Maqsadimiz aniq: Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida bor kuch-qudratimizni ayamaymiz
Davlat rahbari bilan har yili bir necha yuzlab tadbirkorlarning bevosita muloqoti va masalaning joyida yechilishi xalqaro amaliyotda juda kamdan-kam uchraydigan hodisa. O‘zbekistonda ana shunday jonli va samimiy muloqotning beshinchi marotaba o‘tkazilganining iqtisodiy, siyosiy, ilmiy va huquqiy ahamiyati nihoyatda ulkan.
Barchamiz guvohi bo‘lganimizdek, shu yil 20-avgust kuni Prezidentimizning tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida iqtisodiyotimizning tayanchi bo‘lgan, katta kuch — tadbirkorlar hamjamiyati uchun navbatdagi juda muhim imkoniyatlar va imtiyozlar e’lon qilindi.
“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyilidan tortib, Investitsiya kodeksini qabul qilishgacha bo‘lgan juda ko‘plab yangiliklar minglab tadbirkorlarimiz uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu taklif va tashabbuslar iqtisodiy taraqqiyotimizning navbatdagi bosqichining tizimli masalalarini yechib berdi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, O‘zbekistonning sakkiz yil avvalgi tadbirkori bilan bugungi tadbirkorining farqi qanday? Avvalo, aytish kerakki, o‘tgan qisqa davrda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda shiddatli ishbilarmonlik ruhi uyg‘ondi. Bir vaqtlar qo‘rquv va sarosima bilan ish boshlagan tadbirkor bugungi kunga kelib katta kuch va g‘ayrat, hayotbaxsh ilhom bilan bu sohaga qadam qo‘ymoqda. Xalqimizning esa tadbirkorga mehri, ishonchi va hurmati oshmoqda.
Albatta, bunday natijalarga osonlik bilan erishilgani yo‘q. Quyida amalga oshirilgan tadrijiy islohotlarning eng muhimlariga to‘xtalib o‘tsak.
Darhaqiqat, o‘tgan qisqa muddatda iqtisodiyotning moliyaviy barqarorlashuviga erishilgani, institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilgani, iqtisodiyotning zamonaviy tarmoqlariga asos solingani, kichik va o‘rta biznes rivoji kuchli turtki beruvchi yangi mexanizmlarning ishga solingani mamlakat iqtisodiyotining qiyofasini o‘zgartirib yubordi.
Buni 2016-yilda O‘zbekistonda 250 mingta atrofida tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 600 mingga yetgani misolida ko‘rish mumkin. Ya’ni, so‘nggi sakkiz yilda tadbirkorlar soni ikki yarim barobardan ko‘proq oshdi. Bu o‘sishning asosiy sabablaridan biri biznesga yaratilayotgan imkoniyatlardir.
Ortiqcha byurokratiya va hujjatbozlik barham topdi. Soliq turlari qisqartirildi, stavkalar pasaytirildi. Aholi va tadbirkorlardan 120 turdagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinib, yana shuncha litsenziya raqamlashdi. Birgina o‘tgan yili 16 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, natijada tadbirkorlarning 350 milliard so‘mlik xarajatlari tejaldi. Biznes ochish jarayoni qisqa vaqt ichida amalga oshiriladigan sodda tizimga aylandi.
Ilgari tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga bir necha kun vaqt talab etilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu jarayon to‘liq elektron shaklga o‘tgan. Litsenziya va ruxsat berish turlari 2 barobarga qisqartirilib, 100 dan ortiq ruxsatnoma turlari bekor qilindi.
Tadbirkorlar bilan muloqot qilish tizimi tubdan takomillashtirildi. Prezidentimizning tadbirkorlar bilan muloqoti an’anaviy tus olib, har yilgi muloqot jarayoni juda katta tayyorgarlik va tadbirkorlar oldida turgan ko‘plab masalalarning yechimiga xizmat qilmoqda.
Masalan, ilk ochiq muloqotdan buyon tadbirkorlarning 1 mingga yaqin tashabbusi qonunchilikka kiritildi. Buning natijalarini nafaqat tadbirkorlar, balki butun aholi o‘zining kundalik hayotida his qilmoqda. Biznesni “soya”dan chiqarish choralari natijasida 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi. 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga oshirdi.
Mamlakatimizda 20 avgust kuni “Tadbirkorlar kuni” sifatida belgilangani tadbirkorlikning davlat va jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rnini e’tirof etish, ularning nufuzini oshirish hamda jamiyatda tadbirkorlik madaniyatini shakllantirishga zamin yaratmoqda.
Ushbu sana arafasida har yili faol va namunaviy tadbirkorlar davlat mukofotlari, shu jumladan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “Mehnat shuhrati” medali va “Faol tadbirkor” ko‘rkak nishonlari bilan taqdirlanmoqda. Bu esa tadbirkorlik sohasiga bo‘lgan davlat e’tiborining amaliy ifodasidir.
Mamlakatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklidagi navbatdagi uchrashuvining Yangi Toshkentda o‘tkazilgani ham unga o‘zgacha ma’no va mazmun baxsh etdi. Chunki Yangi Toshkent Prezidentimiz aytganidek, “islohotlarimiz hayotda qanday aks etayotganining yaqqol isboti, yangilanish va taraqqiyot yo‘lidagi dadil qadamlarimizning yorqin timsoli” bo‘lib qolmoqda.
Biznes uchun yangi sharoitlarni yaratib berish yo‘lidagi harakatlar bu yil ham davom etayotganligini ko‘rish mumkin. Davlatimiz rahbari tomonidan uchrashuvda davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik “moratoriy” e’lon qilinishi, hududlarda sanoat infratuzilmasini yaxshilashga bu yil 1,7 trillion so‘m, keyingi yilda esa 2,1 trillion so‘m ajratilishi e’lon qilindi. Bularning barchasi O‘zbekiston yetakchisi biznes uchun, tadbirkorlik uchun nihoyatda katta imkoniyatlar eshigini ochib berayotganini ko‘rsatadi.
Tadbirkorlikka berilayotgan bunday e’tibor, albatta, natijasini beradi. O‘tgan sakkiz yilda amalga oshirilgan qattiq mehnat natijasi o‘laroq iqtisodiyotimizning ko‘plab tarmoqlari yo‘qdan bor qilindi. Bu davrda turli sohalarga 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliarddan ortig‘i xorijiy sarmoya ekanligi amalga oshirilgan katta mehnat samarasidir.
Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan pragmatik siyosat tufayli, bu yil birinchi yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,2 foizga o‘sdi. E’tiborlisi, O‘zbekiston bunday natijalarga jahon iqtisodiyoti turli nizo va ziddiyatlar tufayli g‘oyat murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgan bir vaqtda erishmoqda.
Muloqotda investitsiyaviy munosabatlarni tartibga solish, sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilish va ularga sharoitlar yaratish bo‘yicha yuzlab hujjatlar borligi, bularning hammasini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan yagona qonunga birlashtirib, Investitsiya kodeksini qabul qilish vaqti kelgani urg‘ulandi. Ushbu tashabbus O‘zLiDeP saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalarga uyg‘un va hamohangdir.
Mazkur tashabbus partiyamiz elektorati bo‘lgan ming-minglab tadbirkorlarimizning ayni dilidagi gap bo‘lib, ularga yangi kuch-g‘ayrat bag‘ishladi, ularni milliy iqtisodiyot taraqqiyotida yanada faol bo‘lishga chorladi. Chunki mazkur hujjat investitsiya sohasidagi barcha qoida, kafolat va tartib-taomillarni bir tizimga solib, investitsiyalarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Bu oqilona tadbir O‘zbekistonni tadbirkorlar mamlakatiga aylantiradi.
Islohotlar nafaqat son jihatdan o‘sishni, balki sifat jihatdan o‘zgarishlarni ham ta’minladi. Xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 55 foizdan ortiqni tashkil qilmoqda. Xususiy sektorda yaratilgan ish o‘rinlari soni esa umumiy ish o‘rinlarining qariyb 75 foizini tashkil etyapti. Shu bilan birga, oilaviy biznes, fermer va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish sohasida ham sezilarli o‘sish kuzatildi.
Moliya bozori va valyuta siyosatida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Ilgari milliy valyuta — so‘mni erkin ayirboshlash katta muammo bo‘lgan bo‘lsa, 2017 yildan keyin u to‘liq konvertatsiya qilindi. Bu qadam tadbirkorlar va investorlar uchun ishonchli muhit yaratib berdi. Bank tizimida elektron xizmatlar kengaydi, kredit mahsulotlari turlari ko‘paydi, moliya operatsiyalari shaffoflashdi. Natijada iqtisodiyotda ochiqlik va ishonch muhiti paydo bo‘ldi.
So‘nggi sakkiz yil davomida soliq, budjet, pul-kredit siyosati va boshqa iqtisodiy jarayonlarni muvofiqlashtirishning huquqiy asoslariga oid ko‘plab yangi qonunlar qabul qilindi. Qonun hujjatlarida chet ellik ishbilarmonlar va investorlar huquqlarining himoyasi kuchaytirildi. Ularga O‘zbekistonda ko‘chmas mulk sotib olish, kelib-ketish va yashash shartlarini soddalashtirishning huquqiy asoslari takomillashtirildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi mustahkamlab qo‘yildi. Mazkur normaning Bosh qomusimizda aks ettirilishi tadbirkor uchun qonun hujjatlarida cheklov qo‘yilmagan iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Yana bir hayotiy misol: soliq va biznes muhitida juda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bu tizimda ortiqcha byurokratiya va hujjatbozlik barham topdi. Soliq turlari qisqartirilib, stavkalar pasaytirildi. Biznes ochish jarayoni qisqa vaqt ichida amalga oshiriladigan sodda tizimga aylandi. Shu bilan birga, litsenziya va ruxsatnoma turlari ikki barobardan ko‘proq qisqartirildi. Bunday o‘zgarishlar tadbirkorlik muhitini ancha yengillashtirdi va kichik hamda o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushi sezilarli darajada ortishiga olib keldi.
O‘tgan davrda sanoat va infratuzilma sohalarida ham yangi korxonalar ishga tushirilib, energetika sohasida zamonaviy elektr stansiyalari qurildi. Bugungi kunda O‘zbekiston, nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, balki kimyo, mashinasozlik va qurilish materiallari sohalarida ham eksportchi mamlakatga aylanib bormoqda. Bu esa iqtisodiyotning tarmoqlar bo‘yicha muvozanatli rivojlanishidan dalolat beradi.
Fermerlarga ekin turini erkin tanlash huquqi berildi. Agroklasterlar tizimi yo‘lga qo‘yilib, meva-sabzavot eksporti ikki barobarga ortdi. Yerdan foydalanish huquqini taqdim etishda elektron auksionlar tizimi yo‘lga qo‘yildi, ochiqlik va samaradorlik ta’minlandi. Bugun qishloq xo‘jaligi nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirmoqda, balki mamlakat iqtisodiyotiga valyuta kirituvchi yetakchi tarmoqqa aylandi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi sohadagi islohotlarni chuqurlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 2020 yildan paxta va g‘allani yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini joriy etish orqali davlat monopoliyasiga barham berildi.
Investitsiya va tashqi hamkorlik sohasida ham O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy hamjamiyatda yangi mavqeiga ega bo‘ldi. Shu davrda turli sohalarga 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi. Shundan 120 milliarddan ortig‘i – xorijiy sarmoya ekanligi alohida e’tiborga molikdir.
Ushbu o‘zgarishlar natijasi va samarasini bugun xalqaro hamjamiyat e’tirof etmoqda. Xususan, so‘nggi 5 yilda Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekistonning o‘rni 48 pog‘onaga, Garvard iqtisodiy murakkablik indeksida 28 pog‘onaga ko‘tarildi. 2025-yilda Barqaror taraqqiyot indeksida O‘zbekiston o‘z mavqeini birdaniga 19 pog‘onaga yaxshilab, 62-o‘ringa ko‘tarilganligi qayd etiladi. Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatimiz 8-o‘rin, kredit olish imkoniyatlari bo‘yicha esa 22-o‘rinni qayd etdi.
Bular, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Yutuqlar o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan mashaqqatli mehnat, qat’iy harakatning natijasi bo‘ldi. Xalqni rozi qilishni o‘zining asosiy maqsadiga, elga-yurtga sidqidildan hizmat qilishni eng muhim vazifasiga aylantirgan davlatimiz siyosatini yurtdoshlarimiz ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Xalqimizga xos bo‘lgan mana shu yakdillik, bag‘rikenglik Yangi O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan olamshumul o‘zgarishlarning yuqori sur’atlarda ilgarilab borishiga turtki berayotgan qudratli kuchdir.
Ochiq muloqotda juda ko‘plab tashabbuslar, imtiyozlar, yengilliklar, yangi sharoit-imkoniyatlar tilga olindi. O‘z navbatida, ko‘tarilgan dolzarb masalalar, bildirilgan tashabbuslar biz, deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu borada biz qonun ijodkorligi jarayoniga yanada jiddiy yondashib, tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan masalalar yechimini qonunlarda aks ettirishga alohida e’tibor qaratamiz.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari.