O’zbekiston va Fransiya: uzoq muddatli aloqalarning zamonaviy bosqichi

03.11.2023, 15:50

O’zbekiston va Fransiya: uzoq muddatli aloqalarning zamonaviy bosqichi

Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan faol tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Demokratiya, inson huquq va erkinliklari bo‘yicha umume’tirof etilgan me’yorlarga muvofiq rivojlanayotgan, xalqaro hamjamiyat bilan do‘stlik va hamkorlik  tamoyillariga tayangan Yangi O’zbekistonni barpo etishda Yevropa mamlakatlari bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatimizga rasmiy tashrifi mazkur tendensiyaning dalilidir. Fransiya Respublikasi Prezidenti bilan birgalikda rasmiy shaxsllar, yetakchi kompaniyalar rahbarlari, taniqli madaniyat va fan  arboblaridan iborat delegatsiya ham mamkatimizga tashrif buyurdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Samarqandda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda O’zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ko‘p  tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qayd etish joizki, savdo-iqtisodiy, innovatsion, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi. Xalqaro kun tartib masalalari, umumiy chaqiriqlar va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.

Fransiya O’zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini, shuningdek, mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishini hamda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, O’zbekiston va Fransiya rahbarlari ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari vakillari yig‘ilgan  qo‘shma biznes-forumda ham ishtirok etdi.

Ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish maqsadida O’zbekiston-Fransiya savdo palatasini tashkil etilishi  va Toshkent shahrida “Business France” agentligining ofisini ochish rejalashtirilayotgani  e’lon qilindi.

Tashrif doirasida Samarqanddagi Registon maydoniga tashrif uyushtirilishi ramziy ma’noga ega. Bu yerda xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklikni mujassam etgan jihatlar ko‘p. Ma’lumki, Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI bir-biriga maktublar yuborib, aloqa o‘rnatgan. 

Bugungi kunda oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar samarasida O’zbekiston va Fransiya munosabatlari keng qamrovli tus oldi. Xususan, O’zbekistonda iqtisodiy islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilganidan so‘ng,  keyingi 6 yilda O’zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash  hajmi 133,2% ga o‘sdi. 2022 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2021 yilga nisbatan 122% ga, eksport hajmi 3,3 barobarga oshdi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin orada 1 milliard yevroga yetishi kutilayotgan tovar ayirboshlash jadal o‘sayotganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.

Tomonlar faol siyosiy aloqalarni, parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va iqtisodiy idoralarning muntazam muloqotini davom ettirishga kelishib oldilar.

Gumanitar sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida uch yillik dastur qabul qilish va uning doirasida o‘zaro Madaniyat kunlarini o‘tkazish taklif qilindi. Fransiyaning turli shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xivaga charter reyslarni tashkil etgan holda sayyohlar almashinuvini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Qayd etish joizki,  muzokaralar yakunida davlatlar rahbarlari barcha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni  tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Xususan, O’zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Jumladan, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi hamda moliya, ta’lim, madaniyat va ikki tomonlama hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. 

Tashrif doirasida O’zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda «SUEZ» va «Bouygues» kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyalar imzolandi.

Tashrif yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, yetakchilar Fransiya bilan O’zbekiston o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar hamda ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldilar.

Fransiya delegatsiyasining nufuzliligi E.Makronning O’zbekiston-Fransiya o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga ko‘rsatayotgan  shaxsiy e’tibori  va alohida yondashuvining tasdig‘idir.

Yurtimizda Fransiyaning Orano, EDF, Total, SUEZ, Eiffage, Voltalia, Lactalis, Veolia va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Biroq mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy  salohiyat to‘la ro‘yobga chiqmagan. Qazib olish tarmog‘i, strategik xomashyo resurslarini qayta ishlash, gibrid, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy etish, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, turizmni hamkorlikning ustuvor sohalari sifatida qayd etish mumkin.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    176
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+