Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlarning manzilliligi ta’minlanadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 11-13-mart kunlari Fransiya Respublikasiga davlat tashrifining ahamiyati muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Fransiya uchun faqat savdo-iqtisodiy sohada yaqin hamkor emas, balki boshqa yo‘nalishlarda ham muhim sherik hisoblanadi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanmoqda. Agar 2020-yilda tovar aylanmasi 220 milllion AQSH dollari bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda ushbu ko‘rsatkich 1,1 milliard AQSH dollardan oshdi.
Deputatlar ushbu tashrifning ahamiyati haqida to‘xtalib, uning doirasida imzolangan hujjatlar davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga chiqish, ikki tomonlama munosabatlarni barqaror chuqurlashtirishga xizmat qilishini, har ikki tomonning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdilar. Uning yakunlaridan kelib chiqib O‘zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan bir qator qonun loyihalari ham atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.
Bugungi kunda aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatishda shaxslarning (oila) iqtisodiy holatini aniqlashda ayrim muammolar mavjud. Ushbu qonun loyihasining maqsadi esa Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishning manzilliligini oshirish va “ijtimoiy karta” tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
U bilan bir qator qonunlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan fuqarolar (oilalar)ning ma’lumotlarini olish va qayta ishlash huquqini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlarini savollarga tutishdi. Partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, loyihani yanada takomillashtirish va pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha bir qator takliflar berdi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi aholini ijtimoiy himoya qilish organi tomonidan ehtiyojmand aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatini har tomonlama baholash orqali davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlarning manzilliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi. Fraksiya a’zolari ushbu hujjatning mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritib, u bilan Jinoyat-protsessual kodeksga voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish muddatlarini aniq belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilayotganini qayd etdi.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bolalar huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamalar, savol-javoblardan so‘ng har ikkala qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.