Nizolarni hal etishda mediatsiya instituti rivojlantiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiya yig‘ilishida dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 14-fevral kuni yoshlar bilan videoselektor shaklida o‘tgan uchrashuvining mazmun-mohiyati va ahamiyati muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yoshlarga doir davlat siyosati asosida yosh avlodning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularning ezgu orzu-intilishlari, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, bandligini ta’minlash, bilim va kasb-hunar egallashi hamda ular uchun munosib ish va turmush sharoiti yaratishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, yoshlarga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi ko‘plab qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar butunlay yangi bosqichga chiqdi.
Fraksiya a’zolari ushbu muloqotning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uchrashuvda belgilab berilgan ustuvor vazifalar O‘zLiDeP saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalarga uyg‘un va hamohang ekanligini qayd etdilar.
Yoshlar uchun manfaatli ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishga ko‘maklashish yo‘nalishlarida tizimli ish olib borish, yoshlar bandligi va ishbilarmonligini faol qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish uchun mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish partiya saylovoldi dasturidan o'rin olgan.
Munozaralar davomida fraksiya a’zolari muloqotda Prezidentimiz yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha belgilab bergan vazifalar, jumladan, Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratilganligini alohida qo‘llab-quvvatladilar.
Deputatlar davlatimiz rahbarining bildirgan taklif-tashabbuslari partiyaning yoshlar uchun manfaatli ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar tadbirkorligini moliyalashtirishga ko‘maklashish hamda yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalari ijrosi uchun muhimligini qayd etdilar.
Fraksiya yig‘ilishida nizolarni muqobil hal etishda mediatsiya institutini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Ushbu loyihani ishlab chiqishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarining amaliyotda samarali ishlashini ta’minlash, mediatsiya sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash orqali sudlarda ish yuklamasini kamaytirishga erishishdan iborat.
Qonun loyihasi bilan mediatsiya qo‘llaniladigan sohalar doirasi kengaytirilmoqda. Notariuslarga “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan barcha turdagi sohalar bo‘yicha mediator vazifasini amalga oshirish vakolati berilmoqda.
Shuningdek, mediatorlarning har uch yilda malakasini oshirish zarurati belgilanmoqda. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etishga oid qoidalar kiritilmoqda.
Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, undagi ayrim normalar yuzasidan partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib qonun tashabbuskorlariga bir qator savollar berishdi.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi aholining huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish, sudlardagi ish hajmini maqbullashtirishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.
Yig‘ilishda fraksiya faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.