“Youth Sports Challenge” loyihasi yoshlarni sportga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Youth Sports Challenge” loyihasi doirasida Nukus shahar 1-sonli sport maktabida o‘smir qizlar o‘rtasida voleybol musobaqasi tashkil etildi. Unda Nukus shahrining 12 ta mahallasidan jamoalar ishtirok etib, 100 ga yaqin yoshlar qamrab olindi.
— Bugungi musobaqa bizga nafaqat sportda o‘z kuchimizni sinash, balki jamoaviylik va hamjihatligimizni namoyon etishga imkon berdi, – dedi “Jolshilar” MFY jamoasi a’zosi J. Bazarbayeva. – “Youth Sports Challenge” kabi loyihalar biz kabi yoshlarni sportga bщlgan qiziqishimizni oshiradi. Qobiliyatimizni namoyish etishga imkon yaratadi.
Qizg‘in va do‘stona ruhda o‘tgan musobaqada ishtirokchilarning chaqqonligi, jamoaviy harakati va g‘alabaga intilishi yaqqol namoyon bo‘ldi. Yakunlarga ko‘ra, eng yaxshi natijani qayd etgan “Jolshilar” MFY jamoasi musobaqa g‘olibi bo‘ldi.