Shanba 22-Fevral 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkiga nisbatan huquqlari ustuvorligi ta’minlanadi

10.02.2025
114

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 4-5-fevral kunlari Malayziyaga rasmiy tashrifining ahamiyati muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim o‘rtasidagi faol va ishonchli siyosiy muloqot tufayli ikki davlat hamkorligi yangi mazmun bilan boyib, yanada yuqori darajaga ko‘tarildi. Siyosiy muloqot faollashib, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Xususan, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar tobora mustahkamlanyapti. Buni oxirgi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobar oshgani, O‘zbekiston hududida Malayziya kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 37 taga yetgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Fraksiya a’zolari ushbu tashrif va uning doirasida imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iliq va do‘stona munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘zaro ishonch va anglashuv poydevoriga asoslangan ikki tomonlama hamkorlikda yangi sahifa ochishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng, deputatlar Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2024-yil yakunlari ijrosi yuzasidan hisobotini muhokama qildilar.

Deputatlar partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, Davlat dasturining iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.

Dasturdagi ustuvor yo‘nalishlar va maqsadlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida barcha zarur choralar ko‘rilgani, 2024-yil yakunida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan 6,5 foizni tashkil qilgani alohida qayd etildi.

Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishidagi ustuvor maqsadlar doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida yalpi ichki mahsulot 106,5 foizga, sanoat 106,8 foizga, qurilish 108,8 foizga, xizmatlar 107,7 foizga, qishloq xo‘jaligi 3 foizga o‘sgani ta’kidlandi.

Hisobot yilida shuningdek, qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish maqsadida hududlarda umumiy qiymati 329,8 mlrd so‘mlik quvvati 96,5 ming tonna bo‘lgan 12 ta agrologistika markazlari ishga tushirilgan va 500 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Qolaversa, hududlarda 50 ming gektarda intensiv sabzavot yetishtirilgan.

Munozaralar davomida deputatlar Dasturda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholadilar. Shu bilan birga, ayrim masalalar yuzasidan bir qator takliflar berishdi. Savol-javoblardan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturini 2024-yildagi ijrosi yuzasidan hisoboti ma’qullandi.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari kun tartibidan o‘rin olgan — kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.

U bilan Fuqarolik, Soliq kodeklariga, “Garov to‘g‘risida”gi, “Ipoteka to‘g‘risida”gi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi hamda “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunlarga kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qondirishni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkiga nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlash, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, majburiyatni garovdagi mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Fraksiya a’zosi Jasurbek Shodiyev qonun loyihasining mohiyatiga to‘xtalib, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida fraksiya a’zolari tomonidan berilgan qator takliflar hujjat matnida aks etgani va loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilganini bildirdi.

Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?