Oilaviy poliklinika binosi qachon zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanadi?

27.02.2023, 12:00

Oilaviy poliklinika binosi qachon zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanadi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Faxriddin Samadov Surxondaryo viloyatidagi uchrashuvlarini Jarqo‘rg‘on tumanidan boshladi.

Dastlab tumandagi “Qoraqursoq” va “Xalqabod” mahallalarida yangi qurib bitkazilgan binolar ko‘zdan kechirildi.

Ushbu mahalladagi yangi oilaviy poliklinika binosining qurilish ishlari 2022 yil dekabr oyida tugallangan. Lekin tibbiyot muassasasini ishga tushirish, zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlash ishlari hozirga qadar yakuniga yetmagan. Xalq vakili bu masalani o‘z nazoratiga olib, ijobiy hal etish choralarini ko‘rishini bildirdi.

Shuningdek, qurilishi bundan 9 oy avval boshlangan 330 o‘rinli maktab binosini belgilangan muddatda qurilish montaj ishlarini sifatli tugatish bo‘yicha quruvchi va muttasaddi idora rahbarlari bilan suhbatlashildi.

Deputatning keyingi manzil “Xalqabod” mahallasi bo‘ldi. Hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini binosi va oilaviy shifokorlik punktlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.

Ikkala bino ham ta’mirtalab ahvolda ekanligi, ichimlik suvi va tibbiy jihozlar yo‘qligi, laboratoriya tashxislarini aniqlashda zarur bo‘ladigan reaktiv moddalar eski tibbiy jihozlarga to‘g‘ri kelmayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tahlillar uchun 20-25 km uzoqlikdagi tuman markaziga borib kelish noqulaylik tug‘dirayotgani bo‘yicha fuqarolar murojaat ham qilishdi. Ushbu muammoni bartaraf etish, ayniqsa, mahalla hududiga ichimlik suvi olib kelinishi, oqova suv tizimlari obyektlarini qurish, ayrimlarini rekonstruksiya qilish hamda mahallaga kirish yo‘llarini ta’mirlash bilan bog‘liq ishlar 2023 yil hisobida amalga oshirilishi ko‘zlangan.

Ammo ularga budjetdan ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘larda muammolar bor. Deputat mazkur masalani o‘z nazoratiga olib, yechimi yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborishini bildirdi.

Deputat F.Samadov shuningdek, “Xalqabod” mahallasida 4 yildan beri xasta bo‘lib yotgan Asqar Xojjatov holidan xabar oldi. Bemorning kasallik tashxisini aniqlash va davolanishi uchun “Order” olishda ko‘mak beriladigan bo‘ldi.

  • Ko'rildi
    218
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+