Faqat ilmu mehnat bilan yengish mumkin

17.02.2023, 10:32

Faqat ilmu mehnat bilan yengish mumkin

Jamiyatning yozilgan va yozilmagan qoidalari bor. Ularning ikkalasiga amal qilish faqat naf keltiradi. Har qalay shu paytgacha kimgadir ziyon-zahmat yetib, bundan birov azob chekkanini eslay olmayman. Boisi, qonunga itoatkorlikda hikmat ko‘p. Puxta rejalar asosida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi natijadorlikning dastlabki kaliti ekani bugun ko‘pchilikka ayon. Muhimi, ayni haqiqat zamon va makon ham, soha va tarmoq ham tanlamaydi.

Ijtimoiy-iqtisodiy hayot va uning turli sohalarini daraxt hamda uning shoxlariga mengzash mumkin. Tarmoqlarni esa birlashib daryoga aylanadigan irmoqlarga qiyoslagim keladi. Qizig‘i shundaki, tinib turolmaydigan jilg‘alar katta o‘zanlarga tutashib tashigan obihayot tufayli nihollar ulkan daraxtga aylanadi. Odamlar uning soyasiyu mevasidan bahramand bo‘ladi.

Endi o‘ylab ko‘ring: siyosiy kuchlarning hududiy bo‘linmalari daryo irmog‘imi yoki daraxt shoxi? Fuqarolik jamiyatida partiyalarning tutgan o‘rni, islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlashdagi ta’siri nuqtai nazaridan yuqoridagi o‘xshatmalarni o‘zaro uyg‘unlashtirish talab etiladi, nazarimda. Chunki siyosiy partiyalar nainki qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarni shakllantirishda bevosita qatnashadi, balki ular faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ham noyob tuzilma hisoblanadi.

O‘zLiDeP Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan yakuniga yetgan yildagi ishlar sarhisobi va galdagi yil uchun dolzarb vazifalarni belgilab olishda biz yuqoridagi qat’iy tamoyillarga tayanamiz. Partiyaning ustuvor maqsadlariga erishishda qo‘l keladigan innovatsion yondashuv va yoshlarning zamonaviy qarashlariga ko‘proq vaqt ajratamiz. Navqiron avlodga har qanday qiyinchilik, muammolarni faqat ilm va zahmatli mehnat bilan yengib o‘tish mumkinligini jonli misollar orqali tushuntiramiz.

Viloyat partiya kengashining bu safargi yig‘ilishida, avvalo, davlatimiz rahbarining 2023 yil 2 fevral kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalar va ularni bajarishda partiyamiz ishtirokiga oid masalalar atroflicha tahlil qilindi. Kun tartibining keyingi pog‘onalaridan o‘rin olgan Prezidentimizning Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga Murojaatnomasi, shuningdek, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O’zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”ni joriy yilda amalga oshiriladigan yumushlar aynan tashrif paytida berilgan topshiriqlar bilan uyg‘un holatda ko‘rib chiqilgani ayni muddao bo‘ldi.

O‘zLiDeP tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy va hududiy tuzilmalari e’tiborga olingan holda Farg‘ona viloyatining 19 ta tuman (shahar)larining partiyaviy ishlari alohida belgilab olindi. Rejaga kiritilgan vazifalarni o‘z ichiga olgan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturi loyihasining ustuvor yo‘nalishlari muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga yetishda belgilab berilgan vazifalarning hududlardagi ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini o‘rnatish, xususan, ta’lim sifatini yaxshilash, xususiy maktablar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilishga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat va yoshlar sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish, tadbirkorlar muammolarini aniqlash va hal etishning dolzarb jihatlari muhokama markazida bo‘ldi.

“Raqamli O’zbekiston – 2030” strategiyasining qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash kabi bir qator aniq manzilli ishlar samaradorligiga erishish masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi.

Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida faoliyat yuritayotgan yirik korxonalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni targ‘ib etish bo‘yicha deputatlik nazoratini muntazam o‘tkazib borish bugungi kun talabidir. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida Quva tumanida 2023 yilda dehqon xo‘jaliklari tashkil qilishda ajratilishi ko‘zda tutilgan 100 ming gektar yer maydonlarining “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror  talablari asosida amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazorati olib borish, Oltiariq tumanida tijorat banklari tomonidan klasterlar va fermerlarga paxta yetishtirishga o‘g‘it, urug‘, yoqilg‘i uchun imtiyozli kreditlarning o‘z vaqtida ajratilishi yuzasidan deputatlik nazorati o‘rnatish, mansabdor shaxslarning hisobotlarini ko‘rib chiqish, Uchko‘prik tumanida to‘qimachilikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishida ishtirok etish, Marg‘ilon shahri va So‘x, Yozyovon tumanlarida imtiyozli kreditlarning berilishini nazoratga olish, Toshloq tumanida kasb-hunarga o‘qitilgan ayollarga mehnat qurollari uchun ajratilayotgan subsidiyalarni deputatlar tomonidan o‘rganish, Rishton tumanida ayollarni tomorqachilikka yo‘naltirish, Dang‘ara va Bag‘dod tumanida “Yoshlar daftari”da turuvchilar bilan mahallalar kesimida ishsizlarni biriktirish choralari bo‘yicha partiyaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtboshimizning Farg‘onaga tashrifi davomida bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, bir qator ustuvor vazifalarni belgilab oldik. Ya’ni, mulkdorlar sinfini yanada kengaytirish orqali aholini ish bilan ta’minlash jarayonining uzluksiz va mustahkam zanjirga aylanishiga erishish asosiy maqsadimizdir.

Rahmatillo KAMOLOV,

O‘zLiDeP Farg‘ona viloyat kengashi raisi

  • Ko'rildi
    158
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+