Ta’limni isloh etmasdan turib, hech bir sohada natijaga erishib bo‘lmaydi
Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mazkur yo‘nalishda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan birga, muammolarni ham sanab o‘tdi. Bu borada aniq taklif va tavsiyalari bilan sohani rivojlantirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni ham chizib berdi
Ta’kidlanganidek, mamlakat ravnaqi, iqtisodiyot rivoji, yurtimiz va farzandlarimiz kelajagi faqat va faqat ta’lim hamda muallimlarga bog‘liq. Shu bois o‘qituvchiga munosib sharoit yaratish, bog‘cha, maktab qurish, jihozlash, chetdan mutaxassis olib kelish, zamonaviy dars lik va o‘quv dasturlarini joriy qilish bo‘yicha juda ko‘p qulayliklar yaratildi hamda bu jarayon to‘xtab qolgani yo‘q. E’tibor bering, islohotlar tufayli shu yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilarimiz 195 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu degani, endilikda ularga oshirilgan stavkada jami 10 milliard so‘m, murabbiy o‘qituvchilariga esa 3,5 milliard so‘m pul mukofoti beriladi. Qolaversa, xorijiy til egalari jalb qilingan mingdan ziyod umumta’lim maktablarida til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paydi.
Prezidentimiz maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘layotgani, biroq kasb-hunar hamda oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetmayotganini aytib o‘tdi. Hozirgi kunda mamlakatimizda 598 ta texnikum bo‘lib, ular 450 ming o‘quvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yoshlar uchun juda katta resurs, sharoit hamda imkoniyatdir. Ammo tahlillarga ko‘ra, joriy yil 9-sinfni 608 ming o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning bor-yo‘g‘i 182 ming nafari texnikumlarga bormoqda. Davlatimiz rahbari bu boradagi muammolarni hal qilish maqsadida bir yil yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishini aytib o‘tdi.
Xo‘sh, bu qanday amalga oshiriladi? O‘quvchilar kasb-hunarga qay tartibda o‘rgatiladi? Yurtboshimiz tavsiyasi asosida, avvalo, mutasaddilar zimmasiga viloyat va tuman hokimlari bilan birgalikda Prezident va ixtisoslashgan maktabda orttirilgan tajriba asosida joriy yilda 598 ta texnikumga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhiti olib kiriladi. Viloyat hamda tuman hokimlariga kelgusi o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizini, hozirgiga qo‘shimcha yana 200 ming o‘quvchini texnikumga qamrab olish vazifasi topshirildi. Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi. Bularning barchasi yoshlarni kasbga o‘rgatishga doir mavjud muammolarning yechimiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, yosh avlod vakillarini foydali mehnatga jalb qilish, vaqtini mazmunli o‘tkazishga katta turtki berishi shubhasiz.
Xabaringiz bor, joriy yildan boshlab oliy o‘quv yurtlarida qabul kvotalarini investisiya loyihalarida kadrlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Endilikda investor buyurtmasi bilan texnikumlarda ham kadrlarni maqsadli tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Ya’ni investor so‘roviga asosan texnikumdagi ta’lim dasturlarini 30 foizgacha o‘zgartirishga ruxsat berildiki, bu ham kelgusida bandlikni oshirishga katta hissa qo‘shadi. Qolaversa, texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi. Kasbiy ta’lim agentligi bilan birgalikda tarmoqlardagi korxonalar uchun kerakli kasblar kesimida standart va talablar ishlab chiqiladi. Bu esa sohada o‘sishni ta’minlash bilan birga, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatishning mutlaqo yangi bosqichiga yo‘l ochadi.
Qisqacha aytganda, ta’lim va uning taraqqiyoti uchun aslo to‘siq yo‘q. Aksincha, keng imkoniyat, imtiyoz va qulay shart-sharoitlar bor. Faqat ulardan unumli foydalanib, jamiyat ravnaqi, yoshlar kelajagi hamda ta’lim rivoji yo‘lida sidqidildan mehnat qilinsa kifoya. Biz, xalq vakillari – deputatlar va partiya faollari ham ushbu yo‘nalishlardagi faoliyatimizni yanada jadallashtirgan holda ta’lim tizimini, uning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, yoshlar bandligini ta’minlash bilan bog‘liq ishlarimizni yangicha yondashuvlar asosida tashkil qilishga e’tibor qaratamiz. Maqsadimiz shu yurt ravnaqi va yoshlarimizning yorqin kelajagiga hissa qo‘shish.
Muqaddasxon AHMEDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLIDeP fraksiyasi a’zosi