O‘zbekiston — Janubiy Koreya: strategik sheriklikning muhim davri
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy siyosatida asosiy e’tibor hamkorlikni oddiy savdo munosabatlaridan yuqori texnologiya, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi va inson kapitaliga tayangan uzoq muddatli sheriklik darajasiga olib chiqishga qaratilmoqda.
Prezidentimizning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ana shu yondashuvning amaliy ifodasi bo‘ldi. Seulda o‘tkazilgan muzokaralar, qo‘shma biznes forum va birinchi “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammiti ikki mamlakat munosabatlarida nafaqat bugungi hamkorlik natijalarini sarhisob qilish, balki kelgusi o‘n yilliklar uchun yangi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash imkonini berdi.
Tashrifning ahamiyatini, avvalo, iqtisodiy hamkorlik ko‘lami keyingi yillarda tobora ortib borayotgani bilan izohlash mumkin. Zero, bugun O‘zbekistonda Janubiy Koreya sarmoyasi ishtirokida 700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Ushbu raqamlar ikki hamkor va do‘st mamlakat munosabatlari diplomatik aloqalar doirasidan chiqib, sanoat, energetika, avtomobilsozlik, tibbiyot, ta’lim, texnologiya va boshqa sohalarda real iqtisodiy sheriklikka aylanganini ko‘rsatadi.
Hamkorlikning yangi mazmuni
Seulda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon o‘rtasidagi muzokaralarda ikki tomonlama asosiy masalalari muhokama qilindi. Bu yerda e’tiborni bir jihatga qaratish muhim: yangi bosqichda gap faqat savdo hajmini oshirish yoki alohida investitsiya loyihalarini amalga oshirish haqida emas, balki asosiy maqsad — Janubiy Koreyaning ilg‘or texnologiyasi, investitsiyasi va boshqaruv tajribasini O‘zbekistonning tabiiy resurslari, ichki bozori, ishlab chiqarish imkoniyatlari va inson kapitali bilan birlashtirishdan iborat.
Tashrif doirasida qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilgani shu yondashuvning amaliy ko‘lamini ko‘rsatadi. Koreya Eksimbanki bilan Strategik hamkorlik dasturi qabul qilinishi esa loyihalarni moliyaviy jihatdan ta’minlash va ularni amalga oshirish uchun muhim asos yaratadi.
Hamkorlikning muhim jihatlaridan biri yuqori texnologiyali sohalarga e’tibor kuchayib borayotganidir. Sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik, tibbiyot, farmatsevtika, sanoat va boshqa innovatsion yo‘nalishlar kelgusi hamkorlikning yangi nuqtalari sifatida belgilanmoqda.
Bunday yondashuv O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim bir o‘zgarishni anglatadi. Ya’ni investitsiyaning o‘zi emas, balki investitsiya bilan birga texnologiya, yangi ishlab chiqarish madaniyati, mutaxassis tayyorlash va mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga jalb etish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Yangi iqtisodiy imkoniyatlar maydoni
Mazkur tashrif doirasidagi yana bir muhim voqelik 16-sentyabr kuni Seulda o‘tkazilgan birinchi “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammiti bo‘ldi. Unda O‘zbekiston bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etdi.
Sammitning o‘ziyoq mintaqaviy hamkorlik uchun yangi format shakllanayotganini anglatadi. Chunki Markaziy Osiyo davlatlarining bozorlari, resurslari, transport salohiyati va yosh aholisi Janubiy Koreyaning texnologiya, investitsiya va innovatsiya imkoniyatlari bilan uyg‘unlashganda alohida iqtisodiy samara paydo bo‘lishi mumkin.
Prezidentimiz sammitda ana shu imkoniyatdan samarali foydalanishga qaratilgan beshta strategik yo‘nalish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi. Mazkur tashabbuslar mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish va istiqbolli maqsadlarga erishishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Birinchi tashabbus — uzoq muddatli rejalashtirish. Bugun dunyo iqtisodiyotida o‘zgarishlar juda tez kechmoqda. Sun’iy intellekt mehnat bozoriga ta’sir qilmoqda, iqlim o‘zgarishi va suv resurslari bilan bog‘liq muammolar kuchaymoqda, texnologiya va inson kapitaliga talab o‘zgarmoqda.
Shunday sharoitda Prezidentimiz “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” nomli uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqishni taklif qildi. Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, hamkorlikni har bir alohida loyiha emas, balki umumiy strategik maqsadlar asosida rejalashtirish imkoni paydo bo‘ladi. Kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, ta’lim, infratuzilma va iqlim kabi masalalar esa bu strategiyaning ajralmas qismiga aylanadi.
Ikkinchi tashabbus — savdo va investitsiyani kengaytirish. Markaziy Osiyo bugun faqat xomashyo yetkazib beruvchi mintaqa emas. Mintaqa davlatlarida qayta ishlash, sanoat kooperatsiyasi va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatlari tobora kengaymoqda.
Shu bois, davlatimiz rahbari sanoat va savdo vazirlari uchrashuvlari platformasini yaratishni taklif qildi. Maqsad — mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtirish va mavjud imkoniyatlarni aniq loyihalarga aylantirish. Belgilangan muhim maqsadlardan biri — 2030-yilga borib Markaziy Osiyo davlatlari va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish. O‘zbekistonning “Markaziy Osiyo — Koreya” sanoat-texnologik parkini tashkil etishga tayyorligi ham shu jarayonning muhim qismi. Bunday park mintaqa bozori uchun innovatsion ishlab chiqarish bazasiga aylanishi mumkin.
Uchinchi tashabbus — muhim minerallarni chuqur qayta ishlash. Zamonaviy texnologiyalar rivojlangan sari muhim minerallarga talab ortib bormoqda. Markaziy Osiyo esa ularning katta zaxiralariga ega. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini shakllantirishni taklif qildi. Bu yerda asosiy maqsad xomashyoni shunchaki qazib olib eksport qilish emas. Geologiya-qidiruv, qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qamrab olgan to‘liq sanoat zanjirini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Agar bu yondashuv amaliyotga to‘liq tatbiq etilsa, mintaqada yangi sanoat klasterlari, investitsiya loyihalari va ish o‘rinlari paydo bo‘lishi uchun zamin yaratiladi.
To‘rtinchi tashabbus — “yashil” taraqqiyot. Iqlim o‘zgarishi bugun alohida bir davlatning emas, butun mintaqaning umumiy masalasiga aylanib bormoqda. Shu sababli Markaziy Osiyo va Janubiy Koreyaning imkoniyatlarini birlashtirish asosida iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha yangi formatni ishga tushirish taklif qilindi. Bu yo‘nalish energetika samaradorligi, ekologik texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha yangi loyihalar uchun imkoniyat ochishi mumkin.
Beshinchi tashabbus — yoshlar va inson kapitali. Sammitdagi eng muhim yo‘nalishlardan yana biri inson kapitaliga qaratilgani bejiz emas. Chunki Markaziy Osiyo aholisining yarmidan ko‘pi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat. Bu — katta imkoniyat. Ammo bu imkoniyatni iqtisodiy natijaga aylantirish uchun yoshlarga zamonaviy bilim va kasblar berish, ularni texnologiya sohalariga jalb etish va mehnat bozori talabiga mos tayyorlash zarur.
Shu maqsadda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni “buyurtma — o‘qitish — bandlik” tamoyili asosida tashkil etish taklif qilindi. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarini birgalikda ishlab chiqish va joriy etishda yoshlarning salohiyatidan foydalanish kelgusi yillarda muhim yo‘nalishga aylanishi mumkin.
Sammit yakunida qabul qilingan Seul deklaratsiyasi esa Markaziy Osiyo va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi, kengroq formatda rivojlantirish uchun umumiy asos vazifasini bajaradi. Shu ma’noda, Koreya Respublikasiga davlat tashrifi va Seul sammiti O‘zbekiston uchun yangi investitsiyalar jalb etishdan tashqari iqtisodiyotni texnologik jihatdan yangilash, mintaqaviy sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Kelgusi bosqichda asosiy vazifa erishilgan kelishuvlarni aniq loyihalar, yangi ishlab chiqarishlar, zamonaviy texnologiyalar, malakali kadrlar va aholi farovonligiga xizmat qiladigan amaliy natijalarga aylantirishdir.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari