“Yashil iqtisodiyot”: islohotlarning ustuvor yo‘nalishi

08.06.2023, 18:23

“Yashil iqtisodiyot”: islohotlarning ustuvor yo‘nalishi

Yangi talablar mutasaddilarning tabiat va atrof-muhitga bo‘lgan yondashuvi keskin o‘zgarishiga turtki bo‘ladi

Qadimdan ota-bobolarimiz tabiat bilan uyg‘unlikda yashashga intilishgan. So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarda ham atrof-muhitni muhofazalash, tabiiy zaxiralardan unumli va tejamkor foydalanish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish masalalariga ustuvor vazifalardan biri sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi XI s’ezdida O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturida ham yaqin kelajakda faoliyatimizda hal qiluvchi o‘rin tutuvchi beshta strategik maqsadning uchinchisi aynan ana shu dolzarb masalaga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qayd etilganidek, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, sanoatda “yashil sertifikat”lar bozorini yaratish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada kengaytirish, avtobuslarni to‘liq ekologik toza elektr yoki gaz yonilg‘isiga o‘tkazish kabi muhim jarayonlar bilan birgalikda O’zbekistonda 2030 yilga qadar ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar o‘rnatiladi. Dalalarga suv yetkazadigan ob’ektlar fermer va klasterlar boshqaruviga beriladi. Suv yetkazish tizimiga Turkiya, Ispaniya, Xitoy kabi davlatlar tajribasi keng joriy qilinadi. Tejamkor texnologiyani joriy qilgan fermer va dehqonlar yanada rag‘batlantiriladi.

Diqqatga sazovor yana bir xayrli tashabbus shuki, barcha davlat idoralari, korxonalar, oliy o‘quv yurtlari o‘zlarining “yashil bog‘lari”ni tashkil qiladi. Endi yangi uy-joy qurishda pudratchilarga “yashil hudud” va avtoturargoh barpo etish majburiy talab qilib qo‘yiladi. Qishloq va shaharlar qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olinib, ularni qayta ishlash ko‘rsatkichi 65 foizga yetkaziladi.

Hududlarga tayinlanadigan yangi hokimlar, o‘sha hududda ekologik audit o‘tkazishi, natijalari bilan keng jamoatchilikni baxobar qilib borishi esa mutasaddilarning tabiat va atrof-muhitga bo‘lgan yondashuvini keskin o‘zgartirishga turtki beradi. Chunki hudud aholisi suv va havo tozaligi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi bo‘yicha aniq masalalalarni bevosita hokim oldiga qo‘yishiga imkon yaratiladi.

Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan bu vazifalar yangilangan Konstitutsiyamizda ham mustahkamlab qo‘yildi.

Endilikda davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shu bilan birga, hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi mas’uliyati belgilandi.

Shaharlarning bosh rejalari jamoatchilik muhokamasidan majburiy tarzda o‘tkazilishi shartligi haqidagi konstitutsiyaviy qoida hozirgi sharoitda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan shaharsozlikka oid masalalarni xalqimiz bilan bamaslahat yechishga yo‘l ochadi.

Bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan bunyodkorlik jarayonini, tabiat va atrof-muhitni asrash borasidagi sa’y-harakatlar bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratadi hamda farzandlarimiz kelajagiga, Vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha yurtdosh larimizga alohida mas’uliyat yuklaydi.

Erkin XOLMATOV,

O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi raisi,

 Xalq deputatlari viloyat k yengashi deputati

  • Ko'rildi
    237
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+