O‘zLiDeP saylovoldi dasturi loyihasi fermerlar davrasida muhokama qilindi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi saylovoldi dasturi loyihasini keng aholi qatlami, partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fermerlar, yoinki barcha soha vakillari ishtirokida qizg‘in muhokamalarni olib boryapti.
Qibray tumanidagi “Bahor gullari” MCHJda tashkil qilingan O‘zLiDeP saylovoldi dasturi muhokamasida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda partiya rahbari Aktam Xaitov o‘tgan 5 yil davomida O‘zLiDeP tashabbusi bilan fermerlikni rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar xususida gapirib berdi. Jumladan, o‘tgan yillarda “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bilan yangi va foydalanishdan chiqqan 464 ming gektar maydonni o‘zlashtirish hamda klasterlarga ochiq tanlov asosida ajratish belgilandi. Shunga muvofiq, 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish evaziga aholiga ochiq tanlov asosida uzoq muddatli ijaraga berish ishlari boshlandi.
Partiya bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Xususan, partiya davlat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan, fermerlarning o‘z hosilini tasarruf etish va narx belgilashiga aralashuvini qat’iy taqiqlash, “Agrosanoat klasterlari to‘g‘risida”gi qonunini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini haqiqiy bozor aktiviga aylantirish, ijara huquqini bo‘lib sotish, undan garov predmeti sifatida foydalanish uchun qonuniy bazani takomillashtirishni o‘zining ustuvor vazifasi, deb belgilagan. Partiya aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotiga bo‘lgan talabini to‘la qondirish va ichki bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari barqarorligiga erishishni o‘zining bosh vazifasi, deb biladi.
Shuningdek, kelgusi 5 yillikda har bir mahallada yetishtirilgan mahsulotni qabul qilish, saralash, saqlash, qayta ishlash va sotishga ko‘maklashuvchi shaxobchalar tashkil etish, dehqon xo‘jaliklari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratish, organik mahsulot yetishtirayotgan fermer xo‘jaliklari uchun soliq imtiyozlarini joriy etish masalalariga ham partiya jiddiy e’tibor qaratadi.
Muhokama ishtirokchilari fermer va dehqonlarning huquqlarini himoya qilishda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi imkoniyatlarini kengaytirishni, ularga ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatlarini mavsumiylikdan kelib chiqqan holda belgilashni taklif qilishdi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ekinlari va chorva mollarini sug‘urtalash tizimini takomillashtirish, xorijdan serhosil, kasalliklarga chidamli o‘simlik urug‘lari va ko‘chatlari olib kirishdagi mavjud to‘siqlarni olib tashlashda partiyadan yordam kutishlarini izhor qilishdi.