Keng qamrovli hamkorlikning yangi bosqichi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux taklifiga binoan 2025 yil 20 iyun kuni Mo‘g‘ulistonga amalga oshirgan davlat tashrifi shunchaki diplomatik qadam bo‘lmadi. Bu ikki yetakchining to‘laqonli, keng qamrovli hamkorlikni shakllantirishga qat’iy intilishi, ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichdan darak berishini ko‘rsatgan siyosiy yetuklik va strategik fikrlashning yorqin namoyishi bo‘ldi.
1992 yilda o‘rnatilgan diplomatik aloqalar tarixida ilk bor davlatimiz rahbarining Ulan-Batordagi tashrifiga alohida e’tibor va samimiyat bilan tayyorgarlik ko‘rildi. Tashrif keng qamrovli hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya, shuningdek, iqtisodiyot, logistika, fan va ta’limning asosiy sohalarini qamrab oluvchi bir qator ikki tomonlama hujjatlarning imzolanishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Fikrimizcha, iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston muzokaralarining markaziy mavzusi bo‘ldi. Garchi 2024 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi hozircha unchalik katta bo‘lmasa-da, hamkorlik salohiyati yuz millionlab dollarga baholanmoqda. Muzokaralar davomida 2030 yilga borib tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish, 2027 yilga kelib esa oraliq marra – 150 million dollarga erishish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Buning uchun quyidagi mexanizmlarni ishga tushirish – Ikki davlat o‘rtasida Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolash (2026 yilda kutilmoqda), Texnik va bojxona to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma komissiya tuzish, Ulan-Batorda O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston biznes markazini tashkil etish, Toshkentda Mo‘g‘uliston savdo uyini ochish, 2026 yilda Samarqandda Birinchi hududlararo investisiya forumini o‘tkazish va boshqalar rejalashtirilgan.
Eksport imkoniyatlarining o‘zaro to‘ldirilishiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tekstil, tibbiyot preparatlari, qurilish materiallari, maishiy texnika, mineral o‘g‘itlar va mevalar yetkazib berishni kengaytirishga tayyor. Mo‘g‘uliston esa O‘zbekistonga go‘sht mahsulotlari, charm-mo‘yna xomashyosi, jun va mineral resurslar, avvalambor mis, volьfram, noyob yer elementlarini eksport qilishdan manfaatdor.
Tashrif doirasida 150 dan ortiq kompaniya va moliya institutlari vakillarini bir joyga to‘plagan qo‘shma biznes-forum o‘tkazildi. Uning yakunlari bo‘yicha jami 172 million dollarlik shartnomalar va investisiya kelishuvlari imzolandi. Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston farmasevtika zavodini qurish (loyiha qiymati 28 million dollar), O‘zbekistonda Mo‘g‘uliston terini qayta ishlash korxonasini tashkil etish (12 million dollar), Agroeksport sohasida qo‘shma logistika kompaniyasi tashkil etish (6 million dollar), Markaziy Mo‘g‘ulistonda flyuorit va mis konlarini o‘zlashtirish (42 million dollar) va boshqalar shular jumlasidan.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston Xorijiy investisiyalarni jalb etish agentligi va Mo‘g‘uliston Taraqqiyot agentligi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi Memorandumni imzoladi. U investisiya loyihalari uchun soddalashtirilgan ruxsat berish tartib-taomillariga ega "yashil yo‘lak" yaratishni nazarda tutadi.
Ulan-Batorda muhokama qilingan eng istiqbolli loyihalardan biri "Mo‘g‘uliston – Xitoy – O‘zbekiston – Janubiy Osiyo" multimodal transport koridorini rivojlantirish bo‘ldi. Uning asosida Transmo‘g‘ul temir yo‘li (Ulan-Bator – Zamin-Uud), Xitoyning "Chjenchjou – Qashqar" liniyasi va O‘zbekistonning Termiz va Mozori-Sharif orqali Pokistonning Gvadar portigacha bo‘lgan transport platformasini integratsiya qilish g‘oyasi yotadi. Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston Sharqiy Osiyo va Janubiy Yevroosiyo o‘rtasidagi muhim tranzit markaziga aylanayotgan "O‘rta koridor" xalqaro platformasida ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Ikkala davlatning iqlim o‘zgarishlariga nisbatan zaifligini hisobga olgan holda energetika sohasidagi hamkorlik strategik muloqotning asosiy mavzusiga aylandi. Mo‘g‘uliston Osiyodagi shamol va quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha eng katta salohiyatlardan biriga ega, O‘zbekiston esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) loyihalariga xalqaro investorlarni jalb qilish bo‘yicha yetakchi ishlanmalarga ega.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar asrlar qa’riga, Chingizxon Mo‘g‘ul davlati davridan to Amir Temur diplomatiyasigacha bo‘lgan davrga borib taqaladi. Bu kontekstda madaniy almashinuv shunchaki diplomatik marosim emas, balki o‘zaro hurmat va uzoq muddatli o‘ziga xoslikka qo‘shilgan hissadir.
Tashrifning muhim natijalaridan biri ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish to‘g‘risidagi Memorandumning imzolanishi bo‘ldi. Unda BMT, SHHT, YeXHT doirasidagi muvofiqlashtirish, transmilliy ekstremizm tahdidlariga birgalikda javob berish, shuningdek, barqaror rivojlanishga urg‘u bergan holda "Markaziy Osiyo + Mo‘g‘uliston" dasturida ishtirok etishga alohida urg‘u berilgan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidentining Mo‘g‘ulistonga 2025 yildagi tashrifi tarixdagi bunday darajadagi ilk rasmiy tashrif bo‘ldi. Ammo, bundan ham muhimrog‘i, u barqaror rivojlanish, teng huquqli muloqot va o‘zaro manfaatlar asosidagi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi modelini boshlab berdi. Imzolangan Keng qamrovli hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya, aslida, o‘nlab yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar xaritasidir. Bu Osiyo qit’asida nafaqat qo‘shni, balki modernizatsiya va mintaqaviy qayta tiklanish ishida hamfikr bo‘lish siyosiy irodasining ifodasidir.
Aktam XAITOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi.