Prezidentimiz Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida muhim tashabbuslarni ilgari surdi

06.11.2023, 11:02

Prezidentimiz Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida muhim tashabbuslarni ilgari surdi

Turkiy davlatlar tashkiloti tobora muhim davlatlararo birlashmaga aylanib bormoqdaki, bu boshqa mamlakatlarning tashkilotga teng huquqli a’zo yoki kuzatuvchi sifatida qo‘shilishga qiziqish bildirayotganliklarida namoyon bo‘lmoqda. Tashkilot turk aholisi bo‘lgan yoki keng ma’noda aytganda, turk olamiga tegishli, qo‘shma madaniy va iqtisodiy loyihalarni taklif etishga tayyor davlatlar uchun avvalgidek jozibador bo‘lib qolmoqda.

Mintaqaviy savdo munosabatlari va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish; har tomonlama va balanslashgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotga intilish; fan, texnika, ta’lim va madaniyat sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish – Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy vazifalaridir. 

O’tgan yili bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotinin Samarqand sammiti bu vazifalarni amalga oshirishga ulkan hissa qo‘shdi. O’tgan davr mobaynida imzolangan muhim hujjatlar izchil amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, O’zbekiston Tashkilotning barcha a’zolari bilan strategik hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.

O’zbekiston raisligi davrida turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yuzdan ortiq turli tadbirlar o‘tkazildi, muhim tashabbuslar ilgari surildi, yangi tuzilmalar tashkil etildi, bir qator nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin sheriklik aloqalari o‘rnatildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Turkiy davlatlar tashkiloti Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ldi. Sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya, ekologiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.

Sammit delegatsiya rahbarlariga xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish imkonini berdi. Kun tartibiga muvofiq, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O’zbekiston Prezidenti o‘z nutqida bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bog‘langan turkiy xalqlarning ovozi dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangrayotganini ta’kidladi. Tashkilot bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqonning quyidagi da’vatini keltirdi: “Ey turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla – yanada yuksalgaysan!”.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelayotgani, xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish holatlari ko‘payib borayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Falastin-Isroil mojarosi keyingi paytda xavfli tus olgani jiddiy xavotirga solayotgani qayd etildi. Qurolli to‘qnashuvlar oqibatida tinch aholi, ayniqsa keksalar, ayollar va bolalar orasida qurbonlar va jarohat olganlar soni keskin ortib, nizoning keng yoyilib ketish xavfi kuchaymoqda.

Shu munosabat bilan O’zbekiston yetakchisi tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarga barham berib, o‘t ochishni to‘xtatishga, gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga chaqirdi. Falastin-Isroil muammosini BMT rezolyutsiyalariga muvofiq “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etish zarurligi borasida O’zbekistonning pozitsiyasi qat’iy ekani bildirildi.

O’zbekiston rahbari ishtirokchilar  e’tiborini ming yillar davomida tarixi va taqdiri turkiy elatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ko‘pmillatli jafokash Afg‘oniston xalqiga qaratdi. Mamlakatimiz yetakchisi afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida O’zbekiston Prezidenti qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini faollashtirish muhimligi qayd etilib, ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirish taklifi bildirildi.

Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni to‘liq ma’qullab, O’zbekiston Prezidenti markaz imkoniyatlaridan savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishda unumli foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari O’rta koridor salohiyatini kengaytirish, qo‘shimcha ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlarimiz orqali o‘tadigan yo‘laklarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, Tashkilotning Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etish va bu tuzilmaning direksiyasini O’zbekistonda joylashtirish taklif etildi.

Xulosa qilib, shuni ta’kidlaymizki, sammit yakunida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator bitim va qarorlar qabul qilindi. Tashkilotga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdi. Umuman olganda, bo‘lib o‘tgan sammit  Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlarining o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash, birgalikda turli to‘siqlarni samarali yengib o‘tishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatdi.

Aktam XAITOV,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    250
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+