Xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishda ustuvor vazifalar belgilandi

27.11.2020, 18:40

Xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishda ustuvor vazifalar belgilandi

Qaysi soha jadal rivojlansa, o‘sha soha uchun xizmat ko‘rsatish tizimiga ehtiyoj  ortaveradi. O‘zi xizmat va servisga bog‘liq bo‘lmagan birorta sohani topib bo‘lmaydi. Bu bog‘liqlik va uzviylik yo‘qolgan joyda na rivojlanish bo‘ladi, na taraqqiyot. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida hududlarda xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar bejiz muhokama qilinmadi. Unda dunyoda servis sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi o‘rtacha 61 foizga teng ekanligi va bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 36 foizni tashkil etishi taqqoslab ko‘rildi.

Ana shu birgina raqamning o‘zi mamlakatimizda xizmatlar va servis sohasi oqsayotganini ko‘rsatib turibdi. Bu sohani rivojlantirish orqali qanchadan-qancha yangi ish o‘rinlari ochish, aholi mushkulini oson va uzog‘ini yaqin qilish mumkinligi Prezidentimiz tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi. 

Hammamizga ma’lumki,  davlatimiz tomonidan tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayapti, qulay imkoniyat ham imtiyozlar yaratib berilayapti. Bunings amarasi o‘laroq  bugungi kunda agrosanoat tarmog‘i izchil rivojlanib, zamonaviy issiqxonalar, intensiv bog‘lar va chorvachilik xo‘jaliklari ko‘payib bormoqda. Ammo issiqxonada pomidor, bodring, kivi yoki mandarin yetishtirish ilmini puxta biladigan, shu sohaning yetuk agronomlari,  zootexnik va veterinarlari,  o‘simliklarni himoya qilish, urug‘chilik bo‘yicha mutaxassislar juda kam. Ularga esa talab nihoyatda ortib bormoqda. Videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz bu sohada zamonaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda xorijiy mutaxassislar bilim va salohiyatidan foydalanish, amaliy o‘quv kurslari tashkil etish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalarida bino va inshootlaridan tashqari 5-10, hatto 15 sotixgacha ortiqcha yer maydonlari mavjud. Bu yer maydonlarining bir qismi foydalanilmasdan turibdi. Aynan ana shu foydalanilmay turgan va ta’lim hamda tibbiyot muassasalariga tegishli bo‘lgan yerlarda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo qilish maqsadga muvofiqdir. Bu yerlarga tadbirkor va investorlarni jalb qilish orqali xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish imkoniyati mavjud. Yerlarni ajratish va taqsimlashda mutasaddi rahbarlar va deputatlar faollik ko‘rsatishlari lozim.

Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish  masalalari partiyamiz dasturida ham belgilangan bo‘lib,  unda muhim vazifa sifatida  davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish asosiy vazifa etib belgilangan. Shunday ekan, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish uchun biz deputatlar joylarda astoydil ish olib boramiz va davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni amalga oshirishda bosh-qosh bo‘lamiz.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    867
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+