdoshligi indeksi, global innovatsion indeksi, inson salohiyati rivojlanishi indeksi, transchegaraviy investitsiyalash indikatorlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tartibga solish indeksi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorlik indeksi kabilar shular jumlasidandir.

Ushbu asosiy xalqaro reytinglar va indekslarda O‘zbekistonning ham munosib o‘rinlarda bo‘lishi muhim ahamiyatga egadir.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘sini shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini xolis va haqqoniy baholashni ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 25 fevraldagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni baholashning yaxlit va mustaqil tizimini shakllantirish, shuningdek, respublikaning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashni ta’minlash yo‘llari belgilab berildi.

Mazkur Qaror asosida joriy etilayotgan 3 ta muhim yangilikka alohida e’tibor qaratib o‘tmoqchiman.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini monitoring qilish va baholash milliy tizimi, ya’ni Milliy monitoring tizimining yaratilishidir.

Boshqaruv sifati va siyosatning samaradorligini o‘lchash, mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlar jarayonini baholash, tadqiqotlar natijalaridan kelib chiqqan holda islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqishga yordam beruvchi ustuvor xalqaro reytinglarning mezonlari va indikatorlari Milliy monitoring tizimining tarkibiy qismi etib belgilandi.

Ikkinchidan, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yaxshilash, aholining davlat organlari faoliyatidan qoniqishi darajasini hamda ularning xodimlari kasbiy mahoratini oshirish maqsadida “davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutining joriy etilayotganligi.

Joriy etiladigan “davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti ma’muriy tartib-qoidalar amalga oshirilishi qulayligi va davlat organlari, shuningdek, ularning xodimlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda normativ-huquqiy hujjatlar talablari, xodimlarning professionalligi va tezkorligi, ularning aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini baholaydi. Ushbu xolis baholash monitoring natijalari shaxsiy bo‘lmagan shaklda rasmiylashtiriladi hamda qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish uchun tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan vazirlik va idoralarga majburiy tartibda ko‘rib chiqish uchun taqdimnomalar yuboriladi.

Uchunchidan, “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portalining yaratilishi ushbu yo‘nalishda samarali muloqot va axborot almashishga xizmat qiladigan quyidagi imkoniyatlarni ta’minlaydi:

xalqaro reytinglar bo‘yicha yillik hisobotlar, shuningdek, hisobotlarni o‘rganish va e’lon qilish muddatlarini ko‘rsatgan holda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar ahvolini yaxshilashga qaratilgan xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning tavsiyalari;

xalqaro reytinglar indikatorlari bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasiga oid axborotlar;

tegishli reytinglar yo‘nalishlari bo‘yicha jamoatchilik fikri so‘rovnomalari, shuningdek, ijtimoiy va ilmiy tadqiqotlar natijalari;

xalqaro reytinglar savolnomalari shaklida har bir indikator kesimida to‘liq va aniq ma’lumotlar, shu jumladan, statistik ma’lumotlar;

tegishli reytinglar bo‘yicha turli ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish imkoniyati;

tegishli xalqaro reyting metodologiyasi bo‘yicha onlayn o‘qitish resursi;

respondentlar tomonidan joylarda qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni taqdim etish imkoniyati.

Prezidentimiz qarorida ko‘rsatib o‘tilgan bu kabi muhim ustuvor vazifalar O‘zbekistonning global reytinglardagi ishtirokiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etiladigan xorijiy investitsiyalar hajmining sezilarli darajada o‘sishiga, mamlakatimiz bo‘ylab investitsiya borasidagi qulay axborot maydonini paydo bo‘lishiga, eng muhimi yurtimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Nasimjon ALIMOV,

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

Siyosiy ta’lim markazi rahbari

  • Ko'rildi
    1120
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Алимов У́ткир2019-03-01 10:55:03

Партиянгиз депутати Тажибаев Абдусамат мени тадбиркорлик фолчтимга ёрдам бериш у́рнига тиммай йозувчилик килмокда нег депутатман деб менга тазик утказмокда мен сизларга шу учун овоз берганмами.


Fikringizni qoldiring

+