“Uzavtomotors AJ” Xorazm filialida saylovoldi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanidagi “Uzavtomotors” aksiyadorlik jamiyati Xorazm filialida saylovchilar bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida partiya saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari, xususan, 5 maqsad va 500 vazifa doirasida kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan ishlar hamda ularning aholi hayotidagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbirkorlarga yanada keng imkoniyat va sharoitlar yaratish, biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab, qonuniy ish yuritayotgan tadbirkorlar faoliyatiga aralashmaslik, shuningdek, tadbirkorlik bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turlarini kamaytirish, soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish bo‘yicha partiya o‘z zimmasiga olayotgan vazifalar haqida so‘z yuritildi. Bu takliflar ijobiy o‘zgarishlar xalqimiz hayotining yanada farovon bo‘lishi va yurtimiz taraqqiyotida o‘z natijasini ko‘rsatishi ta’kidlandi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish, Davlat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan, fermerlar faoliyatiga aralashuvini qat’iy taqiqlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rish partiyaning keyingi besh yillikdagi ustuvor vazifalaridan biridir.
O‘zLiDeP tadbirkorlar faoliyatiga har qanday noqonuniy usulda aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish, qonuniy faoliyat yuritayotgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlarni tekshirmaslikni ta’minlash tarafdori ekanligi qayd etib o‘tildi.
Uchrashuv ishtirokchilari partiyaning biznes yuritishni yanada soddalashtirish, 1000 ga yaqin byurokratik talablarni bekor qilish choralarini ko‘rish, litsenziyalar sonini ikki baravarga kamaytirish, litsenziya talablari bekor bo‘ladigan 60 ta faoliyat uchun xabardor qilish tizimini joriy etish kabi maqsadlarni ilgari surayotgan O‘zLiDePning taklif-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.
Uchrashuv yakunida saylovchilar partiya ko‘tarib chiqayotgan g‘oyalarni e’tirof etishib, saylovda O‘zLiDeP uchun ovoz berishlarini ta’kidlashdi.