Saylovchilar – xolis hakamlar

17.02.2023, 10:40

Saylovchilar – xolis hakamlar

Bugun parlament va mahalliy kengashlar yangicha sharoit va uslubda ish olib borayotir. Bu jarayonni Xalq deputatlari Xorazm viloyati misolida ham yaqqol kuzatish mumkin. Ya’ni, deputatlar islohotlar mohiyati va davr talablarini to‘g‘ri tushunib, har bir sessiyada turli taklif hamda tanqidiy fikrlari bilan faol qatnashishmoqda. Ayni imkoniyatdan oqilona foydalanilishi ijroiya hokimiyati ustidan nazorat o‘rnatish va odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Viloyatda O‘zLiDeP a’zolari hozir jami 102 880 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yil yakuniga nisbatan ikki barobarga ko‘pdir. Boshqacha aytganda, oxirgi yillarda maslakdoshlarimiz 52 138 nafarga oshdi. Tarafdorlar soni oshib borayotgani esa o‘z navbatida xalqning ishonchi oqlanayotgani, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar muvaffaqiyat qozonayotganining isbotidir.

Partiyamiz jamiyatda yetakchi kuchga aylangan mulkdorlar sinfining huquq va manfaatlarini himoya qilishda o‘ziga xos tajriba to‘pladi. Mahalliy kengashlardagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari tomonidan mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitish instituti esa tobora takomillashib bormoqda. Natijada joylardagi muammolarga asta-sekin oqilona yechim topishda partiyaning ishtiroki kengaydi.

O‘zLiDeP Xorazm  viloyati kengashida shakllantirilgan ishchi guruhlar tomonidan 2022 yil davomida 128 ta deputatlik guruhi eshituvi o‘tkazilib, 471 ta deputatlik so‘rovi chiqarildi. Shuningdek, 96 ta davra suhbati, 204 ta amaliy tadbir,  15 ta muloqot forumi tashkil etildi. Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturidagi belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zLiDeP Xorazm viloyat kengashi tomonidan yil davomida 112 tadbir o‘tkazilishi belgilangan bo‘lsa, amalda bu raqam 443 taga yetdi.

So‘zimiz isboti uchun ayrim faol deputatlarimiz faoliyatidan aniq misollar keltirish joiz. Masalan, Xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashi deputati Madrahimboy Madrimov saylovchilarning muammolarini hal qilish, o‘z yechimini kutayotgan masalalarni bartaraf qilishda fidoyilik ko‘rsatayotgan vakillarimizdan hisoblanadi. U elektoratga bergan va’dalarini bajarar ekan, mahallalar ichidagi yo‘llarni ta’mirlashga, aholiga qulaylik yaratishga jiddiy e’tibor qaratdi.

Deputat tashabbusi bilan Yangi hayot mahallasining 5-torko‘chasi asfaltlanib, 6-torko‘chaga tosh yotqizildi. “Yo‘li sozning – ishi soz” degan naql bejiz aytilmagan. Yo‘llarimiz tekis va ravon bo‘lsa manzilga tez yetib borish imkoni kengayishi barobarida yo‘l-transport hodisalarning oldi olinadi. Lekin barcha masalalarni yo‘l ravonligi bilan hal bo‘lib qolmaydi. Mashinalar harakatini tartibga soluvchi svetofor bo‘lmasa, ko‘ngilsizliklar soni ortaveradi. Urganch shahridagi Najmiddin Kubro ko‘chasining Jayxun ko‘chasi bilan tutashgan qismida chiroq yo‘qligi sababli ko‘plab yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lgan. Shuning uchun ham saylovchilar murojaatiga asosan deputat mazkur muammoni bartaraf etish chorasini topdi. Mazkur ko‘chalar kesishmasiga zamonaviy svetofor o‘rnatildi.

Xalq deputatlari Gurlan tuman kengashi deputati Umidbek Bazarbayev tashabbusi bilan tumandagi Moyli mahallasining Oltinboshoq, Jo‘shqin, Mevazor, Jahongir ko‘chalariga tosh yotqizildi. Mazkur mahalla gaz ta’minotidan uzilgan hududlardan edi. Shuni inobatga olgan holda, joriy yil yanvar oyida kuzatilgan anomal sovuqda deputatimiz saylovchilari uchun qulaylik yaratish maqsadida mahalla aholisiga arzonlashtirilgan ko‘mir yetkazib berish jarayonida faol qatnashdi. Natijada har bir xonadonga qo‘shimcha bir tonna miqdorida ko‘mir ajratildi.

Yil davomida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga shu deputatimiz o‘z hisobidan ham ko‘maklashdi. Jumladan, 9 ta oilaga inkubator uskunasi, 15 ta tikuv mashinasi olib berdi. Xullas, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun yil davomida deputatimiz hisobidan 64  million so‘mlik xayriya ishlari amalga oshirildi.

Yana bir viloyat kengashimiz deputati, tinib-tinchimas Muborak Jumaniyozova  o‘z saylov okrugi hududiga kiruvchi yo‘llarning ta’mirtalabligi bois bir necha bor tegishli tashkilotlarga so‘rovlar yo‘llagandi. Ayni shu sa’y-harakatlar sabab Urganch yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasi tomonidan Ma’rifat mahallasi hududini kesib o‘tuvchi Amir Temur ko‘chasining 830 metr qismiga asfalt yotqizildi.

2-Xonqa saylov okrugidan tuman kengash deputati etib saylangan Shohrux Qalandarov ham ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan insonlardan biri. U o‘z okrugidagi Ahillik, Jannatmakon va Fidoyilar mahallalarida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan, ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan shaxslarning 55 nafariga 11 million so‘mlik oziqovqat yetkazib berdi. 10 million so‘m pulni ehtiyojmand insonlarning og‘rini yengil qilishga sarfladi.

Qilingan ishlarni sarhisob qilar ekanmiz, partiya quyi bo‘g‘inlarining tizimli ishlari, deputatlarning intilishlari zamirida xalqni rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash, davlatimiz rahbari olib borayotgan odilona siyosatning joylardagi ijrosini ta’minlash kabi muhim masalalarda  O‘zLiDePning o‘z o‘rni borligiga ishonch hosil qilasiz. O’tgan davr mobaynida mahalliy kengashlardagi deputatlarimiz tomonidan sessiyalarga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini bartaraf etishga oid 141 ta masala kiritilgani ham bejiz emas.

Urganch shahrida joylashgan markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika 147 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Shifo maskaniga har kuni 800 dan ortiq inson mutaxassislar ko‘rigiga keladi. Ancha yillar ilgari qurilgan binoda lift eskirgani tufayli qariya va yosh bolali bemorlar yuqori qavatlarda joylashgan shifokorlarga ko‘rinishda qiyinchilikka duch kelishayotgan edi. Xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashi deputatlarining sa’y-harakatlari bilan ushbu masala viloyat kengashining 41-ssesiyasiga kiritildi. Natijada 431,3 mln so‘m mablag‘ ajratilib, zamonaviy va qulay lift o‘rnatildi.

Xorazm viloyatida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo Kengash faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ul tashkilotlar rahbarlarining axboroti tinglangani tufayli tegishli qarorlar qabul qilindi. Modomiki, asosiy maqsadi aholi faravonligi, yurt obodligi bo‘lgan deputatlarimiz bugun joylarda mavjud muammolarni bartaraf etishga, elektoratning ishonchini oqlashga, xalqimizni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga intilayotgani xususida yana uzoq gapirish mumkin.

Ana shunday intilishlar samarasi “Deputatlar va tadbirkorlar muloqot forumi” singari partiyaviy loyihalarning joylardagi natijadorligida ham ko‘zga yorqin tashlanmoqda. Bugungi kunda bu loyiha  Xorazm viloyatida ishbilarmonlarning muammolarini ijobiy hal qilishda muhim rol o‘ynayotir. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan qator masalalar ana shu loyiha doirasida ochiq muhokama etilishi naf keltirmoqda. Zero, muammolarni shunchaki o‘rganish emas, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflarni tayyorlash liberal-demokratlarga xos yondashuvdir. O‘zLiDePdan saylangan deputatlarning aniq pozitsiyasini shakllantirishda mana shunday o‘ziga xoslik muhim ahamiyat kasb etyapti. Xorazm viloyatida partiyaviy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ham buning tasdig‘i, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Islom FAYZULLAYEV,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    214
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+