O‘zLiDeP fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof – muhitni asrash” va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi mazmun-mohiyati hamda undan kelib chiqib fraksiya oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida bu yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi, ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati, maqsadli ko‘rsatkichlar, hududlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlarini joriy etish, bahor-kuz mavsumlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalarda daraxtlar ekish bo‘yicha reja kabi muhim chora-tadbirlar o‘rin olgan.
Fraksiya a’zolari ushbu dasturiy hujjatning mohiyati va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, unda barcha sohalar qatori O‘zLiDeP saylovoldi dasturidagi muhim vazifalar ham belgilanganini qayd etdilar. Xususan, dasturda aks etgan atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” borasidagi vazifalar partiyaning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan ko‘plab tashabbuslar, g‘oyalar bilan uyg‘un va hamohang ekanligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, dasturda bayon qilingan respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil energiya stansiyalarini barpo etish hamda 2025-yil 1-iyunga qadar “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida maxsus platformani ishga tushirish kabi vazifalar ham O‘zLiDeP taklif-tashabbuslariga hamohangdir.
Yig‘ilishda 1 ming kilometr kanallarni beton qoplamaga o‘tkazish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish orqali 390 ming gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining suv ta’minoti yaxshilash masalasi ham deputatlar tomonidan e’tirof etildi.
Deputatlar Davlat davlat dasturining ikkinchi — Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishida belgilangan maqsad va vazifalarga alohida e’tibor qaratdi.
Eksport salohiyatini o‘rganib, tadbirkorlar bilan “korxonabay” ishlarni tashkil etish va mahalliy mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirish, budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligi va natijadorligini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda O‘zLiDeP va uning parlamentdagi fraksyasi a’zolaridan alohida faollik talab etilishi qayd etildi.
Munozaralar davomida Davlat dasturining ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, unda belgilangan ustuvor vazifalarning samarali ijro etilishi ustidan ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozimligi ta’kidlandi va Dasturdan o‘rin olgan vazifalardan kelib chiqib, fraksiya oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng, deputatlar kun tartibidan o‘rin olgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Xususan, “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalar markazida bo‘ldi.
Ushbu qonun loyihasida Markaziy bankning banklarni sanatsiya qilishga doir huquqiy asoslari nazarda tutilmoqda. Shuningdek, uning bankni ixtiyoriy tugatishni amalga oshirishga doir ruxsatnomasini berish shartlari, ixtiyoriy tugatish jarayonida tugatuvchi tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar, Markaziy bankka taqdim etib boriladigan hisobotlar hamda tugatish jarayoni ustidan u tomonidan amalga oshiriladigan nazorat qoidalari belgilanyapti.
Deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida fraksiya a’zolari tomonidan berilgan bir qator takliflar e’tiborga olingani va hujjat matnida aks etganligini alohida qayd etdilar.
Qizg‘in bahs-munozaralar va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi qonun loyihalari va masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.