Sammitda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi
19.09.2022, 11:06
2022 yil 16 sentabr kuni Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik majmuasi Kongress markazida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘ldi.
O’zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, energetika, transport va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zi qamragan mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash Tashkilotning asosiy maqsad va vazifalari hisoblanadi.
Samarqand sammiti kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari ShHT doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqada yuzaga kelayotgan siyosiy va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Shuni alohida qayd etish lozimki, Sammit doirasida keng salmoqli hujjatlar to‘plami – 40 dan ziyod bitim va qarorlar taqdim etildi. Ularda ShHT davlatlarining o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, savdo kabi eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga doir umumiy yondashuvlari aks etgan.
Shuningdek, Davlatimiz rahbari ShHTning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini, ochiqlik va keng hamkorlikka qaratilgan ruhini saqlash, murosa, teng huquqlilik va o‘zaro hurmat prinsiplariga amal qilish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Shularni hisobga olib hamda ShHT doirasidagi ko‘p qirrali sheriklikning samarali tajribasiga tayanib, davlatimiz rahbari yaqin yillarda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalarni hal etishga doir aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, ShHT faoliyatini bugungi voqelikka moslashtirish, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalarida hamkorlik qilish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, ekologiya masalalari, madaniy-gumanitar aloqalarga to‘xtalib o‘tildi. Xavfsizlik muammolari va Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz ShHT kelajagi va mamlakatlarimiz rivoji ko‘p jihatdan bahamjihat va samarali ishlashga bog‘liq ekanini ta’kidladi. “Biz birgalikda mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida tashkilotni yangi marralarga olib chiqishga qodirmiz”, – deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.
A’zo davlatlar yetakchilari o‘z chiqishlarida ShHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik muammolariga to‘xtalib o‘tdilar. Samarqand sammiti alohida, tarixiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Jamila Sayfiddinova,
O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisining
ayollar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari.
O'xshash yangiliklar
-
Saylovoldi dasturi ijrosi: parlament nazorati va fraksiyalararo raqobat
13.04.2024, 21:48
-
Jizzaxda tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi
09.04.2024, 20:28
-
Jizzaxda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar Yangi O’zbekistonni qamrab olgan bunyodkorlik jarayoniga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda
09.04.2024, 20:26
-
O’zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
09.04.2024, 17:27
-
Yerdan samarali foydalanish - yoshlar bandligi va daromadini oshirishning muhim omilidir
09.04.2024, 17:19
Fikringizni qoldiring