Arnasoyda amalga oshiralayotgan “Oqqo‘rg‘on tajribasi”da partiya faollari ham munosib hissa qo‘shmoqdalar

02.02.2023, 15:38

Arnasoyda amalga oshiralayotgan “Oqqo‘rg‘on tajribasi”da partiya faollari ham munosib hissa qo‘shmoqdalar

Arnasoy tumanida aholi bilan muloqotning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunda “Oqqo‘rg‘on tajribasi”dan foydalanishga kelishilgani bejiz emas. Natijada fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirila boshlandi.

Xo‘sh, nima uchun mazkur tajriba aynan Arnasoyda joriy etilyapti, axir boshqa hududlarda ham yechilmagan masalalar yetarli-ku, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirishga yangicha yondashilishini alohida ta’kidlagan edi.

Joriy yil boshidan mamlakatimizdagi tuman (shahar)lar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratildi. Endilikda tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar shu toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi. Mana shu mezon asosida respublikamizdagi  208 ta tuman va shahar beshta toifaga bo‘lindi. Arnasoy mamlakatimizdagi tabiiy va iqtisodiy sharoiti og‘ir bo‘lgin 20 ta tuman ro‘yxatidan o‘rin oldi  va beshinchi toifaga kiritildi.

Ayni paytda mutasaddi vazirlik va idoralar, viloyat va tumandagi tashkilot, korxona va muassasalarning rahbarlari biriktirilgan ishchi guruh “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida Arnasoy tumanida  aholini o‘ylantirib kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni mahallalar kesimida “xonadonbay” o‘rganishni nihoyasiga yetkazdi. Tuman darajasida 43 ta, viloyat darajasida 28 ta va respublika darajasida 99 ta hal etiladigan muammo va kamchiliklar aniqlanib, ularni  45 kun ichida bartaraf etish yuzasidan amaliy ishlar olib borilayotir.

– “Oqqo‘rg‘on tajribasi”ning dastlabki samaralari hozirdanoq ko‘rindi, – deydi mahalliy kengashga O‘zLiDePdan saylangan deputatlarimizdan biri   Gulmira Zoitova. – Eng muhimi, odamlarda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarayotganiga ishonch paydo bo‘ldi. Aholining qo‘llab-quvvatlashi esa ko‘zlangan marralarga yetishda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ishchi guruh mavjud muammolarni imkon qadar tezroq yechishga intilayotgani ishonchni yanada mustahkamlamoqda. Misol uchun, ayrim hududlarda elektr transformatorlari, tarmoqqa ulangan simlar eskirib, o‘z muddatini o‘tab bo‘lgani sababli uzilishlar ro‘y berib, “svet” o‘chib qolayotgandi. O’rganishlar davomida 3 ta transformator yangilanib, 10 tasi ta’mirlandi. 58 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, yuqori kuchlanishli simlar almashtirildi. Cho‘lquvar mahallasida 3,4 kilometrli ichimlik suvi tarmog‘ini tortishga kirishildi. Vodiy mahallasida joylashgan markaziy suv inshootidagi 2 ta nasos kapital ta’mirlanib, qayta ishga tushirildi.

Bu kabi ijobiy ishlar deyarli barcha sohalarda amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogironligi bor insonlardan xabar olinyapti. Masalan, Mirzo Bobur, G’afur G’ulom, G’oliblar va Oltin vodiy mahallalaridagi 2 ming 610 ta xonadonning barchasiga uyma-uy kirib chiqildi. Uning natijalariga ko‘ra, 24 ta turarjoyga gaz balloni yetkazib berildi.

Shuningdek, 3 nafar fuqaroga kredit ajratildi, 10 nafarga yaqini ishga joylashtirildi, 23 kishiga esa ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Gulbahor mahallasida yashovchi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan X.Maxatovaga uy-joyini ta’mirlash uchun zarur qurilish materiallari to‘laligicha yetkazib berildi.

– Besh yil muqaddam “Obod mahalla” dasturi boshlanganda barchamiz manasliklarga havas qilgan edik, – deydi mehnat faxriysi Isoq aka Avvalboyev. – Bugun birgina mahalla emas, butun Arnasoy tumani obod manzilga aylanayotganidan  quvonmay bo‘ladimi axir!

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, har bir sohada tuman, viloyat va respublika miqyosida mas’ul vakillarning birgalikda ish olib borishi, yaqin hamkorligi muammolarga tezkorlik bilan yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.

Bahrom MIRZAQOBILOV,

O’zLiDeP Jizzax viloyati Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    379
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+