Asosiy kontentga o‘tish
Juma 21-avgust 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tadbirkorlar uchun imkoniyatlar maydoni yanada kengayadi

20.08.2026
117

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xiva shahridagi “Kongress-xoll” majmuasida  25 mingga yaqin tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda ham katta qiziqish uyg‘otdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘pdan beri hayajon bilan kutilayotgan ushbu anjumanni oddiy an’anaviy uchrashuv emas, balki davlat va biznes o‘rtasidagi ishonchli hamkorlikning yangi bosqichi boshlanishi sifatida baholash mumkin. Ta’kidlash kerakki, ushbu muloqot mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni rag‘batlantirish izchil hamda ortga qaytmas siyosatga aylanganini yana bir bor isbotladi.

Davlatimiz rahbari yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida o‘ziga xos lokomotiv vazifasini bajarayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyati vakillarini Tadbirkorlar kuni bilan samimiy qutladi va kelgusidagi ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Va bundan besh yil avval tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasi yo‘lga qo‘yilganidan buyon biznes rivojiga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga qonuniy va asosli yechimlar topilganiga urg‘u berar ekan,  ushbu sohaga oid 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilinganini alohida ta’kidladi.

– Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimiz uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilishi uchun, – dedi Prezident.

E’tiborli jihati, bugungi kunda jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgani, shuningdek, xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren kredit reytingi yanada yaxshilanayotganini e’tirof etishi barchamizni quvontiradi. Davlatimiz rahbari bu kabi ulkan natijalar, eng avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini qayd etdi.

Eslaylik, ilk muloqotdan buyon o‘tgan davr oralig‘ida tadbirkorlarning minglab tashabbuslari qonunchilik hujjatlarida, biznesni qo‘llab-quvvatlovchi yangi tuzilmalar ochilganida va boshqa ijobiy o‘zgarishlarda o‘z ifodasini topgani bu yondashuvning amaliy natijasidir.

Shu o‘rinda juda qisqa muddatda erishilgan muvaffaqiyatlarning ayrimlarini yana bir bor mamnuniyat bilan tilga olish joiz: o‘tgan besh yil ichida biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi. Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Shuningdek, korxonalarning asosiy kapitalga investisiyasi 3 karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi. Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi. Biznesini mahallada boshlab, yurtimiz bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar 550 dan, milliy brendini yaratganlar 300 dan oshdi.

Yana bir ibratli tomoni shundaki, qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirildi. Kafe va restoranlarga 100 milliard so‘m QQS “keshbek” sifatida qaytarildi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga “nol” stavka joriy qilinishi hisobiga 400 milliard so‘m fermerlar hisob raqamida qoldi.

Jahon bankining investisiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida O‘zbekiston 31-o‘rinni egalladi...

Bu raqamlarni bejiz keltirmadik.

Ushbu natijalar O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining ishbilarmonlar mamlakatimiz moddiy va ma’naviy boyliklarini yaratish hamda ko‘paytirishda ulkan rol o‘ynashi haqidagi g‘oyalari hayotiyligini tasdiqlamoqda. Partiyamiz o‘z dasturlarida ana shunday qat’iy qarashni shakllantirgan sabablarni ham bayon etgan. Ya’ni tadbirkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit mamlakatimizning barcha sohalardagi salohiyati o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yangi ish o‘rinlari ochish, aholini turli-tuman mahsulotlar bilan ta’minlash, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, qariyb barcha sohalarga yangi va zamonaviy texnologiyalar, ish uslublarini joriy qilish va boshqa talay yo‘nalishlarda xususiy sektorning ahamiyati beqiyos.

Ochiq muloqot mamlakatimizda biznesni rivojlantirishga turtki beruvchi yangi, mukammal bir institut, samarali mexanizm sifatida shakl langani ma’lum. Bu galgi  samimiy kechgan muloqotda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar asosida beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha yangi tashabbuslar e’lon qilindi.

Masalan, birinchi yo‘nalish – tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlashdan iborat. Aytish kerakki, mazkur tashabbus startaplar va rivojlanayotgan biznesning mablag‘ga ehtiyoji, garov ta’minotining yetishmasligi, ayrim byurokratik omillar hamda biznesni yuritishda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimining mukammal emasligi sababli yuzaga keldi. Bu tashabbusning amalga oshishi tufayli tadbirkorlikni kompleks qo‘llab-quvvatlaydigan yagona ekotizim yaratiladi, sun’iy intellekt va yengillashtirilgan kreditlar evaziga yangi bizneslarni yo‘lga qo‘yish osonlashadi.

Darhaqiqat, Prezidentning “Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”,  degan so‘zlari barchamizni quvontirdi.

Ikkinchi yo‘nalish sifatida hududlarda “biznes imkoniyatlari”ni oshirish belgilanmoqda. Yer va mulk olish jarayoni “tayyor paket” tizimi orqali tezlashishi aylanma mablag‘lar tejalishi va mahalliylashtirish hamda ishlab chiqarish hajmi ortishiga xizmat qiladi.

Asosiysi, qolgan uchta yo‘nalish bo‘yicha belgilab berilgan barcha vazifalar ham birinchi navbatda tadbirkorlar manfaati yo‘lida xizmat qiladi. Masalan, keyingi yillarda mamlakatimizda raqobatbardoshlikni va mehnat unumdorligini yanada oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, xususiy sektorga tashqi investisiyalarni ko‘proq jalb qilish va zamonaviy mutaxassislar tanqisligini bartaraf etish ehtiyoji vujudga keldi. Davlatimiz rahbari tomonidan “sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investisiyalar” ekotizimini yaratish vazifasi belgilanishi ana shu kamchiliklarga barham beradi.

Prezidentimizning eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga oid tashabbusi esa korxonalar faoliyatiga sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv integratsiya qilinishi hisobiga daromadlar ortishi, mahalliy kompaniyalar xalqaro kapital bozoriga chiqib milliardlab dollar jalb etish imkoniga ega bo‘lishi hamda yuz minglab yoshlar zamonaviy, yuqori daromadli kasblarni egallashiga keng ko‘lamda yo‘l ochib beradi.

Turli nazorat organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatining takroran tekshirilishi, katta moliyaviy jarimalar va lisenziyalash-ruxsat berish jarayonlaridagi ba’zi byurokratik bosimlar beshinchi – biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish tashabbusiga turtki berdi, deyish mumkin. Tez orada kichik biznes uchun 3 yillik moratoriy joriy qilinishi, “sukut – rozilik” tamoyilining kuchga kirishi, jarimalarning kamaytirilishi va boshqa yengilliklar biznes uchun xotirjam, erkin va shaffof muhitni yaratadi.

Asosiy elektorati tadbirkorlar va ishbilarmonlar, jumladan, xususiy biznes vakillari bo‘lgan O‘zLidePning fidoyi faollari va a’zolari ushbu hayotiy tashabbuslarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va bu kabi ezgu ishlarga kamarbasta bo‘laveradi.

Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ilgari surilgan tashab buslar ushbu siyosiy kuchning Saylovoldi dasturida bayon qilingan vazifalarga g‘oyat hamohangligi bilan ham alohida diqqatga sazovor. Ular kichik biznesga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, o‘rta biznesni rivojlantirishga turtki beradi, qisqasi, tadbirkorlarga yangi marralarni zabt etish uchun zamin yaratadi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?