Shanba 21-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Saylovdan saylovgacha: islohotlar muvaffaqiyati uchun mas’uliyatni zimmaga olish samarasi

01.11.2024
266

Qizg‘in kurash va kuchli  raqobat sharoitida o‘tgan navbatdagi saylovlar ham nihoyasiga yetdi. O‘zLiDePning elektorat ishonchini oqlash yo‘lidagi sa’y­ harakatlari o‘zining amaliy natijasini berdi. Diqqatga sazovor jihati shundaki,  O’zbekiston Liberal­demokratik partiyasi boshqa siyosiy kuchlarga nisbatan katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi.

Parlament quyi palatasi deputatlari saylovi bo‘yicha bir mandatli 75 ta saylov okrugining 38 tasida O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodlar ko‘p ovoz olishga erishgan bo‘lsa, yagona saylov okrugi bo‘yicha  75 ta deputatlik o‘rnining  26 tasi maslakdoshlarimizga nasib etdi.

Shunday qilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi jami 150 ta deputatlik  o‘rnining 64 tasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal­demokratik partiyasiga tegishli bo‘ldi. Bu – mamlakat parlamentida mutlaq ko‘pchilik, eng yirik fraksiya degani. Muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishda sezilarli darajadagi ustunlik degani.

Elektorat vakillari partiya g‘oyalarining hayotiyligini, Saylovoldi dasturida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni e’tirof etganining tasdig‘idir bu. Millionlab saylovchilarning “Va’da emas, natija, ertaga emas, bugun!” umumiy da’vatiga tayangan holda amalga oshiriladigan ishlar pirovardida farovonlikka eltishiga ishonganining dalilidir bu.

Xo‘sh, O‘zLiDeP nimalar hisobiga raqobatchilarini ortda qoldirdi? Maqtovga arzigulik yutuq zamirida qanday omillar mujassam? Yangi saylov tizimida o‘tkazilgan bu galgi siyosiy jarayonlarda partiya qanday texnologiyalardan foydalandi? Targ‘ibot tadbirlarida quruq rasmiyatchilikdan voz kechib, samimiy muloqotga ko‘proq urg‘u berilishi nechog‘li ahamiyat kasb etdi? Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, innovatsion tashviqotga e’tibor kuchaytirilgani o‘zini oqladimi?

Quyida ana shunday savollarga chuqur tahlil va taqqos asosida aniq javob berishga harakat qilamiz. Avvalgi saylovlardan to hozirgisiga qadar o‘tgan davrda partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va parlamentdagi fraksiyasi, hududiy bo‘linmalar va boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan e’tibor qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar xususida atroflicha so‘z yuritamiz. Yangi zamonda yangicha uslublarni qo‘llayotgan “Yoshlar” va “Ayollar” qanotlari intilishidagi hal qiluvchi jihatlarga, noyob va ta’sirchan topilmalarga nazar tashlaymiz. Shu asnoda muzaffarlik manzilini tobora yaqinlashtirgan jonli faoliyatning o‘ziga xos qirralari namoyon bo‘lishi tabiiy, albatta.

Yakshanba kungi voqelik MSK raqamlari talqinida

Bu yil mamlakatimiz tarixida birinchi marta aralash saylov tizimi sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Mazkur yangilikning joriy etilishi siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni har qachongidan­da kuchaytirib, jamiyatdagi demokratik muhitga bamisoli quvvat bag‘ishlagani saylovoldi tashviqoti davomida yaqqol namoyon bo‘ldi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlariga saylovni 850 dan ortiq xorijiy kuzatuvchilar bevosita kuzatib borgani e’tiborga loyiq.

27 oktabr kuni saylov jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) videotranslyatsiya qilish maqsadida yurtimiz hududlaridagi tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida videokameralar o‘rnatildi.

Mazkur saylovlarning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri – saylovchilarning fuqarolik mas’uliyati, izchil islohotlarga daxldorlik tuyg‘usining yanada oshganligi bilan bog‘liq. Buni jami 15 mln 27 ming 529 nafar saylovchi ovoz bergani ham ko‘rsatib turibdi. Bu esa ovoz bergan saylovchilar umumiy sonining 74,72 foizidan iboratdir. Hatto rivojlangan davlatlarning hammasi ham bunday ko‘rsatkichga erishishi dargumon.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlarga ko‘ra, yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi natijalari bo‘yicha O‘zLiDeP  5 mln 194 ming 41 ta yoki 34,75 foiz ovoz to‘pladi.

Ikkita saylov tizimi bo‘yicha, ya’ni deputatlikka nomzodlarga va partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylangan jami 150 nafar deputat tarkibining partiyaviy mansubligi quyidagicha bo‘ldi:

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 64 ta o‘rin yoki 42,7 foiz, O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 29 ta o‘rin yoki 19,3 foiz, O’zbekiston “Adolat” sotsial­demokratik partiyasidan – 21 ta o‘rin yoki 14 foiz, O’zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 20 ta o‘rin yoki 13,3 foiz, O’zbekiston Ekologik partiyasidan – 16 ta o‘rin yoki 10,7 foiz.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylov demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish, aholi farovonligini yanada yuksaltirish, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida xalqimiz ahillik, o‘zaro hamjihatlikda harakat qilayotganini yana bir bor namoyish etdi.

Yangilikka asoslangan liberal g‘oyalar – taraqqiyot tayanchi

“Ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiy. Bu kimgadir yoqadimi yoki yo‘qmi, xalqimiz jadid bobolarimiz ko‘rsatib bergan yo‘ldan og‘ishmay borishi kerak. Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O’zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu ibratli fikrni 2023-yilning dekabrida  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida barcha­barchamizga alohida uqtirgan edi. Mazkur fikrning bugungi siyosiy jarayonlarga aloqasi O’zbekiston Liberal­demokratik partiyasi “O’zbekiston – 2030” strategiyasini to‘liq amalga oshirish mas’uliyatini zimmasiga olgan yetakchi siyosiy kuchligiga bevosita bog‘liq.

Modomiki, XX asr boshida shakllangan jadidlar harakatining ham, XXI asr boshida siyosiy maydonga chiqqan O‘zLiDePning asosiy g‘oyalari ham yangilikka intilishdan, masalalar yechimiga innovatsion yondashishdan, dogmatik dunyo qarashni kreativ mulohaza yuritishga aylantirishdan, elu yurtni taraqqiyotga boshlashdan, yoshlarni azmu shijoatga undashdan iborat. Ergashuvchi emas, ergashtiruvchi maqomini yanada mustahkamlash orqali Vatan ravnaqi uchun kamarbastalik qilish, demokratik jarayonlarda raqobatchilardan hamisha bir qadam oldinda  yurish – bosh maqsaddir.

Jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy jamoatga qarata “To‘g‘risini aytmaguncha ishlar to‘g‘rilanmas” deya murojaat qilgan bo‘lsa, O‘zLiDeP har bir insonga, eng avvalo, qulay atrof­muhitga ega adolatli davlat kerak, degan g‘oyani o‘z Saylovoldi dasturida ilgari surdi.

Abdulhamid Cho‘lpon “Ol bayrog‘ingni, qalbing uyg‘onsin. Qur yangi davlat, yovlar o‘rtansin!” deya da’vat qilgan bo‘lsa, O‘zLiDeP xalq xizmatidagi zamonaviy davlatni barpo etish vazifasini Yangi O’zbekiston taraqqiyotining asosiy tamoyillaridan biri sifatida ko‘rmoqda. Va otashin jadid nazdidagi muzaffarlik tug‘ini ochiq va oshkora kurash maydonida boshqa siyosiy kuchlarga boy bermaslik uchun shahdam harakat qilmoqda.

Alohida ta’kidlash joizki, joriy yilgi saylovlarda O‘zLiDePning g‘olib bo‘lgani ana shunday kuchli poydevorga tayangani tufaylidir. Chunki, partiyaning elektoratga taklif etgan loyihalari hayotiy, tashabbuslari jo‘yali. Ularning har biri aniq natijaga xizmat qilishi bilan katta­yu kichikning e’tiborini tortdi. Shuning uchun aksariyat saylovchilar liberal­demokratlar uchun ovoz bergani tabiiy.

Jadidlar “Onam tili, otam uyi, bolam orzusini hech kimga bermayman!”, degan ulug‘ niyat bilan YaNGI KUCh sifatida maydonga chiqqan edi. Ular “Tilda, fikrda va ishda birlik!” da’vatini o‘z faoliyatining asosiy maqsadi etib belgilagan edi. O‘zLiDeP esa SO’ZI VA IShI BIR partiya sifatida kuchli raqobat ostidagi saylovlarga kirishdi. Ochiq va keskin kurash jarayonida o‘z elektoratiga suyangan holda xuddi jadidlarga uyg‘un ravishda “BIRGALIKDA BIZ KUChMIZ” shiorini baland ko‘tarib harakat qildi va elektorat ishonchini qozondi. – O’zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar yurtimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi, – deydi saylov natijalari e’lon qilingan kuni biz bilan muloqot  chog‘ida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov. – Ayniqsa, keyingi yillarda xalqimiz turmushi yuksalib, qishloq, mahalla, tumanlarimiz obod va ko‘rkam bo‘lib bormoqda. Yurtimizda yashayotgan har bir inson bu kabi tarixiy o‘zgarishlarni o‘z hayotida, yashayotgan mahallasi, qishlog‘i, ovulida teran his qilmoqda.

Bunday yangilanishlar jahon hamjamiyatining ham e’tiborini tortmoqda. Nufuzli xalqaro moliyaviy-siyosiy tashkilotlar, taniqli siyosatchilar o‘zining xolis va ijobiy bahosini bermoqda. Mana, masalan, saylov arafasi va ovoz berish kuni O’zbekistonda bo‘lgan mingga yaqin chet ellik ekspertlarning deyarli hammasi shunday fikrlarni bildirdi.

Demokratik islohotlar natijasida saylovlarda fikrini erkin ayta oladigan, ijtimoiy faollashgan, bir so‘z bilan aytganda, ochiq axborot makonidan foydalanayotgan saylovchilar qatlami shakllangani endilikda manaman deb bo‘y ko‘rsatib turibdi. Bunga, nainki, havas qiluvchilar ko‘paygani, hatto hasad qilayotganlar borligi ham hech kimga sir emas.  Ma’lumki, saylovchilar o‘z manfaati, biror-bir masalaga munosabatini mamlakatdagi siyosiy partiya, uning g‘oya va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash orqali bildiradi.

Shundan kelib chiqib, kechagi saylovda O‘zLiDeP, eng avvalo, 1 million 600 mingdan ziyod a’zolariga, asosiy g‘oyalariga xayrixoh yana ko‘plab yurtdoshlarimizga tayanib ulkan yutuqqa erishdi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Asosiy tirgaklardan biri fraksiyadir

Saylovlarning ijtimoiy­siyosiy ahamiyati naqadar kattaligini hammamiz yaxshi tushunamiz. Unda har bir fuqaro  o‘z taqdiri, orzu­istaklari  ro‘yobga chiqishi uchun ovoz beradi. Shu ma’noda, galdagi saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida ko‘tarinki ruhda va yuksak uyushqoqlik bilan o‘tganida ham ulkan ma’no­mazmun mujassam. Tashkil etilganiga qariyb chorak asr bo‘lgan bugungi O‘zLiDeP esa O’zbekistonning siyosiy sahnasida ko‘p sonli a’zolar va tarafdorlariga ega bo‘lgan, farovon hayotni ta’minlashda yetakchi rolni o‘ynaydigan xalqchil partiyaga aylana oldi.

Murakkab vazifalarni o‘z zimmasiga oladigan, mamlakatimiz va xalqimizning manfaatlari yo‘lida harakat qilishga qodir siyosiy kuch sifatida o‘zini yaqqol ko‘rsatdi. Elektorat vakillarining aksariyati partiyamizga ovoz berishida o‘tgan saylovoldi dasturimiz 5 ta yo‘nalishni qamrab, 200 dan ortiq aniq vazifalarni o‘z ichiga olgani va ularning aksariyati to‘liq bajarilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Besh yil davomida parlamentda 53 nafar deputatdan iborat tarkibda faoliyat ko‘rsatgan fraksiyamiz a’zolari Saylovoldi dasturidagi barcha yo‘nalishlarga aloqador bo‘lgan, maqsad va g‘oyalarimizni amalga oshirishga huquqiy asos sifatida xizmat qiladigan qonunlarni qabul qilishda faol bo‘lishdi.

Xususan, 2020­2024 yillarda parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan 404 ta qonunning har biri fraksiyamiz deputatlari tomonidan atroflicha muhokama qilinib, qo‘llab­quvvatlandi. Shu bilan birga, 41 ta qonun loyihasi bevosita fraksiyamiz deputatlari tomonidan, shundan 24 ta qonun loyihasi boshqa fraksiyalar bilan birga tashabbus huquqidan foydalangan holda ishlab chiqildi. Soliq kodeksiga biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan o‘zgartishlar kiritish, Fuqarolik kodeksini mulk huquqiga doir munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi qo‘shimchalar bilan to‘ldirish to‘g‘risidagi qonun loyihalari bevosita O‘zLiDeP  deputatlari tashabbusi bilan tayyorlandi. Bir so‘z bilan aytganda, parlamentdagi fraksiyaning faol ishtiroki asosida qabul qilingan qonunlarning aksariyati elektorat manfaati uchun xizmat qildi. Misol uchun, Bojxona, Yer va Shaharsozlik kodekslari tadbirkorlarni rag‘batlantiradigan normalar bilan boyitildi, ma’muriy va iqtisodiy javobgarlik masalalari liberallashtirildi.

Deputatlarimiz uy­joy daxlsizligi hamda undan ko‘rilgan zararning qoplanishini kafolatlaydigan qonun loyihasini takomiliga yetkazishda ham ibrat bo‘ldi. Shuningdek, “O’zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun bilan ko‘pchilik kutayotgan va millionlab oilalarga daxldor muammo hal etiladigan bo‘ldi. Ushbu hujjatning hayotga tat biq etilishi uzoq yillar mobaynida odamlarni qiynab kelgan uy­joyga egalik borasidagi dolzarb masalalarni huquqiy jihatdan yechish asosini yaratdi.

Saylovchilar partiyaning asosiy tirgaklaridan sanalgan fraksiyaning mana shunday harakatlarini yuqori baholangani uchun ham o‘z ovozini O‘zLiDePga bergani ulkan yutuqning omillaridan yana biridir, desak yanglishmaymiz.

Yangi Saylovoldi dasturining yangicha tashviqoti

Endi 2024­2029 yillarga mo‘ljallangan yangi Saylovoldi dasturimizning elektorat vakillarining ongi va qalbiga kirib borgan g‘oyalari xususida to‘xtalsak o‘rinli bo‘ladi. Kelgusi besh yilning yo‘l xaritasi sanalgan bu dastur Shavkat Mirziyoyevning “Barchamiz birgalikda kelajakka ishonch bilan intilib, butun diqqat-e’tiborimizni oldimizda turgan vazifalarni hal etishga qaratishimiz, xalqimiz kutayotgan, davrning o‘zi talab etayotgan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishimiz lozim” – degan ulug‘vor so‘zlariga asoslanib tayyorlanganini alohida ta’kidlash joiz.

“ERKIN VA FAROVON, QUDRATLI YaNGI O’ZBYeKISTONNI BIRGALIKDA QURAMIZ!”, degan bosh shiorimiz ham ana shu da’vatga uyg‘unlik va hamohanglikda tanlandi. Saylovoldi targ‘iboti “Va’da emas, natija, ertaga emas, bugun” tamoyili doirasida o‘tkazilgani yoshu qarini  baravar qiziqtira oldi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, aksariyat saylovchilar partiyadan aynan mana shunday harakatni kutayotganini yashirib o‘tirishmadi. Mazkur dastur loyihasi yirik boshlang‘ich partiya tashkilotlari, tuman, shahar va hududiy kengashlarimizda muhokama qilinib, aniq takliflar bilan boyitilganligi muhim ahamiyat kasb etdi. Unda 5 muhim yo‘nalishdagi 500 vazifa o‘z aksini topgani saylovchilarga ma’qul kelgani natijalardan ma’lum bo‘lib turibdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga keng tatbiq etilayotgan “O’zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan barqaror iqtisodiy o‘sish orqali har bir inson oila va jamiyat farovonligiga erishish bosh maqsadimiz ekaniga, tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun yanada qulay muhit yaratish orqali ularning sonini kelgusi besh yilda 2 barobarga oshirish uchun ish olib borishimizga xalqimiz ishongani uchun bizning partiyamizga ovoz bergani ham rost. Davlat­xususiy sheriklik loyihalarini suv xo‘jaligi, ekologiya, energetika va boshqa sohalarda ko‘paytirish, davlat xaridlarining shaffofligi va xususiy sektor uchun qulayligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi, O’zbekistonni investitsiyalar uchun yanada qulay makonga aylantirishga qaratilgan huquqiy asoslar takomillashtirilishi elektorat ruhini ko‘tardi.

Tadbirkorlarimizning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishni jadallashtirish borasidagi hukumatimiz sa’y­harakatlarini qo‘llab­quvvatlayotgani partiyamizning yana bir yutug‘idir. Oziq­ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari diqqat markazida bo‘lishi, organik mahsulot yetishtirayotgan fermer xo‘jaliklari uchun soliq imtiyozlarini joriy etish taklif etilgani, har yili kamida 500 ming barqaror ish joylari, bir million oila a’zosiga daromadli mehnat uchun sharoit yaratish, monomarkazlar va nodavlat ta’lim muassasalari orqali kasb­hunarga o‘qitish ko‘lamini besh barobarga oshirish, bir million fuqaroni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘rgatish nazarda tutilgani saylov payti ovozlar sezilarli ravishda ko‘p bo‘lishiga zamin yaratdi.

Yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq O’zbekistonning “ijtimoiy davlat” sifatida e’lon qilinganligi O‘zLiDeP zimmasiga yanada katta mas’uliyat yukladi. Har bir insonning, yoshlarimizning salohiyatini oshirishga qaratilgan sifatli ta’lim, ishonchli tibbiyot va manzilli ijtimoiy himoyani ta’minlash o‘z­o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Tibbiyot sohasida 2030 yilga qadar ajratiladigan yillik mablag‘lar hajmini 2 karra oshirish, tibbiy sug‘urta tizimini to‘laqonli joriy etish, nodavlat tibbiyot muassasalari faoliyatiga ruxsat berish va litsenziyalash tartibini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratilgani ham o‘z natijasini namoyon etdi.

O‘zLiDeP yoshlar uchun maqbul ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorligini qo‘llab­quvvatlash, xususan, o‘z biznesini ijaraga olingan binoda boshlayotgan yoshlarimizga bir yillik ijara xarajatining yarmisini qoplab berish, ular uchun uy­joylar qurish va imtiyozli ipoteka tizimini kengaytirish tarafdori ekanligi elektorat safining kengayishiga xizmat qildi.

“Musaffo havo – 2030”  milliy dasturi nimani anglatadi?

Ana shu savolga ijobiy javob topgan saylovchi borki, byulletenda liberal­demokratlar qatorini izlagani va ikkilanmasdan belgi qo‘ygani haqiqat. Zukko ota­bobolarimiz kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar haqida gap ketganda, SUV VA HAVODAY ZARUR, degan iborani qo‘llashgan. Biz ham yaqin­yaqingacha doim shu ta’rifdan foydalanganmiz. Ammo globallashuv zamoniga kelib, toza suv va toza havoga bog‘liq muammolar yuzaga chiqib, bu bebaho ne’matlarning o‘zini muhofazalash uchun jiddiy harakat qilish zarur bo‘lib qoldi.

O‘zLiDeP esa shu o‘tkir masalani Saylovoldi dasturiga kiritgani elektoratni jonlantirdi. Misol uchun, O’zbekiston miqyosida atmosferaga tashlanadigan chiqindi gazlarining hajmi yiliga 2 million 449 ming tonnani tashkil etayotir. Shundan 60 foizi ko‘chalarni to‘ldirib yurgan turli­tuman avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng yomoni, ushbu ko‘rsatkich rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda belgilangan me’yorlardan 3 baravar ko‘proq. IQAir portalining 2024 yil 21 fevral kuni tarqatgan rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi o‘n marta oshgan. Ertalab soat 09:30 da mamlakatimiz poytaxtidagi kuzatuv stansiyasi 247 AQI ko‘rsatkichini qayd etgan. Bu esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining havo sifati bo‘yicha yo‘riqnomasidagi raqamlardan ancha yuqoridir.

O‘zLiDeP faollari ushbu yo‘nalishdagi muammolarni o‘rganish barobarida ifloslanish manbalariga jiddiy e’tibor qaratmoqdalar. Jumladan, sanoat korxonalari, transport vositalari, qurilish ishlari va ko‘mirdan foydalanish havo ifloslanishining asosiy manbalari hisoblanadi. O’zbekistondagi ko‘plab shaharlarda bu manbalarning ta’siri uzoq yillar davomida tobora yomonlashib bormoqda. Boisi, bizda havo sifati monitoringi uchun mavjud infratuzilmalar va texnologiyalar zamon talablaridan ortda qolgan.

Bu esa ifloslanish darajasini aniqlash va uning oldini olish choralarini ko‘rishda qi yinchiliklarni keltirib chiqaradi. Atrof­muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilik mavjud bo‘lsa­da, uning amaliyotda bajarilishida qator nuqsonlar bor. Hatto kam sonli tashabbuslarning moliyalashtirilmasligi yoki yetarli resurslar ajratilmasligi ifloslanishning davom etishiga zamin yaratyapti.

Ya’ni, ekologik madaniyat va ekologik ong pastligi muammoning yanada kuchayishiga sabab bo‘layotir. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O’zbekiston Liberal­demokratik partiyasi havo ifloslanishini kamaytirish strategiyasini ishlab chiqish zarur, deb  hisoblaydi. Bundan tashqari, toza energiya manbalarini rivojlantirish maqsadida havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ko‘mir va neft mahsulotlaridan foydalanishni qisqartirish, quyosh, shamol va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etishni rag‘batlantirish lozim.

Xullas, O’zbekistonda “Musaffo havo – 2030” milliy dasturini qabul qilish va izchillik bilan amalga oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Partiya faollariga ko‘ra, ifloslanish manbalarini kamaytirish va toza energiya manbalarini rivojlantirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash mumkin bo‘ladi. Bu ham atrof­muhitni muhofaza qilish, ham iqtisodiy rivojlanish uchun muhimdir.

Boshqacha aytganda, “Musaffo havo – 2030” milliy das turi O’zbekistonda ekologik barqarorlik va aholi salomatligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb tashabbusdir. Xalqaro tajribadan foydalanish orqali mamlakatda havo sifati bo‘yicha ilg‘or standartlar va texnologiyalarni joriy etish kechiktirib bo‘lmaydigan masala sanaladi. Buning uchun esa zararli chiqindilarni nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish, ishlab chiqarish korxonalari va avtotransport vositalarining zararli gazlari uchun chegaralarni aniq belgilash va unga qat’iy rioya etish tartibini kuchaytirish darkor.

Sanoat korxonalarida zamonaviy filtrlash va qayta ishlash texnologiyalarini joriy qilish orqali zavod va fabrikalarda chiqindilarning miqdorini qisqartirish ham ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. Elektr energiyasida harakatlanadigan avtomobillar va gibrid transport vositalarini kengaytirish hamda ulardan foydalanishni targ‘ib qilish kerak.

Ayni jarayonni jamoat transporti va velosiped yo‘llarini rivojlantirish orqali avtomobillar sonini kamaytirishga qaratilgan harakatlar bilan uyg‘unlashtirish samaradorlikni oshirishi shubhasiz. Shundagina mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarning insonlar sog‘lig‘iga zararli ta’sirini oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya holati sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora­tadbirlar o‘z natijasini berishi shubhasiz.

Ishonch uchun, imkon uchun  tashakkur

Saylov yakunlariga bag‘ishlangan sharhimiz so‘nggida elektoratga ana shunday tarzda minnatdorchilik bildirish bizning sharafli insoniy burchimizdir. Zero, kamina ham anchadan buyon shu partiya faoli sanaladi. Istiqbolli g‘oyalar tashviqotida men ham ozmi­ko‘pmi hissa qo‘shganimdan xursandman.

Demak, targ‘ibot to‘g‘ri yo‘nalishda kechgan. Demak, saylovchiga dasturlar ahamiyatini yetkazishda odil va oqil usul tanlangani rost. Endiga vazifa esa yanada og‘ir. Sportchilarga qiyosan aytganda, chempionlik maqomini saqlab qolish chempion bo‘lishdan ham murakkabroq. Modomiki, partiyaning Saylovoldi dasturidagi barcha hayotiy vazifalarni bajarish, ado etmoq juda katta mas’uliyat, bilim va malaka, kuchli salohiyatni talab qiladi.

Partiyadoshlarimizni, bizga ishonib ovoz bergan barcha saylovchilarni ushbu ulkan muvaffaqiyat bilan samimiy qutlagan holda, ularga farovon hayot yo‘lidagi umidlari so‘nmasligi, ishonchlari oqlanmog‘ini tilaymiz. Demak, biz hamisha barcha imkoniyatlarimiz, orttirgan tajribalarimizni oldinda belgilangan maqsad va rejalarni ro‘yobga chiqarishga qaratamiz. Chunki biz uchun eng muhim hayotbaxsh shior: “Va’da emas, natija, ertaga emas, bugun!”. O‘zLiDeP erkinlik, mulk daxlsizligi, huquqiy davlat, inson qadri har narsadan ulug‘ yurt tarafdori!

Ozod RAJABOV,

“XXI asr” sharhlovchisi

“XXI asr” gazetasining 2024-yil 31-oktabr 44 (1094) –sonida chop etilgan.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?