Ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘taradigan tashabbuslar ilgari surildi
Prezidentimiz raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda men ham qatnashdim.
Yig‘ilishda sohadagi har bir yo‘nalish atroflicha tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi. Ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘taradigan tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga e’tibor qaratilib, Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti va uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etildi. Nizomiy nomidagi oliygoh Milliy pedagogika universitetiga aylantirildi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbari endi ushbu imkoniyatlar asosida barcha pedagogika oliygohlari faoliyatini tubdan o‘zgartirishi, hozirgi fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinishini ta’kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari fanlar soni maqbullashtirilib, 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi, o‘quv yuklamasi 20 foizga qisqaradi. Yaqin hududdagi maktablar uning amaliyot bazasiga aylantiriladi. Institutning xorijiy til sertifikati bor 20 nafar o‘qituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Kelgusi uch yilda barcha professor-o‘qituvchilar chet elda o‘qitiladi. “Top-100” talik universitetlarda malaka oshirish va ta’lim xizmatlarini olish to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida bo‘ladi.
Yig‘ilishda xususiy ta’limga ham alohida e’tibor qaratilib, oliygohlardagi pedagogik yo‘nalishlar davlat institutlari bilan bir xil bo‘lishi, ulardagi pedagoglar va talabalar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazilishi, bu orqali nodavlat oliygohlarda pedagog tayyorlash sifati nazoratga olinishi borasida vazifalar belgilandi.
Partiyamiz saylovoldi dasturida ham maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirishni kafolatlash, davlat-xususiy sheriklik va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, biotexnologiya, sun’iy intellekt va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlarda iste’dodli yoshlarni eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan o‘qishga yuborish kabi ustuvor maqsadlar ko‘zda tutilgan. Shu boisdan davlatimiz rahbarining ta’lim sifatini oshirish borasidagi barcha tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O'zLiDeP fraksiyasi rahbari